Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:06

“Human Rights Watch” O‘zbekistondagi islohotlar muvaffaqiyatsizligi haqida bayonot chiqardi


“Human Rights Watch” (HRW) O‘zbekistonda shu oyda o‘tadigan prezidentlik sayloviga potensial raqiblar nomzodlari qabul qilinmagani va “inson huquqlari borasidagi oxirgi muvaffaqiyatsizliklar”dan ogohlantirdi.

Inson huquqlari tashkiloti 13 - oktabr kuni chiqargan bayonotida ta’kidlanishicha, qo‘yilayotgan cheklovlar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgani aytilayotgan islohotlarning “cheklanganini fosh qiladi”.

Qattiq nazorat qilinadigan post‑sovet respublikadagi davlat OAVlarida alohida targ‘ib qilingan Mirziyoyevning 24 - oktabrdagi saylovda qayta saylanishi deyarli aniq.

“O‘zbekiston islohotlarni kun tartibiga qo‘yish orqali jiddiy xalqaro e’tiborni o‘ziga jalb qildi, ammo inson huquqlari sohasidagi oxirgi ortga tisarilishlar va saylovda muxolif va mustaqil nomzodlarning yo‘qligi bu da’volarning cheklanganini ko‘rsatadi” deydi HRWning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson.

“O‘zbekiston hukumat pozitsiyasini yoqlamaydigan nomzodlarning kelayotgan saylovda ishtirokiga ruxsat berish orqali chinakam islohotlarga qat’iy kirishganini ko‘rsata olishi mumkin edi. Ammo unday qilmadi.”

Mirziyoyev O‘zbekistonning ilk prezidenti Islom Karimovning 2016 - yildagi vafotidan so‘ng bahsli tarzda hokimiyatga chiqqan va bir necha oy o‘tib o‘tkazilgan saylovda 87 foiz ovoz bilan saylangan.

Uning ilk qadami OAV va muxolif fikrlilar qattiq nazorat qilinadigan, G‘arb kuzatuvchilari hech qachon demokratik va halol deb topmagan saylovlar o‘tgan mamlakatni isloh qilish va’dasi edi.

O‘tmishdagi saylovlarda bo‘lgani kabi joriy rahbariyatning asosiy tanqidchilari nomzodlari qabul qilinmagan.

HRW O‘zbekistonning saylovga nomzodlar faqat ro‘yxatga olingan partiyadan ko‘rsatilishi mumkinligi to‘g‘risidagi talabi va bu tartib rasmiylarga “shunday muhim saylovda keng miqyosli siyosiy ishtirokka yo‘l qo‘ymaslikka” imkon berishidan yozg‘irdi.

Bayonotda O‘zbekistonning eski ro‘yxatdan o‘tgan partiyasi – Erk demokratik partiyasi hamda Haqiqat va taraqqiyot partiyasining nomzodlari rad qilingani tilga olingan.

“Erk” tomonidan nomzodi ko‘rsatilishi rejalangan qo‘shiqchi Jahongir Otajonov tajovuzkor olomon siyosiy yig‘ilishga hujum qilganidan so‘ng siyosatni tark etdi.

Har ikki partiyaning tarafdorlari va Mirziyoyev ma’muriyatining boshqa tanqidchilari muntazam bosimlar va ta’qiblardan shikoyat qiladi.

Parlamentdagi hukumatga tanqidiy qaramaydigan besh partiya nomzodlari qabul qilingan: “Adolat” partiyasidan Bahrom Abduhalimov, Milliy tiklanish partiyasidan Alisher Qodirov, Ekologik partiyadan Narzullo Oblomurodov va Xalq Demokratik partiyasidan yagona ayol nomzod Maqsuda Varisova.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha idorasi (ODIHR) saylovni demokratik shaklda o‘tkazish bo‘yicha berilgan tavsiyalarning aksariyati amalga oshirilmaganini bildirdi.

May oyida ODIHR “qayta ko‘rib chiqilgan qonunchilik bazasi va barcha darajalardagi saylov komissiyalarini joriy qilish, vakillik asosida ovoz berishlarga to‘siq bo‘lmaslik, saylov kunidagi tadbirlar, nomzodlar va saylovchilarni ro‘yxatga olish, saylovning OAVda yoritilishi va saylov natijalari bo‘yicha bahslarni hal qilish yuzasidan” islohotlar qilishga chaqirgan edi.

Shu oy boshlarida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman Mirziyoyev bilan uchrashuvda Toshkent bilan strategik hamkorlikni ta’kidlay turib, O‘zbekistonda “davomli iqtisodiy, demokratik va inson huquqlari islohotlari”ga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG