Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2025, Тошкент вақти: 04:24

Gruziya prezidenti yangi parlamentning ilk majlisini boykot qildi


Gruziya yangi parlamentining ilk yig‘ilishi, Tbilisi, 2024-yil 25-noyabri
Gruziya yangi parlamentining ilk yig‘ilishi, Tbilisi, 2024-yil 25-noyabri

Tbilisida 25-noyabr kuni bundan bir oy muqaddam saylangan parlamentning ilk majlisi bo‘lib o‘tgan. Mazkur sessiyaga mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili kelmagan. U qonun chiqaruvchi organning hozirgi tarkibini “konstitutsiyaga zid” va “nolegitim” deb hisoblaydi, chunki, Zurabishvili” fikricha, 26-oktyabr kuni o‘tkazilgan ovoz berish natijalari “yoppasiga soxtalashtirilgan”.

Muxolifat koalitsiyalari liderlari ham parlament majlisini boykot qilishgan va prezident Zurabishvili boshchiligida “muqobil parlament” shakllantirish lozimligini aytishmoqda.

Shunga qaramay, rasmiy ma’lumotlarga muvofiq, saylovchilarning 54 foizi ovozini olgan “Gruziya orzusi” hukmron partiyasidan bo‘lgan 89 nafar deputat parlamentga saylangan 150 deputatning vakolatlarini ovoz berish yo‘li bilan tan olishgan va Shalva Papuashvilini spikerlikka qayta saylashgan.

Mandat olganlar orasida “Gruziya uchun”, “O‘zgarishlar uchun”, “Kuchli Gruziya” va “Birdamlik” muxolifat koalitsiyalaridan saylangan 61 nafar deputat ham bor. Biroq muxolifatchilar parlament yig‘ilishlarida ishtirok etmasliklari va hatto deputatlikdan voz kechishlarini bildirishgan. Ulardan biri – Mixail Saakashvilining “Birdamlik” partiyasini tamsil etuvchi Gogita Vashadze allaqachonoq deputatlik vakolatlarini topshirgan. Boshqa deputatlar ham yaqinda unga ergashishlari kutilmoqda.

“Kuchli Gruziya” koalitsiyasi asoschisi Mamuka Xazaradze taklifiga ko‘ra, muxolifatchilar muxolifatning muvofiqlashtiruvchi kengashini tuzishmoqchi. Xazaradze uni “muqobil parlament” deb atagan.

Prezident Zurabishvili “Gruziya orzusi” vakillaridan tuzilgan parlamenti nolegitim deb hisoblaydi, chunki u parlamentning ilk yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risidagi farmonni imzolamagan, Konstitutsion sud esa prezidentning 26 oktyabrdagi saylovlarni “bo‘lib o‘tmagan” deb tan olinishiga oid da’vo arizasi bo‘yicha hali qaror qabul qilgan emas.

25-noyabr kuni ertalab hukmron partiya asoschisi milliarder Bidzina Ivanishvili doxil “Gruziya orzusi”ning 89 nafar deputati IIV maxsus topshiriqlar bajaruvchi qismining kuchli qo‘riqlovi ostida parlament binosiga kirib olishgan. Muxolifatning minglab faoli, garchi parlament binosini to‘liq ihota qilib ololmagan bo‘lsa-da, uni uch tomondan o‘rab olgan va deputatlar ortidan “ruslar” va “Putinning qullari” deb qichqirishgan. Bu harakatlari bilan ular muxolifat harakatining, shuningdek, amaldagi prezident Zurabishvili hamda ayni paytda qamoqda bo‘lgan uchinchi prezident Mixail Saakashvilining 26 oktyabrdagi saylov “Vladimir Putin roziligi bilan amalga oshirilgan Rossiyaning maxsus amaliyoti” ekaniga oid asosiy tezisini yoyinlashgan.

G‘arb mamlakatlarining ko‘pchiligi Gruziya rasmiylarini saylov yakuni va yangi parlament shakllantirilgani bilan tabriklashga hozircha shoshilmayapti.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsodan boshqa yevropalik biror lider Ivanishvili va uning yetovidagi “Gruziya orzusi” bilan birga ishlashga tayyor ekanini tasdiqlagan emas, vaholanki Gruziya hali ham rasman YIga a’zolikka nomzod mamlakat bo‘lib hisoblanadi.

Bosh vazir Irakliy Kobaxidze avvalroq bir necha bor o‘z mamlakati bilan g‘arb o‘rtasidagi munosabatlar prezident Tramp inauguratsiyasi va Ukrainada tinchlik o‘rnatilganidan keyin normallashishi haqida gapirgan. Parlament spikeri Papuashvili esa dekabr oyida maxsus kollegiya Gruziyaga yangi prezident saylashini ma’lum qilgan. Bu lavozimga “Gruziya orzusi”dan kim ko‘rsatilishi hozircha ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG