Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2025, Тошкент вақти: 14:23

Hokim yordamchisi qariyb 650 million so‘mni o‘zlashtirdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi fuqarolar nomiga ajratilgan katta miqdordagi kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hokim yordamchisi M.F. 20 nafar fuqaroga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 million so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan va pulni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Shuningdek, M.F. qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanoma orqali jami 207,7 million so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushb mablag‘ni ham talon-toroj qilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Toshkent shahri hokimligi prokuratura xabarnomasiga munosabat bildirib, gumonlanuvchi noyabr oyida ishdan olingani, binobarin, poytaxtda bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs mavjud emasligini iddao qilgan.

Ammo BP hokimlik raddiyasiga e’tiroz bildirib, M.F. firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni aynan hokim yordamchisi lavozimida ishlagan paytda sodir etganini urg‘ulagan.

BP bu gal hokimlik mulozimiga oid boshqa ma’lumotlarni ham ochiqlagan. Aytilishicha, M.F. 2022-yil 7-oktyabridan 2024-yil 29-noyabriga qadar Shayxontohur tumani Kamolon Darvoza MFYda hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Ozodlik avvalroq 2024-yil mobaynida korrupsiyaga oid 309 ta jinoyat hokim yordamchilari faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG