So‘nggi besh yil davomida AQSH terma jamoasida dona surib kelgan xalqaro grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonova O‘zbekiston terma jamoasiga qaytdi.
O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi 2016-yilda ayol grossmeyster, 2024-yilda xalqaro sport ustasi unvonlariga erishgan sportchining ushbu qarori mamlakat shaxmatini jahon miqyosida yanada kuchaytirishga xizmat qilishiga umid bildirgan.
Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, Gulruhbegim Toxirjonova muzokaralar natijasida yana O‘zbekiston bayrog‘i ostida o‘ynashga rozi bo‘lgan va mamlakatga qaytib kelgan.
“Gap pulda yoki va’dalarda emas, men doim Vatanimiz bayrog‘i ostida qatnashishni xohlaganman. Lekin orada shunday davr bo‘ldiki, ketishga majbur bo‘ldim. Agar men O‘zbekistonda muhit o‘zgarganini, Shaxmat federatsiyasida sportchilarga e’tibor paydo bo‘lganini his qilmaganimda qaytmas edim”, degan taniqli shaxmatchi.
AQSH terma jamoasining birinchi raqamli shaxmatchisi sanalgan Gulruhbegim Tohirjonova 2023-yilda Qo‘shma Shtatlarda “Yilning eng yaxshi ayol shaxmatchisi” deb topilgan.
Bir necha yil avval O‘zbekiston tarixida ayollar o‘rtasida birinchi xalqaro grossmeyster maqomini olgan Nafisa Mo‘minova va uning singillari – grossmeyster Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovalar mamlakat terma jamoasidan chetlatilgan edi. Shaxmatchi qizlarning otasi Alisher Mo‘minov AQSH Gulruhbegimning olti oylik o‘qishi uchun 150 ming dollar mablag‘ ajratgani, malakali murabbiylar bilan ta’minlab, musobaqalarga borish xarajatlarini to‘liq qoplaganini bildirgandi.
Gulruhbegim Tohirjonovaning o‘zi 2022-yildagi videomurojaatida Shaxmat federatsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, iste’fodagi DXX generali Husan Turdialiyev sabab O‘zbekiston terma jamoasini tark etganini aytgan.