Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:34

Gruziya politsiyasi Saakashvili asos solgan partiya rahbarini hibsga oldi


Gruziya politsiyasi "Birlashgan milliy harakat" partiyasi yetakchisi Nika Meliyani qamoqqa oldi. 2021, 23 - fevral
Gruziya politsiyasi "Birlashgan milliy harakat" partiyasi yetakchisi Nika Meliyani qamoqqa oldi. 2021, 23 - fevral

Gruziya politsiyasi 23 - fevral kuni muxolif partiya – Birlashgan milliy harakat (BMH) ofisiga bostirib kirdi va uning yetakchisi Nika Meliyani qamoqqa oldi.

Bir necha kun avval muxolifat rahbarini hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qilingani sababli Gruziya bosh vaziri Georgiy Gaxariya iste’fo bergan edi.

BMH raisi Nika Meliya 2019 - yildagi aksilhukumat namoyishlar payti ommaviy zo‘ravonliklarni uyushtirishda ayblanmoqda. Uning o‘zi bu ayblov ortida siyosiy sabablar turganini ta’kidlamoqda.

O‘tgan hafta Tbilisi shahri sudi garov pulini to‘lamadi degan iddao bilan Meliyani hibsga olish haqida qaror chiqargan edi.

Muxolifat yetakchisining partiya qarorgohidan olib chiqib ketilayotgani jonli efirda ko‘rsatilgan. “Mtavari” telekanaliga ko‘ra, maxsus politsiya kuchlari 17 - fevraldan beri BMH qarorgohida tunayotgan Meliya tarafdorlari hamda mamlakatning boshqa muxolif partiyalari yetakchilariga qarshi yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Operatsiya payti yana o‘nlab faollar hibsga olingan.

“Qarorgohdan uzatilgan lavhalar meni larzaga soldi. Zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka o‘rin yo‘q. Tomonlarni sog‘lom aql bilan harakat qilishga chaqiraman”, – deb yozdi Buyuk Britaniyaning Gruziyadagi elchisi Mark Kleyton o‘z Twitter sahifasida.

Hibsga olish operatsiyasi Gruziya parlamenti Georgiy Gaxariya o‘rniga Irakliy Garibashvili boshchiligidagi yangi hukumatni saylaganidan bir kun o‘tib amalga oshirildi. Gaxariya Meliyaga qarshi sud qarori yuzasidan hukmron koalitsiya bilan kelisha olmaganini o‘z iste’fosiga sabab o‘laroq ko‘rsatgan. Sobiq bosh vazir muxolifat yetakchisini qamoqqa olish qarorini qo‘llab-quvvatlamagan. Uning fikricha, bu siyosiy inqirozga olib keladi.

Yangi bosh vazir Irakliy Garibashvili va hukumat a’zolari 150 deputatdan iborat parlamentning 89 a’zosi tomonidan saylandi. BMH va boshqa partiyalardan saylangan deputatlar hukumatni shakllantirish jarayoniga boykot e’lon qildi.

O‘tgan yil oktabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovidan buyon Gruziya siyosiy sahnasida beqarorlik hukm surmoqda. Iqtidordagi “Gruziya orzusi” partiyasi ovoz berish yakunida g‘olib chiqqanini e’lon qildi. Lekin mustaqil kuzatuvchilar saylov jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblaydi.

Muxolif partiya rahbarining qo‘lga olinishi mamlakatdagi o‘zi shundoq ham beqaror siyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Qayd etish joizki, Birlashgan milliy harakatga 2004-2013 - yillarda Gruziyaga rahbarlik qilgan Mixail Saakashvili tomonidan asos solingan.

XS
SM
MD
LG