Линклар

Шошилинч хабар
16 июн 2021, Тошкент вақти: 11:57

"Hammasi uyushtirilgan" - bloger Otabek Sattoriy ustidan sud jarayoni boshlandi


Bloger Otabek Sattoriy Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi zalidagi sudlanuvchilar uchun ajratilgan bo‘lmada. 2021, 11 - mart. Effect.uz sayti e’lon qilgan videodan kadr.

11 - mart kuni Surxondaryo viloyat Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida mahalliy bloger Otabek Sattoriy ustidan sud jarayonining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudning navbatdagi majlisi 17 - mart, soat 10.00 ga tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentiga ko‘ra, bloger Otabek Sattoriyga Jinoyat kodeksining uch moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Ham mamlakat ichida, ham xorijda so‘z erkinligiga bosim sifatida baholanayotgan bu ish bo‘yicha sudning dastlabki majlisida jurnalistlar va blogerlarning ishtirok etishiga, foto va videoga olishga ruxsat berildi.

Yaqinlari Otabek Sattoriy hibsga olingan 29 - yanvar kunidan buyon uni ko‘rmaganliklarini aytishgan.

Sudlanuvchining himoyachisi Umid Davletovning Ozodlikka ma’lum qilishicha, sudning dastlabki majlisida Otabek Sattoriy o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarga iqror emasligini bildirganidan keyin sudya jabrlanuvchilarni, guvohlarni, sudlanuvchini so‘roq qildi va sud tergovini boshlash to‘g‘risida ajrim chiqardi. Sud tergovi kelasi majlisdan boshlanadi.

Sud majlisi boshlanishi arafasida mahalliy jurnalistlar savollariga javob berar ekan, bloger Otabek Sattoriy aybsiz ekanligini ta’kidlab:

“Men aybimga iqror emasman, hammasi uyushtirilgan, hammasi bo‘htondan, tuhmatdan iborat, hech kimdan pul olgan emasman, xalqning manfaatini himoya qilib chiqqanim uchun shuncha shov-shuv bo‘lib ketyapti”, - dedi.

IIV huzuridagi Tergov departamentining 1 - mart kungi bayonotiga ko‘ra, Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari va 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish) bilan ayblanmoqda.

Sudlanuvchi Otabek Sattoriyni sudda Toshkentdan kelgan advokat Umid Davletov himoya qilmoqda. Advokatning Ozodlikka aytishicha, sud boshlanishidan oldin jinoyat ishi materiallari bilan tanishib olishi uchun unga imkoniyat berilmagan.

“Shuning uchun suddan jinoyat ishini ko‘rishni boshqa kunga qoldirishni, jinoyat ishi bilan tanishishga imkoniyat yaratib berishingizni so‘rayman, deb sudgacha so‘rov kiritdim, lekin sudya rad etdi”, - dedi advokat Umid Davletov.

Advokat o‘z mijozi ishi bilan sudning birinchi majlisi tugaganidan so‘ng qisman tanishish imkoniga ega bo‘lganini bildirdi.

Birdan ko‘payib ketgan jabrlanuvchilar

Telegram va YouTube portalida “Xalq fikri” videoblogidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloger Otabek Sattoriy bilan bog‘liq mojaro joriy yil yanvari oxirida boshlangan, u 29 - yanvarda tovlamachilikda gumonlanib, fuqaro kiyimidagi bir guruh IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi. O‘sha paytda bloger Jinoyat kodeksining birgina moddasi - 165-modda (Tovlamachilik), 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan.

Sattoriyning qo‘lga olinishiga Sherobod tuman dehqon bozorida 2020 - yilning kech kuzida sindirilgan telefonini undirishni talab qilgani sabab bo‘lgan – agar tergovga ishonilsa, u paytda jabrlanuvchi tomon bitta – Sattoriyning telefonini tiklab berishi lozim bo‘lgan tomon edi.

Biroq 1 - martga kelib, jabrlanuvchilar bir necha kishi bo‘lib qoladi. Tergov departamentining 1 - mart kungi bayonotida jabrlanuvchilar ro‘yxati keltirilgan.

[Otabek Sattoriy] “Internet jahon axborot tarmog‘i (“Telegram”, “Facebook”, “YouTube”) da joylashtirish orqali tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni fuqaro Isroil X., Mastona A., Nasiba N., To‘xtamish K., O‘tkir T., Ashur X., Zokirjon X., Lochin T.,larga nisbatan sodir qilib, ushbu fuqarolarning ayrimlaridan moddiy manfaat ko‘rib kelganligi ma’lum bo‘lgan”.

Demak, Tergov departamentiga ko‘ra, jabrlanuvchilar hammasi bo‘lib 8 kishi. Advokat Umid Davletovning aytishicha esa, sud materiallarida jabrlanuvchilar soni 11 nafar.

Otabek Sattoriydan jabr ko‘rgani aytilayotgan bu 10 nafar atrofidagi kishilar, Otabekning otasi, 69 yashar Abdumannon Sattoriyning 11 - mart kungi sud majlisidan chiqib, Ozodlikka bildirishicha, tuman darajasidagi davlatga qarashli korxona, tashkilot, muassasalarning amaldagi yoki sobiq rahbarlaridir. Ularning arizalari Otabek qo‘lga olinganidan so‘ng tergovchilar tomonidan yozdirib olingan.

Xuddi shunday iddaoni advokat Umid Davletov ham bildirdi:

“Ko‘plab jabrlanuvchilarning arizasi fevralda olingani rost. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin ko‘pchilik bilan (ariza yozganlar bilan) organ xodimlari ishlagan bu erda. Iloji boricha jabrlanuvchilar sonini ko‘paytirish uchun. Aslida, Otabek o‘sha amaldorlarning xato va kamchiliklarini yoritib bergan, ularga nisbatan tuhmat qilgan emas. Har bir materialini qilar ekan, ikkinchi tomonning ham fikrini o‘rgangan”, - dedi advokat.

Otabekning otasi ham, advokati ham uning ustidan arz qilgan amaldorlarning ish joylarini aytdi, biroq Ozodlik o‘zlari bilan bog‘lana olmagani uchun, ularni hozircha oshkor qilmayapti.

Ish nima bilan tugashi mumkin?

Otasi Abdumannon Sattoriy ham, advokati Umid Davletov ham Otabek Sattoriyning oqlanishiga umid qilmoqda. Bunday umid Abdumannon Sattoriyda sud majlisida oshkoralik ta’minlangani uchun paydo bo‘lgan bo‘lsa, Umid Davletovda mijozining qonunni buzmagani, u o‘zining blogerlik faoliyatida jurnalistik standartlarga og‘ishmay rioya qilganidan paydo bo‘lgan.

“Agar bu ishda qonun ustuvor bo‘ladigan bo‘lsa, Otabek Sattoriy yuz foiz oqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi va umuman, shu sohaga oid barcha qonunlar doirasida ish yuritgan. Sattoriy Internet orqali hech kimni haqorat qilmagan. Otabek har doim unga murojaat qilgan shaxslarning o‘zlarining ovozli tarzdagi murojaatlarini e’lon qilgan. Ayni paytda bloger ikkinchi tarafning ham fikrini o‘rgangan. Buning tasdig‘i shundaki, jabrlanuvchilarning o‘zlari ham buni tan olyapti”, - dedi Umid Davletov.

“Dahshat va davlat siyosati uchun sharmandalik”

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherboyev Otabek Sattoriy ishi yuzasidan 7 - fevraldagi bayonotida:

“Yashasin Surxondaryoning qonunbuzar hokimi, prokurori, IIBsi va sudi! Bu dunyo qaytar dunyo... Bosh prokuraturadan sun’iy uyushtirilayotgan jinoyat ishining barcha ishtirokchilariga nisbatan ochiq oshkora, jamoatchilikni xabardor qilgan holda xolis tekshiruv o‘tkazilishini talab qilamiz!deb yozgan edi.

Deputat bundan oldingi bayonotida Otabekning qamalishini “dahshat va davlat siyosati uchun sharmandalik” deb atagan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) esa, 8 - fevralda Otabek Sattoriy ishi yuzasidan quyidagi bayonotni e’lon qilgan edi:

“So‘ngi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida mobil telefon ta’magirligida gumonlanayotgan bloger Otabek Sattoriyning hibsga olingani muhokama qilinmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarni mazkur ishni barcha holat va tomonlarning ko‘rsatmalarini hisobga olgan holda batafsil va xolis ko‘rib chiqishga chaqiramiz”.

Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) 8 - fevralda O‘zbekiston ma’murlarini bloger Otabek Sattoriyni qamoqdan zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi:

“Blogerlar va jurnalistlarni korrupsiyaga oid xabarlari uchun ta’qib qilish ularning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishdir. O‘zbekistondagi jurnalistlar o‘z ishini repressiv ayblovlardan qo‘rqmay amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

Joriy oy boshida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining so‘z erkinligi bo‘yicha vakili Tereza Ribeyro ham bloger Otabek Sattoriyning javobgarlikka tortilganidan tashvishda ekanini bildirgan.

11 - mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida hozir bo‘lgan jurnalist va blogerlarning ko‘pligi soha vakillarining birdamligi namoyishi bo‘lib ko‘rindi.

XS
SM
MD
LG