Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:08

Guterrish: Yaqin Sharq “jarlik yoqasidan chekinishi” lozim


BMT Xavfsizlik kengashi majlisidan lavha, 2024-yil 14-apreli
BMT Xavfsizlik kengashi majlisidan lavha, 2024-yil 14-apreli

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 14-aprel kuni Xavfsizlik Kengashining Eron tomonidan Isroilga uyushtirilgan hujumdan so‘ng yuzaga kelgan oshig‘ich yig‘ilishida chiqish qilarkan, taraflarni maksimal darajada bosiq bo‘lishga chaqirdi. Unga ko‘ra, Yaqin Sharq “jarlik yoqasidan chekinishi” lozim.

“Mintaqa aholisi keng ko‘lamli halokatli urush xavfi bilan to‘qnashdi. Hozir o‘qdonlardan o‘qni chiqarib olish va deeskalatsiya vaqti keldi”, degan Guterrish.

Shuningdek, u G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, HAMAS tomonidan tutib turilgan garovdagilarning barchasini ozod qilish va falastinliklarga insonparvarlik yordami yetkazib berish zarurligini bildirgan.

Guterrishga ko‘ra, ayni paytda mintaqa ham, dunyo ham katta urushga kirisholmaydi.

BMT bosh kotibi tashkilotga a’zo mamlakatlarga qurol bilan qasos olish xalqaro huquq me’yorlari bilan taqiqlanganini eslatgan.

Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Eron “dunyoni qaytmas nuqtaga, jahon urushiga aylanib ketadigan mintaqaviy urushga olib bormay turib”, uni to‘xtatish lozimligini bildirgan, deya xabar qildi CNN.

Yakshanba oqshomida Isroil harbiy hukumatining bir necha soat davom etgan majlisi yakuniga yetgan. Biroq, Isroil va G‘arb OAV manbalariga ko‘ra, Isroilning Eron hujumiga qay tarzda javob berish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilingan emas.

Avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga Isroilning Eron hujumiga bundan buyongi javob harakatlari maqsadga muvofiq emasligi va AQSH bu harakatlarda ishtirok etmasligi haqida bildirgan edi.

Eronning BMTdagi vakili Amir Said Iravaniy Tehron o‘zini mudofaa qilish huquqidan foydalanayotgani va uning “harakat qilishdan boshqa yo‘li yo‘q”ligini bildirgan. Ayni paytda Eron vakili o‘z mamlakati urush yoki eskalatsiyaga intilmayotgani, biroq har qanaqa tahdid yoki tajovuzga javob berishga tayyor ekanini qayd etgan.

Eron 14-aprelga o‘tar kechasi Isroilga dronlar va raketalar yordamida yoppasiga zarba bergan. Isroil armiyasi bu raketa va dronlarning 99 foizi urib tushirilganini ma’lum qilgan. Hujum oqibatida Negev cho‘lidagi bitta harbiy bazaga ozroq shikast yetgan, qurbonlar yo‘q, bir necha kishi jarohatlangan.

Eron mazkur zarba Isroilning Damashqdagi Eron konsulxonasiga berilgan muhtamal zarbasiga javob ekanini hamda amaliyot maqsadiga erishilganini bildirgan. Tehron ayni paytda ziddiyat eskalatsiyasiga intilmayotganini, biroq Isroil Eron hududiga zarba bergan taqdirda yanada kuchliroq zarbalar berishga tayyorligini qayd etgan.

XS
SM
MD
LG