Линклар

Шошилинч хабар
05 август 2021, Тошкент вақти: 08:28

Imomali Rahmonning qaynjiyani bezorilikda ayblanmoqda


Dang‘ara

Dang‘ara huquqni muhofaza qilish idoralari “Naxsh” oltin qazib chiqarish shirkati rahbari va mamlakat prezidenti Imomali Rahmonga xotini tomondan jiyan bo‘lmish 35 yoshli Amriddin Naxshovni “bezorilik”da, uning sheriklarini esa “turar-joy daxlsizligini buzish”da aybladi.

Ayni paytda hibsda saqlanayotgan 9 kishilik guruh 16 - may kuni Dang‘ara markazida mushtlashuvda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

Xabar qilinishicha, Amriddin Naxshov voqeadan so‘ng darhol yashiringan, ammo 27 - may kuni o‘z ixtiyori bilan Dang‘ara tumani IIBga borib, aybini tan olgan.

Radio Ozodining (Ozodlik radiosi tojik xizmati - tahr.) Xatlon viloyati ichki ishlar boshqarmasidagi manbasi 5 - may kuni, bir guruh shaxs Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha tergov qilinayotganini ma’lum qilgan edi.

Uning aytishicha, Amriddin Naxshovni faqat “bezorilik”da ayblashayotgan bo‘lsa, sheriklariga “bezorilik”dan tashqari, “turar-joy daxlsizligini buzish” moddasi bo‘yicha ham ayb qo‘yilgan.

Manbaga ko‘ra, Naxshov ishi Tojikiston Respublikasi JKning 237-moddasi 2-qismi bo‘yicha tergov qilinmoqda. Mazkur moddada 60 dan 120 ming somoniygacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Naxshov o‘z aybini tan olib IIBga borguncha Dang‘arada emin-erkin yurgan va uni hibs qilishga hech kimning haddi sig‘magan.

Naxshov 16 - may kuni bir necha sherigi bilan birga “Faroz” shirkati bilan shartnoma asosida ishlayotgan “Minu Farm” shirkati xodimlariga hujum qilganlikda gumon qilinmoqda.

Avvalroq radio Ozodining tergov idoralaridagi suhbatdoshlari mazkur voqeada 10 ga yaqin odam jarohat olgani, shundan to‘rt nafari pichoqlanganini xabar qilgan edi. Jabrlanganlardan to‘rt kishi – Dang‘araga ferula o‘simligi yelimi bo‘yicha shartnoma tuzishga kelgan Afg‘oniston fuqarolaridir.

O‘z ismini aytishni istamagan guvohlardan biri 24 - may kuni radio Ozodiga ommaviy mushtlashuv Dang‘ara tumani markazidagi 7-sonli mahallada yuz bergani va u “Minu Farm” shirkati rahbari Sayyod G‘iyosov, Amriddin Naxshov o‘z vakillari orqali yetkazgan yerni sotib olish topshirig‘ini bajarishdan bosh tortganidan so‘ng boshlanganini aytgan.

Ayni chog‘da “Minu Farm”shirkatining o‘zi shirkat direktori Maxmadalizoda F. imzolagan maktubda Amriddin Naxshovni aybsiz deb hisoblashini bildirgan.

“Fuqaro Naxshov A. faqat mushtlashayotgan tomonlarni ajratgan va yoshlarni tartibsizlikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan”, deyiladi “Minu Farm” shirkati xatida.

Avvalroq radio Ozodi manbalari ushbu voqea shirkat xodimlari ijaraga olgan uyda sodir bo‘lgani va unda ikki tarafdan qariyb 20 kishi qatnashganini xabar qilgan edi.

“Minu Farm” shirkatining xatida “Dang‘ara bo‘ylab sayr chog‘ida shirkatning Tojikiston fuqarolari bo‘lmish to‘rt xizmatchisi va mahalliy aholi vakillari o‘zaro gap talashib qolishgani va janjal mushtlashuvga aylanib ketgan”i haqida so‘z boradi.

Shirkat bu mushtlashuvda o‘n kishi, jumladan, Afg‘oniston fuqarolari jarohat olishganini inkor etib, nizolashgan tomonlar atigi 4 kishi bo‘lganini urg‘ulagan. Radio Ozodi manbalari mojaroda ishtirok etgan to‘rt kishi tig‘ jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilganini xabar qildi.

Amriddin Naxshov Tojikiston prezidenti rafiqasining jiyanidir. Uning otasi, “Amonatbank”ning Dushanbe, Sino tumanidagi to‘rtinchi bo‘limi sobiq boshlig‘i Fayziddin Naxshov 2018 - yilda vafot etgan.

Amriddin Naxshov ilgari “Oriyonbank”da ishlagan, hozir esa “Naxsh” oltin qazib chiqarish shirkatini boshqaradi. Mazkur shirkat Xovali tumani Shugnov jamoatida katta yerlarga ega bo‘lib, asosan oltin qazib olish bilan shug‘ullanadi.

Xodimlari mushtlashuvda qatnashgan “Minu Farm” Tojikistonda ferula o‘simligi yelimini yig‘ib olishiga ruxsat berilgan oz sonli shirkatlardan biri sanaladi. “Minu Farm” prezident I.Rahmonning kuyovi Shamsullo Sohibov egalik qilgan sobiq “Faroz” shirkatiga aloqadorligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG