Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:18

"Human.uz" ga reyd: "Kompromat.uzb" administratorlari hibsga olindi. Ular tovlamachilikda gumonlanmoqda-DXX


Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va yana olti jurnalist Kompromat.uzb Telegram-kanali adminitsratorlari sifatida hibsga olingan va ular tovlamachtlikda gumon qilinmoqda.
Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va yana olti jurnalist Kompromat.uzb Telegram-kanali adminitsratorlari sifatida hibsga olingan va ular tovlamachtlikda gumon qilinmoqda.

Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va yana olti jurnalist Kompromat.uzb Telegram-kanali administratorlari sifatida hibsga olingan va ular tovlamachilikda gumon qilinmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik xizmati -DXX xabar tarqatdi.

Telegramdagi Xavfsizlik kanalida e’lon qilingan xabarda "fuqaro D.X. va boshqalarning «Telegram» messenjeridagi «Kompromat.uzb» va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorliklari sababli ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va xozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani" aytiladi.

27-yanvar kuni ertalab O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy mavzularni yoritib boradigan Human.uz saytining direktori Xurshid Daliyev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov dohil yetti nafar xodimi o‘zlarini “organ xodimlari” deb tanishtirgan shaxslar tomonidan olib ketilgani xabar qilingandi.

Nashrning Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisi muhrlab qo‘yilgan. Human.uz sayti bloklangan.

Hibslar

Ta’ririyatning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimlaridan biri Ozodlikka 27-yanvar, soat 10lar atrofida fuqaro kiyimidagi shaxslar Human.uz saytining Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisiga ogohlantirishsiz bostirib kirgani, o‘zlarini “hokimiyat xodimlari” deb tanishtirib, ofisda tintuv o‘tkazgani, nashr direktori Xurshid Daliyev, bosh muharriri Muslim Mirzajonov va yana besh xodimni olib ketishganini aytdi.

Uning bildirishicha, tahririyat olib ketilgan jurnalistlar bilan bog‘lana olmayapti.

"Qayerga olib ketishganini o‘rganyapmiz. Huquq-tartibot idoralaridan javob olishimiz bilan ma’lum qilamiz", - dedi tahririyat xodimi.

Ozodlikning voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralaridan izoh olish urinishlari besamar bo‘ldi.

Tarmoqda tarqalgan suratlardan ayon bo‘lishicha, Human.uz ofisi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Quyichirchiq tumani bo‘limi tergovchisi E. Ablamurodov tomonidan muhrlangan.

Human.uz ofisi muhrlangan, sayt ochilmayapti.
Human.uz ofisi muhrlangan, sayt ochilmayapti.

Ammo, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati jurnalistlar taqdiri va Human.uz ofisi muhrlangani haqida biron bayonot bergani yo‘q.

“Tahririyat bu holatni O‘zbekiston Prezidenti siyosatiga mutlaqo zid va so‘z erkinligiga tahdid deb hisoblaydi. Human.uz sayti barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlar va huquq himoyachilaridan ushbu shoshilinch xabarni yoritishda yordam berishlarini so‘raydi”, - deyiladi Human.uz nashr bayonotida.

AOKA jurnalistlar huquqlarini himoya qilishga chaqirdi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Raqamli texnologiyalar vazirligiga jurnalistlar hibsga olingani xabarlari yuzasidan tegishli so‘rovlarni yuborgani haqda bildirdi.

"Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, human.uz veb-sayti O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i Reyestriga kiritilmagan va O‘zbekiston Respublikasi hududida undan foydalanilishiga chek qo‘yilmagan", deyiladi AOKA bayonotida.

AOKA huquqni muhfaza qiluvchi organlarini human.uz internet-nashri xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilinishiga hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ta’minlanishiga ham chaqirgan.

O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham Human.uz internet nashri jurnalistlarining qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda ekanligini bildirgan.

“Huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu masala bo‘yicha izoh berilishini kutamiz hamda jurnalistlar xavfsizligi, shunindek, ularning professional faoliyatiga qonuniy munosabatda bo‘linishi ta’minlanishini so‘raymiz”, deyiladi fond bayonotida.

Jurnalist Xurshid Daliyev.
Jurnalist Xurshid Daliyev.

Human.uz saytining asoschisi Xurshid Daliyev tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan jurnalist.

Bir muddat "Yoshlar" telekanali va "Kun.uz" saytlarida ishlagan.

2019-yilda Xurshid Daliyev Andijon viloyatidagi mutasaddilarni tanqid qilib chiqishi ortidan ismi-sharifi noma’lum shaxslar o‘lim bilan tahdid qilgani haqda Human.uz saytida bayonot bilan chiqqandi.

2021-yil oktabrida ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev, o‘z ta’biricha, qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlarni himoya qilishga va’da bergan.

Saylovlar arafasida qator xalqaro matbuot tashkilotlari O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligining yomonlashgani, blogerlar va tarmoq foydalanuvchilari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinganini tanqid qilib chiqishgandi.

Voqealar rivojini Ozodlikda kuzating!

XS
SM
MD
LG