Toshkent viloyati IIBB Yangiyo‘l tumanida 30 dan ortiq kobra ilon ochiqlikka qo‘yib yuborilgani haqidagi xabarni rad etdi.
2-oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo‘l tumani Tuyabo‘g‘iz qishlog‘ida fuqaro xonadonida saqlangan bir qancha kobra ilonlar qo‘yib yuborilgani haqida xabar tarqalgandi.
Mahalliy nashrlar yozishicha, ilonlarning hudud bo‘ylab tarqalishi oqibatida aholi orasida vahima yoyilgan.
Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Tuyabo‘g‘iz MFYda yashovchi fuqaro N.Yu. xonadonida 30 dan ortiq “Osiyo kobra” ilonlarini tegishli ruxsatnomasiz saqlab kelgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra jonivorlar ochiqqa qo‘yib yuborilgan. Mahalliy aholi ularning ikkitasini tutib o‘ldirgan.
Viloyat IIBB matbuot xizmati rahbari Bobur To‘laganov bu borada farqli bayonot bergan. Unga ko‘ra, 30 dan ziyod emas, balki 4 ta ilon boqilayotgan joyidan qochib ketgan va qisqa vaqt ichida ularning hammasi tutilgan. Xabarnomada holat yuzasidan IIBB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani aytilgan.