Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 08:31

Ikki bolali nogiron ayolga atalgan uy senator sobiq haydovchisiga rasmiylashtirildi


Dilorom Rizaqulovaga berilgan uy Senator haydovchisiga rasmiylashtirilgan.

Samarqand viloyati hokimi ikki nafar yosh bolasi bor nogiron ayolga va’da qilgan uy Oliy Majlis Senatori Gavhar Alimovaning sobiq haydovchisiga allaqachon rasmiylashtirib berilganligi ma’lum bo‘ldi. Ozodlik unga taqdim etilgan rasmiy hujjatlar va guvohlarning bergan ma’lumotiga asosan o‘tqazgan surishtiruvi davomida ushbu xulosaga keldi. Bugungi kungacha shu uyda ikki farzandi bilan yashab kelayotgan nogiron ayoldan xonadonni tark etish so‘ralyapti.

Samarqand shahri “Baxtli hayot” mahallsida yashab kelayotgan Dilorom Rizaqulova Ozodlikka murojaat qilib shahar hokimligi vakillari viloyat hokimi Erkinjon Turdimov topshirig‘i bilan kaliti berilgan xonadondan chiqishni talab qilayotganligini bildirdi.

“Oilaviy janjallar tufayli erim meni ikki nafar bolam bilan ko‘chaga haydab yubordi. Birgalikda kreditga olgan uymizni ham hokimlikka qayta topshirib o‘zi noma’lum ayol bilan boshqa viloyatga chiqib ketdi. To‘rt oylar chamasi bolalarim bilan ko‘chada yotishga majbur bo‘ldik. Skameyka va yerto‘lalarda tunagan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Shundan so‘ng, 2019 - yil may oyida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov qabullariga yordam so‘rab bordim. Hokim menga erim bilan olgan uyimiz kalitini qaytarib berib mas‘ullarga uyni meni nomimga kredit orqali rasmiylashtirishni buyurdi. Bugungi kunga kelib esa ushbu uy boshqa kishiga rasmiylashtirilganligini aytib, bizni hokimlik tomonidan vaqtinchalik ajratilgan boshqa uyga ko‘chishimizni talab qilmoqdalar. Karantin paytida bizni ogohlantirmasdan uyni boshqa kishiga berib yuborishi mumkin emas edi” – deb e’tiroz bidirdi nogiron ayol.

Dilorom Rizaqulova - uch farzandning onasi.
Dilorom Rizaqulova - uch farzandning onasi.

Ushbu holat yuzasidan Samarqand shahri hokimi o‘rinbosari Rustam Olimov tomonidan imzo qo‘yilgan xujjatga asosan fuqaro Dilorom Rizaqulova yashab kelayotgan uy hokimlik tomonidan allaqachon Bekzod ismli fuqaro nomiga rasmiylashtirilganligi ko‘rsatilgan.

“Bugungi kunda ushbu xonadon Samarqand shahrida ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni biriktirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyaning 2020 - yil 18 - martdagi 01-33/55-sonli yig‘ilish bayonining 74-bandiga asosan Ashirov Bekzod Xamidullayevich nomiga biriktirib berilgan” – deb ko‘rsatilgan rasmiy hujjatda.

Holatdan xabardor shahar hokimi mulozimning shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan bergan ma’lumotiga ko‘ra, nogironga va’da qilingan uy Samarkand viloyat hokimligi tasarrufidagi davlat raqami 30 209 SAA bo‘lgan oq "Malibu" avtomobilining haydovchisiga rasmiylashtirilgan.

Manbaning qo‘shimcha qilishicha ushbu avtomobil viloyat hokimining o‘rinbosari Samarqand viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining xizmat avtomobili ham hisoblanadi.

Samarkand viloyat hokimi matbuot xizmati rahbari Manuchexr Mirzayev 30 209 SAA raqamli oq rangli "Malibu" avtomobili hokimlik balansida mavjudligi va undan Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi foydalanib kelganligini tasdiqladi.

Dilorom Rizaqulova - uch farzandning onasi.
Dilorom Rizaqulova - uch farzandning onasi.

Bundan tashqari Mirzayev Begzod Ashirov ismli shaxsning Viloyat hokimligi avtoxo‘jaligi haydovchisi vazifasida ishlab kelganligini tasdiqladi lekin bugunga kelib uning o‘z arizasiga binoan ishdan ketganligini bildirdi.

Viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimini 2018 - yil dekabr oyidan 2020 - yilning fevral oyiga qadar Oliy Majlis Senatori Gavhar Alimova egallab kelganligi sabab Begzod Ashirov uy-joy uchun ariza bergan paytda Senatorning sobiq haydovchisi bo‘lganligini taxmin qilish mumkin.

Viloyat hokimligi haydovchining ishdan ketganligi to‘g‘risidagi vajlari ham o‘z tasdig‘ini topmadi.

Ozodlikning bir biridan mustaqil ikki manbasi ham uning bugungi kunda ham 30 209 SAA avtomobili haydovchisi ekanligi va ushbu avtomobildan Viloyat hokimi xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi Djumayeva Sayyora Orziyevna foydalanib kelayotganligi bildirildi.

Bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi vazifasida faoliyat olib borayotgan Senator Gavhar Alimovaning matbuot kotibi bo‘lgan Jamshid Nosirov Ozodlik bilan suhbatda Alimovaning 30 209 SAA avtomobilidan hokimlikda ishlagan payti foydalangniligini tasdiqladi lekin boshqa tafsilotlar bo‘ycha izoh bera olmasligini bildirdi.

Ozodlik Gavhar Alimovaning o‘zi bilan bog‘lanib holat yuzasidan izoh ola olmadi.

Ma’lumot uchun, Gavhar Alimova Oliy Majlis Senatida Reglament va odob komissiyasi raisining o‘rinbosari sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi.

XS
SM
MD
LG