O‘zbekiston huquq idoralari xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga ko‘shilmoqchi bo‘lgan 17 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochdi.
IIV matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, DXX bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor surishtiruvlarda 2007-yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan K.I. internet tarmog‘ida ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushishi oqibatida 16 nafar yaqin tanishlari bilan noqonuniy yig‘ilib, kelgusida xorijda faoliyat olib borayotgan “Islom davlati” (ISHID) xalqaro terror tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirgani aniqlangan.
Muxtasar xabarnomada holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilgani holda boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.
So‘nggi haftalarda jamoatchilik terrorizm va ekstremizmda gumonlangan fuqarolarning hibsga olingani yoki jazoga tortilgani xususida bir qator holatlardan xabar topdi.
Jumladan, Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi 19 yashar yigit diniy-ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatgani uchun 3 yilga qamalgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Zomin tumani sudi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining materiallarini tarqatish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda ayblangan 27 yoshli yigitni 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri sudi esa “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti tarafdori ekani aytilgan 11 kishiga nisbatan 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.