Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ramazon hayiti arafasida O‘zbekistonda 426 nafar shaxs afv etildi.
Prezident matbuot xizmati tomonidan yoyinlangan mazkur farmon sharhida afv etilgan shaxslarning 135 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etilgani, 200 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingani, 26 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgani hamda 65 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilgani qayd etilgan.
“Afv etilganlarning 11 nafarini chet el fuqarolari, 50 nafarini ayol, 13 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 157 nafarini yoshlar (shulardan, 3 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi”, deyilgan prezident farmoni sharhida.
Afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.
O‘zbekistonda keng ko‘lamli afvning so‘nggisi mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan o‘tgan yil dekabrida e’lon qilingan edi. O‘shanda 334 nafar shaxs afv etilgandi.