Gulnora Karimovaga aloqador jinoyat ishi doirasida 182 million dollar miqdoridagi mablag‘ Shveysariyadan O‘zbekistonga qaytariladi. Bu haqda ma’lum qilgan Adliya vazirligi matbuot xizmati mazkur mablag‘ O‘zbekiston hukumati va Shveysariya federal kengashi o‘rtasida imzolangan bitim doirasida qaytarilishini urg‘ulagan.
Vazirlik qaydicha, “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim” 6-fevral kuni O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘rtasida imzolangan.
Adliya vazirligi qaytariladigan 182 million dollar O‘zbekistonning “ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan G. Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan”iga e’tibor qaratgan.
Mablag‘ BMTning Uzbekistan Vision 2030 Fund ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytarilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur jamg‘arma orqali Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishga oid bitim 2022-yil 16-avgustida imzolangan edi. Ilk bitim doirasida 131 million dollar miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarish nazarda tutilgan. Vazirlik xabarnomasiga muvofiq, ikkinchi bitim bilan O‘zbekistonga qaytarilgan mablag‘larning jami miqdori 313 million dollarga yetadi.
Xabarnomada Shveysariyadan qaytarilayotgan mablag‘lar “O‘zbekiston aholisining manfaatlari uchun, xususan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi” ta’kidlangan.
O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimovning qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, 13 yildan ko‘proq qamoq muddatini o‘tayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 2024-yil oxirida Toshkentdagi ayollar qamoqxonasidan 42-sonli manzil koloniyaga o‘tkazilgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.
Bir paytlar O‘zbekistonni chorak asrdan ko‘proq vaqt qattiqqo‘llik bilan boshqargan otasining siyosiy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan Gulnora Karimova oxirgi marta 2020-yili Toshkent shahar sudi tomonidan 13 yil-u 4 oyga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
U jinoiy uyushma tuzish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.
Gulnora Karimova Yevropa va AQSHdagi qator xalqaro jinoyat ishlari va surishtiruvlar figuranti sanaladi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hisob-kitobicha, Karimova davlat va odamlarga 1 trillion 270 milliard 200 millinn so‘m, 1 milliard 651,8 million AQSH dollari, 26,1 million yevro miqdorida zarar keltirgan.