Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 05:46

Harris va Tramp ilk bor debat qildi. Asosiy nuqtalar


Kamala Harris va Donald Trampning ilk teledebatidan lavha, Filadelfiya, 2024-yil 10-sentyabri
Kamala Harris va Donald Trampning ilk teledebatidan lavha, Filadelfiya, 2024-yil 10-sentyabri

AQSHda prezidentlikka nomzodlar Kamala Harris va Donald Trampning ilk teledebati bo‘lib o‘tdi. ABC News teleshirkati tomonidan Filadelfiyadagi Konstitutsiyani o‘rganish milliy markazi binosida tashkil qilingan debat 90 daqiqa davom etdi.

Ikki nomzodning debati 5-noyabrga belgilangan saylov oldidan muhim tadbir sanaladi. Harris va Tramp ilgari bir marta ham uchrashmagan, bir-birlari bilan hatto telefonda gaplashishmagan.

Boshlovchilar ularga iqtisodiyot, abortlar, migratsiya, hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish,Isroilning HAMASga (AQSH va YIda terrorchi tashkilot deb topilgan) qarshi urushi, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, Afg‘onistondan qo‘shinlarning olib chiqib ketilishi hamda sog‘liqni saqlash tizimi to‘g‘risida savollar berishdi. Debatlar chog‘ida Tramp va Harris bir-birlarini yolg‘onchilikda aybladilar.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi

Donald Tramp prezident bo‘lganidan so‘ng Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga tezda barham berajagini yana bir bor takrorladi. U bu ishni, o‘zining aytishicha, prezidentlik vazifalariga to‘liq kirishmasidanoq hal qiladi.

Sobiq prezident istagi odamlarni qutqarib qolish va urushni bitirish ekanini urg‘uladi. Trampga ko‘ra, u Ukraina va Rossiya prezidentlarini yaxshi taniydi, ular uni hurmat qilishadi, ammo AQSH prezidenti Jo Baydenni “hurmat qilishmaydi”; Bayden urush boshlanganidan beri “Putinga hatto qo‘ng‘iroq qilmagan”, Putin bilan qanday muzokara qilish va urushni qanday qilib to‘xtatish mumkinligini “mutlaqo tushunmaydi”. Bu esa, Tramp fikricha, Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Uning aytishicha, Putinning qo‘lida yadro quroli bor, lekin hech kim buni yodda tutishni xohlamaydi.

Kamala Harris fikricha, Tramp diktatorlarga maftun va o‘zi ham diktator bo‘lishni istaydi: “Donald Tramp zaif odam, u milliy xavfsizlik va tashqi siyosatga doir masalalarda haqli emas. Trampning diktatorlarga maftunligi va ilk kundanoq diktator bo‘lib olmoqchi ekani barchaga ayon”. Unga ko‘ra, dunyo diktatorlari va avtokratlari ham Trampning prezident bo‘lishini xohlashadi, chunki uni “o‘z yo‘riqlariga yurgizishmoqchi”.

Доналд Трампнинг сайловолди митингида ўқ овозлари эшитилди. Трамп эвакуация қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:12 0:00

Harris Putin bilan muomala va prezidentlikka nomzodlarning yondashuvlaridagi tafovut haqidagi savolga javob berarkan, Donald Tramp “shunchaki, taslim bo‘lish bilan” urushni tugatmoqchi ekanini aytdi. U AQSH sa’y-harakatlari bilan 50 mamlakat Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun birlashganini qo‘shimcha qildi.

Harris, shuningdek, HHM tizimlari, Abrams tanklari va boshqa qurollar yetkazib berilgani tufayli Ukraina erkin va demokratik mamlakat bo‘lib qolayotganini ta’kidladi: “Donald Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozir Kiyevda o‘tirgan bo‘lardi”. Harris: “Putin Ukraina bilan cheklanmaydi, u Tramp singari siyosatchilarni “yamlamay yutadi”, deya qo‘shib qo‘ydi.

Yaqinda Associated Press-NORC o‘tkazgan so‘rovda amerikaliklar Ukrainadagi urushga barham berish masalasida hech bir nomzodni ortiq yoki kam ko‘rmasligi ma’lum bo‘ldi. Respondentlarning taxminan 40 foizi ushbu masalada ikkala nomzodga ham ishonishini bildirgan.

Iqtisodiyot

Kamala Harris iqtisodiyot haqida so‘zlar ekan, “imkoniyatlar iqtisodiyoti”ni yaratmoqchi va kichik biznesni dastakmoqchi ekanini aytdi. Ayni paytda u Trampning “hech bir rejasi yo‘q”, chunki u “faqat o‘z manfaatini ko‘zlaydi”, deya qayd etdi.

Harrisga ko‘ra, Trampning prezidentlik davridan “dahshatli” ishsizlik va sog‘liqni saqlash, demokratiyaga tajovuz meros bo‘lib qolgan (2021-yil yanvarda Trampning tarafdorlari Kapitoliyni ishg‘ol qilgani nazarda tutilmoqda – tahr.).

Harris sobiq prezident Oq uyga qaytgan taqdirda “Loyiha 2025” nomli reja”ni amalga oshirajagini va demokratlarning ushbu hujjatga qarshi o‘z rejalari borligini urg‘uladi. Tramp esa uning so‘zlarini inkor etib, “Loyiha 2025”ni hatto o‘qib ko‘rmaganini va o‘qimoqchi ham emasligini bildirdi.

Donald Tramp raqibasini “markschi” va “tarixdagi eng nobop vitse-prezident” deb atadi. So‘ngra Harrisning biron tayinli rejasi bo‘lmay, amaldagi prezident Jo Bayden dasturidan ko‘chirayotgan chog‘da u “ajoyib reja”ni tayyorlab qo‘yganini aytib, maqtandi. Sobiq prezident iqtisodiyotdagi ahvolni “rasvo” deya ta’riflab, “odamlar uchun, o‘rta tabaqa uchun va umuman barcha tabaqalar uchun fojia bo‘lgan” yuqori inflyatsiyadan bahs etdi.

Ўзбеклар АҚШда камситилаётганидан шикоят қилишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:28 0:00

Migratsiya

Kamala Harris o‘zini chegaradan narkotik va qurol olib o‘tuvchi transmilliy tashkilotni ta’qib qilgan yagona odam, deb atadi. Uning aytishicha, AQSH Kongressi migratsiya siyosatiga doir ikki partiyali qonun loyihasiniishlab chiqqan, biroq Trampning kasriga hujjat qabul qilinmagan. Ushbu so‘zlaridan so‘ng Harris raqibini “muhim masalalarga yechim topish o‘rniga siyosiy o‘yinlarni o‘ynashda davom etayotganlik”da aybladi.

O‘z navbatida Tramp amaldagi hukumatni AQSHga millionlab migrantlar kelishiga yo‘l qo‘yganlikda ayblab chiqdi. Unga ko‘ra, mamlakatga kelgan ajnabiy muhojirlar allaqachon Springfildda it va mushuklarni “tutib olib, yeyishmoqda”. Bunga javoban boshlovchi shahar ma’muriyatining jonivorlar ovqat o‘rnida tanovul qilinganini tasdiqlovchi dalillar topilmagani haqidagi bayonotini eslatdi.

Sobiq prezident AQSHga jinoyatchilar, terrorchilar va o‘g‘rilar kiritilayotganidan nolidi. Uning fikricha, bu “ulkan xato” bo‘lgan va bunaqa kimsalar “mamlakatni ichdan yemiradi”. Harris esa javobida Trampning o‘zi milliy xavfsizlik, iqtisodiy jinoyatlar va saylovga aralashuvga doir jinoyatlar uchun ta’qib etilib, ustidan bir necha ish ochilganini yodga oldi. Tramp unga qarshi barcha jinoyat ishlarini soxta va siyosiy motivli deb atadi.

Abortlar

Boshlovchi Trampdan u abortlar masalasida nega pozitsiyasini o‘zgartirayotgani haqida so‘radi. Sobiq prezident “jinsiy zo‘rlash, insest hollari va ona hayoti uchun istisnolar”ga ishonajagini ta’kidladi. Trampga ko‘ra, Oliy sud qaroridan so‘ng har bir shtat ushbu masalani ovozga qo‘yadi va endilikda u federal hukumatga bog‘liq emas. “Men bu ishni amalga oshirib barchani katta tashvishdan qutqardim. Buning uchun jasorat kerak bo‘ldi”, urg‘uladi u.

Kamala Harris reproduktiv erkinlikni tiklash tarafdori ekanini va abortlarni man etish ayollarni tahqirlayajagini aytdi. “Hukumat bilan Donald Tramp ayollarga o‘z tanalariga qanday egalik qilishni o‘rgatmasligi kerak”, dedi u va ketidan, "agar Kongress abort qilish huquqini qaytaruvchi qonun loyihasini qabul qilsa, bajonidil uni imzolayman", deya qistirib o‘tdi.

Trampga: “Agar Kongress abortni federal miqyosda taqiqlovchi qonunni qabul qilsa, unga veto qo‘ygan bo‘larmidingiz?” deya savol berildi. Prezidentlikka nomzod hech qachon bunday bo‘lmasligini aytdi, ammo savolga uzil-kesil javob berishdan bosh tortdi.

ҲАМАС “тўлақонли келишув”га рози
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:41 0:00

Isroilning HAMASga qarshi urushi

Prezidentlikka nomzodlar Isroil bilan HAMAS (AQSH va YIda terrorchi tashkilot deb topilgan) o‘rtasidagi urushga doir pozitsiyalarini ham bayon qilishdi.

Harris Isroilning o‘zini mudofaa qilish huquqi borligini ta’kidladi, shu bilan birga, ko‘plab tinch falastinliklar nobud bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush bitishi lozim va yonma-yon yashayotgan ikki mamlakat uchun yechim topish zarur.

Donald Tramp “men prezident bo‘lganimda, bu urush bo‘lmasdi” degan gapini takrorladi va: “Harris Isroilni yomon ko‘radi va, agar u saylansa, ikki yildan so‘ng Isroil yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi”, deya ogohlantirdi. Vitse-prezident esa o‘z javobida Trampning iddaolari yolg‘onligini va Isroilni hamisha qo‘llab-quvvatlaganini aytdi.

XS
SM
MD
LG