Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:26

Gulnoraga shippak otgan Karimov. AQSH diplomati O‘zbekistonning birinchi prezidenti haqida


Islom Karimov
Islom Karimov

Eurasianet nashri 2011-2014-yillarda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi lavozimida ishlagan Jorj Krolning O‘zbekiston va Qozog‘istonning birinchi prezidentlari Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev haqidagi xotiralarini chop etdi. Ushbu memuarlar Harvard universiteti qoshidagi Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari markazi - DavisCenter taklifiga ko‘ra yozilgan. Quyida amerikalik diplomat memuarlarining O‘zbekiston va Islom Karimovga oid qismini e’tiboringizga havola qilamiz.

2011-yil. (AQSHning) O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga tasdiqlanganimdan so‘ng 4-iyul – milliy bayramimizga bor-yo‘g‘i bir hafta qolganda Toshkentga keldim. Baxtimga, salafim Dik Norland prezident Karimov bilan aloqalarni sezilarli darajada yaxshilagan edi. Qolaversa, O‘zbekistonning AQSHdagi sobiq elchisi, o‘sha paytdagi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vashingtonda Davlat kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha muovini yordamchisi vazifasida ishlagan kamina haqida Karimovga iliq gaplar aytgan chog‘i, (Toshkentga) kelganimdan bir necha kun o‘tiboq Karimov mendan ishonch yorlig‘ini qabul qildi. Bu esa elchixonamizning yil davomidagi eng asosiy tadbiri – Mustaqillik kuni munosabati bilan rasmiy qabul marosimida to‘laqonli akkreditatsiyadan o‘tgan elchi sifatida raislik qilishimga imkon bergan edi.

OzodNazar: Ислом Каримовдан нима қолди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:53:08 0:00

Ta’bir joiz bo‘lsa, bu men uchun “yuzochdi” marosimi ham edi. Moviy osmon va jazirama quyosh ostida obdon mashq qilganim – o‘zbek tilida ilk bor nutq irod etdim, bu marosimda jam bo‘lgan o‘zbekistonliklarga juda manzur bo‘ldi, chiqishim hatto davlat televideniyesi orqali namoyish etildi.

Bir kun avval bo‘lib o‘tgan Karimovga ishonch yorlig‘i topshirish marosimi butun elchilik vakolatim davridagi robitalarimiz qay o‘zandan ketishini belgilab bergandek bo‘ldi. O‘sha kuni ushbu marosimni oylab kutgan boshqa yangi elchilar ham ishonch yorlig‘ini topshirdi. Karimov meni oxirida qoldirgan edi. Bu yaxshimi, yomonmi – bilmadim. Yoki bu shunchaki protokol talabi bo‘lgandir. Axir, men Toshkentga eng oxirgi bo‘lib kelgan elchi edim-da. O‘zbekiston prezidenti rasmiy qarorgohi bo‘lmish Oqsaroyning (yoki Oq uy) nashqu nigorlar bilan bezatilgan qabulxonasida unga ishonch yorlig‘ini topshirdim. Karimov qisqa muddat davom etgan marosimda xushmuomala ko‘rindi.

Shundan keyin Karimov menga ortidan qo‘shni bo‘lmagan yurishga ishora qildi. Menga stul taklif qildi. Ikkimiz ham o‘tirdik. (Men bilan) gaplashmoqchi ekan. U jiddiy alfozda, rus tilida uzoq gapirdi. AQSH prezidentlari, davlat kotiblari, avvalgi elchilar, senatorlar va boshqa amerikalik taniqli shaxslar bilan past-baland munosabati haqida batafsil so‘zladi. Bizga bergan va’dalari ustidan chiqqani, ammo biz unga bergan va’dalarimizga vafo qilmaganimizni urg‘uladi. (Bu vaqt ichida) na piyolalarga quyilgan choydan ichdik, na yog‘och o‘ymakorligining ko‘rkam namunasi bo‘lmish stolda tizilib turgan likopchalardagi quruq mevalar, yong‘oqlar-u pishiriqlardan totindik.

AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jorj Krol.
AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jorj Krol.

Bir soatlardan keyin Karimov tin oldi. Mening galim kelgan edi. Uning butun monologi davomida mulohazalarini eslab qolishga harakat qilar ekanman, ayni shu uchrashuv uchun hozirlagan muxtasar nutqimni xayolimda takrorlar edim. Mana, imkoniyat eshigini bemalol qoqishim mumkin. O‘zbek tili muallimlarim davlat rahbariga murojaatning maqbul va matlub usuli deb o‘rgatgan yo‘sinda o‘zbek tilidagi yuksak ehtirom kalimalari bilan so‘z boshladim. Taxminan “Zoti oliylari, janobi oliylari” deb murojaat qilgandim.

Bu jumlalarni aytishim bilan Karimov kutilmaganda qo‘l sermab meni to‘xtatdi. Bejo gap aytdimmikan?! Menga sinchkovlik bilan tikilgancha shunday dedi: “O‘zbekcha yaxshi gapirar ekansiz, lekin menga boshqa bunday so‘zlar bilan murojaat qilmang. Bu kabi tumtaroq murojaatlarni tojik (prezidenti) Rahmon kabilarga saqlab qo‘ying. Shunday ohanjamador murojaatlar uning jonu dili. Men esa kamtar odamman. Menga shunchaki janob prezident deb murojaat qilishingiz mumkin”. Keyin u tabassum bilan qo‘shib qo‘ydi: “Lekin o‘zbekcha gapirganingiz menga yoqdi. Buni tark etmang. (Mamlakatimiz) bo‘ylab sayohat qiling. Istasangiz ko‘rgan-bilganlaringizdan meni ham xabardor qiling. Hozirdan aytishim mumkin, bu yerda yaxshi ishlab ketasiz”.

Muz ko‘chgan edi.

Qisqa nutqimdan keyin yana bir soatlik asosan yakkaxon suhbat kechdi. Muloqot asnosida men O‘zbekistonning qo‘shnilari haqida keskin luqmalar, hazillar va pand-o‘gitlarni eshitdim. So‘ng Karimov o‘rnidan turdi va meni eshikka qadar kuzatib qo‘ydi. Keyinroq bildimki, u bu kabi mulozimatga hamma mehmonlarni ham noil etavermas ekan. Munosabatimiz yomon boshlanmadi.

“Қандай ҳукуматга эга бўлиш-ўзбек халқининг иши”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:47 0:00

U shaxs yoqadimi-yo‘qmi, qat’i nazar, elchi o‘zi akkreditatsiyadan o‘tgan mamlakat rahbari bilan soz munosabatda bo‘lgani ma’qul. Gap shundaki, bu diplomatning o‘z vazifasini qoyilmaqom bajarishi, ya’ni hukumat talab etayotganidek, o‘sha shaxsni muayyan fikr-qarashga ishontirishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu, ayniqsa, mamlakatni avtokrat davlat rahbari yakkaboshlik asosida, temir qo‘l bilan idora etayotgan holatda o‘ta muhimdir.

Inson huquqlari himoyachilari men, AQSH elchisi sifatida O‘zbekistondagi nomaqbul inson huquqlari holati uchun ham xos davralarda, ham jamoatchilik ko‘z o‘ngida Karimovni qoralashim lozim deb hisoblashar edi. Lekin, ochig‘ini aytsam, men bu xil yondashuv biror samara berganini ko‘rmaganman. Har holda, bunday xatti-harakat inson huquqlari himoyachilari jamoasiga xush kelsa-da, elchining diplomat sifatidagi faoliyat samaradorligiga raxna solgani, uning mamlakat rahbariyati, hukumati va hatto mezbon jamiyat bilan bevosita muloqot imkonidan mahrum etganiga guvohman. Inson huquqlari yomonlashuvi bobida gap borsa, hukumat yo‘ldan adashgan elchi yoki inson huquqlari jamoatchiligiga achchiq saboq berib qo‘yishga uringanidan noxushroq vaziyat bo‘lmasa kerak.

Men Karimovning shaxsiy qarashlari yoki boshqaruv uslubini o‘zgartirishga u qadar katta umid qilganim yo‘q. Lekin o‘ziga bino qo‘yishdan farqli o‘laroq, hurmat, muayyan ma’noda tushunish va yumor hissini ko‘rsatish orqali uning keskinligini biroz yumshatgandek bo‘ldim. Bunday yondashuv menga va Karimovning nisbatan jasur vazirlariga himoya shamsiyasi taqdim etdiki, ayrim murakkab masalalar, jumladan, inson huquqlari muammolarini hal etish yo‘lida qadam-baqadam ishlash imkoni tug‘ildi. Buning bosh sababi – boss meni hurmat qilardi. Buni ishontirishning nozik san’ati, ya’ni mening kasb-korim – diplomatiya deb atagan bo‘lur edim.

Men Karimovning safar qilish va bu haqda unga ma’lumot berib borish xususidagi maslahatiga ham rioya qildim. Asosiy vaqtimni Toshkentdagi elchixonadan tashqarida – viloyatlar bo‘ylab safarda o‘tkazishga intildim. Tabiiyki, men asabiy mahalliy mulozimlar bilan xo‘jako‘rsin rasmiy uchrashuvlar o‘tkazishga majbur edim, ammo shunchaki aylanish, bozorlarga borish, do‘konlarga bosh suqish, odamlarni tinglash, muloqot qilish men uchun eng manfaatlisi edi. Xayriyatki, Karimov bilan “do‘stona” munosabatim va uning O‘zbekiston bo‘ylab safar qilish va tanishish haqida ko‘rsatmasi mendan avvalgi elchilar mamlakat bo‘ylab sayohat davomida duch kelgan bema’ni cheklovlarning ayrimlariga barham berdi. Rasmiy hamrohlar ulardan hukumat tuzib bergan tashrif dasturiga og‘ishmay rioya qilishni talab etgan, bu esa hukumat istaganidan boshqa shaxslar bilan uchrashmaslikni anglatar edi.

Men esa, aksincha, istagan odamim bilan gaplashib, istagan yerimga borishim mumkin edi. Menga biriktirilgan mahalliy protokol “noziri” e’tiroz bildirgan paytlarda shaxsan prezidentning topshirig‘ini bajarayotganim, safar va taassurotlar haqida unga hisobot berishimni aytar edim. Tamom-vassalom! Mulozim tag‘in Toshkentdan gap eshitib qolmay deb boshqa e’tiroz bildirmas edi. Har gal yil yakunida Karimovga “yillik hisobot” – diplomatik maktub yuborar, O‘zbekisonda ko‘rgan-bilganim barcha jihatlar – yutuq va muammolarni bayon qilar edim. Eshitishimcha, u maktublarimni qadrlar edi. Karimov bilan o‘zaro tushunishimiz mustahkamlanar, bu esa keyinroq o‘z diplomatik kun tartibimni ilgari surishda asqotar edi.

Karimov bilan uchrashuvlarni me’yordan oshirib yubormadim, ammo u yakkama-yakka suhbatlashgan, ehtimol, yagona elchi men edim. Uning o‘zi men qabul qilishini so‘raganimdan ko‘ra ko‘proq suhbatga chaqirardi. Amerika yuqori martabali amaldorlarining u bilan uchrashuvlarida ham hozir bo‘lganman. Shunday uchrashuvlar, xususan, mening rahbarim – Davlat kotibi bilan muloqotda u kulibgina yomon elchi ekanimdan shikoyat qilgani yodimda: O‘zbekistonni besh qo‘ldek bilaman, ammo baribir hukumatimning O‘zbekistonga doir siyosatiga ta’sir o‘tkazishga ojizman. Men uning hazil tuyg‘usi va shirali tilini qadrlashimni ham sezar edi. Amerikadan kelgan mulozimlar bilan uchrashuvlarda zaharxanda-yu pichingli so‘zlardan keyin, uning gaplari tarjima qilinayotgan asnoda, menga miyig‘ida kulgancha nigoh tashlar, kamina ham jilmayishdan o‘zimni tiyolmasdim.

Karimov, shuningdek, men qayerda bo‘lganim-u nimalar qilib yurganimdan xabardor ekaniga ishora qilardi. Albatta, buni bilar va boshqacha bo‘lishi mumkin emasligiga ishonchim komil edi. Ochig‘ini aytganda, bu men duch kelgan xavotirli holatlar va xabarlarni unga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazishda qo‘l kelardi. Butun karyerasi davomida cheklov muhitida yashab ishlagan inson sifatida men muttasil kuzatuv va telefon so‘zlashuvlari tinglanishi kabi dahshatli hisni yengib o‘ta oldim. Meni kuzatishlaridan o‘z manfaatim yo‘lida foydalanishni o‘rgandim. Bu hol ayrim o‘zbek mahkumlarining og‘ir holatiga Karimovning e’tiborini qaratish imkonini berdi. Men ularning oila a’zolari bilan uchrashganimdan keyin ular kutilmaganda ozod etilar yoki ularning tutqunlik sharoiti yengillashtirilar edi.

Qaysidir vaqtda, elchiligim tugashiga yaqin Karimovning g‘alati oilaviy masalasiga ham aralashib qoldim. Yangi yil arafasi edi, elchixonada kech soatlarga qadar ishlab o‘tirgandim. Elchixonaning kirish eshigidagi qo‘riqchi menga qo‘ng‘iroq qilib, bir kishi zudlik bilan meni ko‘rmoqchi ekanini aytdi. Mehmon - Karimovning o‘sha paytda oiladan alohida yashayotgan to‘ng‘ich qizi ekstravagant Gulnora Karimova edi. Yonida uning Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan ikki farzandi ham bor edi. Men ularni elchixonadagi mehmonlar uchun mo‘ljallangan xonalardan birida yakka qabul qildim.

"Бу ерда ҳамма нарса қийноқ устига қурилган". Мирзиёевнинг VIP маҳкумлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:30 0:00

Versace va Gucci liboslarini kiyib olgan Gulnora o‘z hayoti va muammolari haqida uzoq gapirdi. Men uni sabr bilan eshitarkanman, mendan nima xohlashini tusmollardim. Ko‘nglimda ishqilib elchixonamizdan boshpana so‘ramasin-da, degan xavotir bor edi. Men odatda hukumat bosimiga uchragan huquq himoyachilarining hikoyasini tinglardim, ammo ne tongki, hozir qarshimda O‘zbekiston prezidentining qizi turar va o‘z oilasi tomonidan ta’qib qilinayotganini aytayotgan edi.

Gulnoraning ikki soatlik odamni toliqtiruvchi monologi (ha, u otasining qizi edi) so‘nggida ohistagina mendan nima xohlashini so‘radim. U otasi bilan uchrashuv tashkil qilib berishimni so‘radi. Uning iddaosicha, onasi, singlisi va Karimovning atrofidagi a’yonlar uning Gulnorani ko‘rishiga to‘sqinlik qilishayotgan ekan.

Shundan so‘ng yengil nafas oldim va soat millari yarim tun hamda yangi yilga qarab og‘arkan, Gulnora va farzandlarini ko‘chaga, ularni kutib turgan tanlamasga kuzatib qo‘ydim. Kuzatarkan, otasi bilan uchrashuv masalasida qo‘limdan kelganicha harakat qilishimni aytdim. Ertasiga - Yangi yil kuni Karimovga xabar yetkazishga muvaffaq bo‘ldim. Biroz vaqt o‘tgach Gulnora menga xursandchilik bilan xabar yo‘llab, uchrashuv belgilanganini aytdi. Keyinroq Gulnora menga uchrashuv yaxshi o‘tmagani, otasi g‘azab ustida unga shippagini uloqtirganini aytib berdi. Shundan keyin Gulnorani boshqa ko‘rmadim.

Garchi Gulnoraning ko‘pgina kamchiliklari bo‘lgan va u bir navi aktrisa bo‘lgan esa-da, tan olishim kerak, u prezident qizi bo‘lish qanchalik og‘ir ekanini aytgan payt men unga bir qadar achindim. O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u o‘z irodasiga qarshi otasining mayli bilan turmushga uzatilgan va bola tug‘ib uyda o‘tirishi kerak edi.

Gulnora otasining biznes va siyosatdan uzoq turish, diplomat kasbini tanlash haqidagi maslahatiga amal qilmaganidan afsusda ekanini aytdi. Oxir-oqibat u o‘z tanlovi bilan yashashga majbur bo‘ldi.

Karimov men bilan suhbatda bu voqeani biron marta ham eslamadi. Ammo pirovardida menga ishonchli odam sifatida munosabatda bo‘ldi, deb o‘ylayman.

Shundan so‘ng men yana bir-ikki marta Karimov meni o‘zining qarorgohida ko‘rishni istayotgani haqida xabar oldim. Odatda bunday uchrashuvlar kechki payt bo‘lar edi. Men nima uchun ko‘rmoqchi bo‘layotganini oldindan bilolmasdim - elchixonamizdan ranjimadimikan, biron kishi bilan ko‘rishganimizdan g‘azabga kelmadimikan, degan xavotir bo‘lardi. Lekin keyinchalik bilsam, u shunchaki gaplashmoqchi bo‘lgan ekan. Suhbat chog‘ida o‘zining xorijiy davlat rahbarlari bilan oxirgi uchrashuvlari haqida gapirdi. Dunyodagi ahvoldan nolidi, o‘zining o‘tmishdagi ba’zi harakatlaridan afsuslanishini ham aytdi, ammo o‘sha payt nima uchun aynan shunday qilganini asoslashga urindi. Men o‘zimni diplomatdan ko‘ra ko‘proq psixiatrdek his qildim va keyin o‘yladim: diplomat ham bir navi psixiatr emasmi?

Bu tungi seanslar menga Karimov shaxsiyati va zehniyati haqida juda qimmatli ma’lumotlarni berdi. Garchi u men bilan o‘zi haqida Vashingtonga yoziladigan hisobotlardagi imijini yaxshilash uchun o‘yin qilayotgan bo‘lishi mumkinligini nazardan soqit qilmasdim.
O‘zining monologlari so‘nggida u mendan shaxsiy fikrim, shuningdek, Vashingtondagi odamlar va siyosat haqida so‘rardi. Bu men uchun Karimovga Vashingtonning unga berayotgan bahosini yetkazish va shuningdek, agar o‘z imijini yaxshilashni istasa nimalar qilishi mumkinligi haqidagi fikrimni bo‘lishish imkonini berardi. U meni diqqat bilan eshitar va xo‘rsinib qo‘yardi. Suhbatlarimizdan birida u bergan izoh hamon yodimda: "Janob Elchi, men uzoq vaqtdan beri siyosatdaman. Men bir narsani o‘rgandim: oq qo‘lqop bilan siyosat qilish mumkin emas. Siyosat har doim jirkanch ish bo‘lgan, hozir ham shunday va kelajakda ham shunday bo‘lib qoladi".

O‘zim ishlagan mamlakatlardagi siyosatiy kuzatishlarim, shuningdek, AQSHdagi siyosatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, men uning fikriga qo‘shilishga majbur edim. Siyosat, bu - changalzor va unda odatda moslashuvchilar yoki makkorlar va yo-da shafqatsizlar omon qoladi.

Махсус дастур: Каримов вафоти хроникаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:07 0:00

Karimovning Markaziy Osiyo va butun mintaqaga nisbatan yondashuvi hayratlanarli darajada chuqur va to‘g‘ri ekanligini ichimdan his qildim. Afsuski, uning ko‘plab amerikalik suhbatdoshlari Karimovning so‘zlariga ko‘p ham toqat qila olishmas edi. Ammo, amerikalik mehmonlardan farqli o‘laroq, Karimov butun umri davomida Markaziy Osiyo mintaqasida yashagan va o‘z mintaqasi va uning muammolarini mehmonlardan ko‘ra yaxshiroq bilgan. AQSH Davlat kotibi Klinton bilan uchrashuvlardan birida Klinton Karimovdan Markaziy Osiyoga rahbar bo‘lish uchun o‘z ta’siridan foydalanishni o‘ylab ko‘rishni so‘raganini yaxshi eslayman.
Karimov yig‘ilishda odatdagidek qalamni tutgancha o‘tirardi. Shunda u jilmayib, taklif uchun Klintonga minnatdorchilik bildirdi, so‘ng esa qo‘shnilari uni hech qachon rahbar sifatida qabul qilmasliklari haqida gap boshladi.

«Ular xudbinliklari sabab menga hech qachon quloq solmaydilar, bundan tashqari, mening ustuvorligim boshqa davlat emas, O‘zbekiston», deya javob berdi. Keyin u o‘zining sevimli iboralaridan biri, Cherchillning gapini takrorladi: «Davlatlarning do‘stlari bo‘lmaydi, faqat manfaatlar bo‘ladi».

Avval Davlat kotibiga, so‘ng esa menga qarab, chinakam Karimov uslubida «Agar Markaziy Osiyoga yetakchi xohlasangiz, do‘stingiz Nazarboyevga ayting. U rahbar deb atashlarini YAXSHI KO‘RADI», deya maslahat berdi.

Karimov amerikalik mehmonlarni, ayniqsa amerikalik generallarni Afg‘onistonda, Iroqda, Yaqin Sharqda, shuningdek, Rossiya va Xitoy bilan munosabatlarda muqarrar muvaffaqiyatsizliklarga duch kelishini aytib, tanqid qilardi. Uning bu samimiyligi tabiiyki mehmonlarga yoqmasdi, lekin afsuski, uning aytganlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Toshkent AQSHning yuqori martabali mulozimlari va Kongress delegatsiyalari uchun nega serqatnov manzil bo‘lmagani ajablanarli emas - agar ularga Karimovdan biror narsa kerak bo‘lmasa, albatta, masalan, Afg‘onistonga harbiy yuklarni olib o‘tish singari masalalarda.

Qizi Gulnoraning taqdiridan kelib chiqqan holda ham aytishim mumkin, men bilgan Karimov, hatto oilasiga nisbatan ham iliq odam emas edi. U har doim hamma narsada ustunlikka ega, biroq ko‘pincha haq edi. Karimovning bolalik davriga nazar tashlasangiz, u oila mehrisiz ulg‘aygan, yoshligidayoq shafqatsiz dunyoga tashlangan va ehtimol u o‘sha dunyoda zo‘ravonlik, irqchilik va katta kamsitishlarga uchraganini anglaysiz. U hech qachon bolaligi haqida gapirmagan. Karimovda Nazarboyevga o‘xshagan shaxslar, uning nazarida o‘zidan aql-zakovatda orqada, lekin ko‘proq e’zozlangan odamlarga nisbatan ichki dushmanlik bor edi.

U qattiq o‘qidi, jiddiy o‘yladi, uning ovozi, qarashlari hurmat qilinishi kerakligini his qildi.

Karimov O‘zbekistonni boshqarishga nihoyatda jiddiy kirishdi. U o‘zini xalqi va boshqa davlatlar tomonidan hurmat qilinishini istagan o‘zbek milliy o‘ziga xosligini shakllantirishga bag‘ishladi. Karimov uchun birgalikda yoki jamoaviy qaror qabul qilish degan tushuncha yot edi. U Moskva ta’limini olmagan bo‘lsa-da, hayotini sovet O‘zbekistonining (hatto sovet me’yorlari bo‘yicha ham) qoloq bir chekkasida o‘tkazgan, bu uning tajribasi va dunyoqarashini cheklagan edi. Karimov sovet O‘zbekistonining chirkin dunyosida siyosiy omon qolish san’atini juda puxta va tez anglab yetdi. Buni amalda qo‘llashi esa uning ichki va tashqi siyosatdagi yondashuviga ta’sir ko‘rsatdi. Karimov idealist emas edi, o‘zini haddan tashqari realist deb hisoblardi.

Американинг Тошкентдаги собиқ элчиси Украина, Каримов ва Мирзиёев ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:45 0:00

AQSHning Qozog‘istondagi elchiligiga nomzodim e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Oqsaroyga oxirgi taklifnomani oldim. Karimov tashqi ishlar vaziri Komilov hamrohligida o‘tirar edi. U suhbatni Ostonaning ibtidoiy madaniyati va sovuq havosi uchun nega madaniyatli va iliq O‘zbekistonni tark etayotganimni so‘rashdan boshladi.

“Bizni, taomlarimizni, madaniyatimizni yoqtirmaysizmi? O‘sha ko‘chmanchilardan farqli o‘laroq, bizda madaniyat bor," deya meni tanqid qilgan bo‘ldi va Vashingtonga shikoyat qilishini, hatto menga chiqish vizasi bermaslik haqida o‘ylab ko‘rishini ham qo‘shib qo‘ydi.
Men esa “prezident buyruq bersa, diplomat bo‘ysunishi kerak, mening prezidentim shunday buyruq berdi. Men ham xuddi sizning elchingiz kabi bo‘ysunishga majburman” deya javob berishdan nariga o‘tmadim.

Qozoq madaniyati va oshxonasiga moslashib ketishimga shubham yo‘q edi. Shundan so‘ng Karimov jilmayib qo‘ydi va makkor qozoqlarga, ayniqsa hamkasbi Nursulton Nazarboyev bilan qanday munosabatda bo‘lish borasida bir-ikki maslahat berdi. Bu so‘nggi uchrashuvimiz va O‘zbekistonning birinchi prezidentidan olgan so‘nggi darsim edi.

AQSH elchisi Jorj Krol memuarlarining to‘liq versiyasi bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG