Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:58

Indorama Agro MChJga berilgan Kasbi paxta tozalash zavodi ishchilari nohaq bo‘shatilganini aytmoqda


Kasbi paxta tozalash zavodining yoppasiga bo‘shatilgan norozi ishchilari tuman rahbarlari bilan uchrashuvda - yanvar, 2021 (Youtube/Fox.uz)
Kasbi paxta tozalash zavodining yoppasiga bo‘shatilgan norozi ishchilari tuman rahbarlari bilan uchrashuvda - yanvar, 2021 (Youtube/Fox.uz)

Qashqadaryoda Indorama Agro MChJ tasarrufiga berilgan Kasbi paxta tozalash zavodining yoppasiga bo‘shatilgan 100 dan ortiq ishchisi 10 - yanvardan buyon zavod ma’muriyati, tuman prokuraturasi hamda hokimiyati binolari oldida yig‘ilmoqda.

28 - yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda nohaq bo‘shatilgani va ish haqi to‘liq berilmaganini aytgan ishchilarga ko‘ra, zavod rahbariyati va tuman hokimiyat idoralari ularning muammosini hal qilib berolmayapti.

Kasbi tumanida paxta zavodi va unga qarashli paxtani qabul qilish punktlari Indorama Agro MChJ tasarrufiga o‘tgach, ishchilar bilan eski shartnoma yoppasiga tugatilib, ular doimiy ishi bo‘lmagan 3 oylik yollanma ishchiga aylantirilgan.

Bosh idorasi Singapurda bo‘lgan Indorama guruhining O‘zbekistondagi sho‘’basi - Indorama Agro MChJ Qashqadaryoning Kasbi va Nishon tumanlarida jami 27 yarim ming gektar, Sirdaryoning Oqoltin va Sardoba tumanlarida 26 yarim ming gektardan ortiq paxta va bug‘doy ekiladigan yerni ijaraga olgan. Bu ikki viloyatdagi 2 ta paxta tozalash zavodi ham shu shirkatga berilgan.

Ozodlik surishtiruvi fermerlardan yerni olish, ishchilarni ishdan bo‘shatish va yangilarini yollash asnosida O‘zbekiston Mehnat qonunlari o‘ta qo‘pol ravishda buzilgani, fermerlarning haqlari toptalgani, bundan tashqari ushbu shirkat tasarrufiga o‘tgan er maydonlarida hosildorlik tushib, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazgan ximikatlar qo‘llanganini ko‘rsatdi.

Ozodlik surishtiruvi ortidan Londonda joylashgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Indorama Agro MChJga 70 million dollarlik kredit ajratish qarorini yanvardan 10 - fevralga qoldirdi.


Doimiydan yollanma ishchiga aylangan kasbiliklar

Kasbi tumanidagi paxta tozalash zavodi hamda unga tegishli paxta punktlarida, ayrimlari 30 yildan beri ishlab kelayotgan 100 dan ortiq ishchi nohaq bo‘shatilganini da’vo qilmoqda.

Ozodlik bilan 29 - yanvar kungi suhbatda ular 2020 - yilning noyabrida birdaniga ishdan bo‘shatilgani va shundan buyon ishsiz qolayotganini aytdi.

- Avvaliga 17 kishini bo‘shatishdi, keyin noyabr oxiriga kelib, hammani bo‘shatib yuborishdi. Yanvardan yana sizlarni qayta ishga olamiz, deyishdi. Lekin mana, yanvar tugayapti, haliyam ishga olishgani yo‘q. O‘zi paxta zavod bilan paxta punktlari Indorama Agro MChJga o‘tganidan beri mehnat shartnomasini 3 oyga tuzib, tugasa, yana uzaytirib kelishayotgan edi. Hozir shu ham yo‘q, - dedi hozirda ishsiz qolganini aytgan Shavkat Arziev.

U bilan birga, Ozodlik savollariga javob bergan yana ikki ishchi - Eshqul Xudoyberganov va Shuhrat Omonovlar ham ayni muammoni tilga oldi.

Bu ishchilarning shikoyaticha, tumandagi paxta zavodi, bir necha paxta punkti bilan birga Indorama Agro MChJga o‘tganidan keyin ishchilar bilan shartnoma muddati 3 oyga tushirib qo‘yilgan.

Quyida ishchilar bilan suhbatni tinglang:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:47 0:00
Бевосита линк

Kasbi paxta zavodidagi norozilik

Kasbi paxta tozalash zavodida 50 ga yaqin ishchining zavod ma’muriyati binosiga bostirib kirib, rahbarlar va prokuraturadan borgani aytilgan mulozimlarni so‘roqqa tutgani aks etgan video 25 - yanvar kuni YouTube tarmog‘ida paydo bo‘ldi.

Ishchilar 30 yildan buyon ayni zavodda ishlab kelgani, bu zavod boshqaruvi Indorama Agro MChJga o‘tgach, nohaq bo‘shatilib, o‘rniga mavsumiy ishchilar olinayotganidan noroziligini bildirgan.

“2-3 oy ishlagandan keyin hamma ishsiz. Nega shuncha yildan beri ishlab kelgan ishchilarning asossiz ishdan bo‘shatyapsiz? O‘rnimizga yangisini olsangiz, xo‘p, ular ham ishlasin, lekin bizni ham ishsiz qoldirmang! Biz nima qilamiz endi?!”, deydi old qatorda turib mulozimlarga e’tiroz bildirgan ayol.

Dalada ham ayni ahvol - fermer va dehqonlar ishsiz

Kasbi tumani Cho‘lquvar qishlog‘idagi yashaydigan dehqonning aytishicha, 2019 - yilda o‘zi ishlagan fermer xo‘jaligi tasarrufidagi yeri Indorama Agro MChJ ga o‘tishi ortidan u ham ishsiz qolgan.

Aytishicha, Indorama Agro MChJ kelgach, paxta dalalarida mehnat qilgan fermerlar va ularning ishchilari soni ham keskin qisqarib ketgan:

"O‘rtada brigadirlar qisqarib ketdi. Xuddi shunday "qora ishchilar" ham qisqardi. Masalan, 1 ta suvchi Indorama Agro kelguncha 5 gektarni sug‘organ, hozir shu qishning sovug‘ida 25 gektarni yolg‘iz o‘zi sug‘oryapti, lekin ish haqi 1 million – 1 million 150 ming so‘m, oshmadi. Kasbi tumani - chekka hudud, odamlar faqat dalada ishlab kun ko‘radi, hozir men yashab turgan Cho‘lquvar qishlog‘ida 3 ming aholi bo‘lsa, shuning 60 foizi ishga yaraydi, taxminan. Shu 60 foizning hammasi paxatadan kun ko‘rardi, hozir faqat 10 foizida ish bor, qolgani ishsiz. “Mehnatni og‘irlashtiryapsiz, shunga yarasha haq bering yoki yana odam oling”, desa kimdir, uni shartta ishdan bo‘shatib, yonida ishsiz qolganni o‘sha arzimagan oylikka olyapti. Judayam norozilik kuchaygan”.

Indorama Agro MChJdan izoh

Ozodlik Indorama Agro MChJ ning Kasbi tuman bo‘limi rahbarlari bilan bog‘lanishga urindi.

Yuqoridagi ishchilarga ish va’da qilgani aytilgan mulozim - Kasbi paxta tozalash zavodidagi paxta punktlaridan birining raisi Dilmurod Shirinov ishchilar 3 oylik mehnat shartnomasi asosida ishlayotganini tasdiqladi.

Shirinovga ko‘ra, bunday mehnat munosabati, zavod Indorama Agro MChJ xorijiy shirkatiga berilgach boshlangan. O‘zi ham 1985 - yildan buyon paxta topshirish punktida ishlashini aytgan Shirinov, ishchi va dehqonlar og‘ir ahvolga tushib qolganini tasdiqladi, ammo bu masalalarni faqat MChJning Hindistondan borgan rahbarlari hal qilishini aytdi.

Indorama Agro MChJ Kasbi tuman bo‘limining boshqa rahbarlari hozircha biror rasmiy izoh bermadi. Ijtimoiy tarmoqlar va Qashqadaryo viloyatidagi ochiq manbalarda berilgan telefon raqamlari orqali ikki kun davomida qilingan murojaatlarga aniq javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Mulozim: Indorama Agro MChJ Toshkentdan boshqariladi

Ozodlik Kasbi tuman paxta tozalash zavodidagi norozi ishchilar va yersiz-ishsiz qolgan dehqonlar shikoyati yuzasidan Kasbi tumani va Qashqadaryo viloyati hokimliklariga murojaat qildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligida ishlaydigan mulozimning aytishicha, Indorama Agro MChJ tashkiloti “to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentga – Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qaraydi” va bu tashkilotga Kasbi va Nishon tuman hokimliklari qolib, “viloyat hokimligining ham tishi o‘tmaydi”.

Ayni paytda ismini oshkor qilmagan mulozim Kasbi tuman paxta tozalash zavodida rahbariyat hamma ishni qonun doirasida qilmoqda, deya ta’kidladi.

“Mehnat shartnomasi qonun doirasida tugatilib, qonun doirasida qayta imzolanyapti. Paxta tozalash zavodida ish sezonniy. Sezon tugaganda, ishchilarni bekor ushlab turmaslik chorasi ko‘rilyapti, bular endi ish bilgan biznesmenlar. Hammasi qonun doirasida”, - dedi mulozim Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda. Ammo ishchilarga tovon puli to‘lash yoki ishsizlarga ishsizlik kompensatsiyasi berilishi zarurligi haqidagi muxbir savollarini mulozim: “Bu savollarni Toshkentdagilarga bering”, deya javob qaytardi.

Ochiq manba: MChJga 2 viloyatda 54 ming gektar yer berilgan ajratilgan

Internet tarmog‘iga joylangan – “O‘zbekiston: Paxtachilik rejasi” nomli hujjatda qayd etilishicha, Indorama Agro MChJ shirkatiga Sirdaryoning Oqoltin va Sardoba tumanlaridan ham jami 26 yarim ming gektar, Qashqadaryoning Kasbi va Nishon tumanlaridan esa jami 27 yarim ming gektar yer ajratilgan.

"O‘zbekiston: Paxtachilik rejasi", Indorama Agro MChJ, 3 aprelь, 2020 (Hujjat Internetda ochiq manbadan olindi)
"O‘zbekiston: Paxtachilik rejasi", Indorama Agro MChJ, 3 aprelь, 2020 (Hujjat Internetda ochiq manbadan olindi)

Hujjatga ko‘ra, bu yer maydonining 50 ming gektari sug‘oriladigan (paxta va bug‘doy ekilayotgan - tahr.) yer, qolgan 4 mingi "yomon holatdagi yerlar".

Shirkat buncha yer maydonida paxta yetishtirish va bu hosildan Qo‘qondagi ip yigiruv fabrikasi - "Indorama Qo‘qon tekstil" MChJ ga paxta yetkazib beruvchi klaster tizimi barpo etishi aytilgan.

Bu namunaviy klaster tizimini yo‘lga qo‘yish asnosida xorijiy shirkat Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, atrof-muhitga zarar yetkazmagan tarzda yer va hosil unumdorligini oshirish maqsadini bayon qiladi:

"O‘zbekiston: Paxtachilik rejasi", Indorama Agro MChJ, 3 aprelь, 2020 (Hujjat Internetda ochiq manbadan olindi)
"O‘zbekiston: Paxtachilik rejasi", Indorama Agro MChJ, 3 aprelь, 2020 (Hujjat Internetda ochiq manbadan olindi)
  • "Paxtachilikda majburiy mehnatdan foydalanishning oldini olish
  • Ishlab chiqarish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish
  • O‘zbekistonda paxta sektorining barqarorligini oshirish
  • Paxtachilikda bilim va nou-xau bilan bo‘lishish".

Ozodlikning surishtiruvidan keyingi o‘zgarishlar

Shu mazmundagi shikoyatlarni Sirdaryo viloyatida yerlari xorij shirkatiga olib berilgan fermer xo‘jaliklari ishchi, suvchi va traktorchilari Ozodlikka bildirgan edi.

Ozodlik o‘tgan yil dekabr va joriy yil yanvar oyi boshida o‘tkazgan surishtiruvi jarayonida ma’lumot bergan sirdaryoliklar ham o‘zlarining mehnat qonunlariga zid ravishda ishdan bo‘shatilgani va shikoyatlari e’tiborsiz qoldirilayotganini aytishgan.

28 - yanvar kuni bu ishchilardan biri Ozodlik surishtiruvi e’lon qilingach, shikoyat qilgan ishchilarning 20ga yaqini “og‘zaki ravishda ishga qayta olingani”, shu kunga qadar ishsiz va maoshsiz qolayotganini aytdi.

“Ozodlikda maqola chiqqanidan ikki kun o‘tibmi, bular yana Indorama Agro MChJ ofisiga borishganida: “Sizlar ishdan bo‘shatilmabsizlar”, deyishgan. Lekin o‘shandan beri boshqa gap ham yo‘q, ish ham yo‘q, oylik ham yo‘q. Yerlari olib qo‘yilgan fermerlaru ularning ishchilari ishsiz yurishibdi. Ularni dardiga hech kim quloq solayotgani ham yo‘q”, - dedi ismini sir saqlash sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan sirdaryolik ishchi.

Indorama Agro MChJ shirkati ma’muriyatida ishlagan manbaning aytishicha, aslida rahbariyat tarkibida biroz o‘zgarish bor va shu kunda tashkilotning Singapurdagi idorasidan yangi tayinlangan boshliqning kelishi kutilmoqda.

“Rahbariyatda o‘zgarishlar bo‘lyapti. Lekin, ishdan ketganlar masalasida o‘zgarish yo‘q, aksincha yanvar oyida yana o‘nlab odam ishdan bo‘shatildi”, - dedi manba.

Mirziyoyev ishongan "arzanda" shirkat

O‘zbekiston Bosh vazirining 2018 - yil 8 - avgust kungi qarorida yozilishicha¸ Indorama guruhi 2023 - yil oxiriga qadar paxtachilik va to‘qimachilik sektoriga jami 340 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya olib kirish¸ kamida 1500 ish o‘rni yaratish majburiyatini zimmasiga olgan.

O‘zbek fermer va dehqonlarining 54 ming gektar sug‘oriladigan yeri taqdim etilgan Indorama guruhi o‘tgan ikki yil davomida O‘zbekistonga va’da qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyaning qanchasini kiritgani aniq emas.

Indorama Agro MChJga berilgan minglab gektar yerda paxta¸ g‘alla va boshqa ekin ekib¸ tirikchiligini ko‘rib kelgan Qashqadaryoning Kasbi va Nishon¸ Sirdaryoning Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi 1068 fermer xo‘jaligi¸ hukumat va banklar ta’kidicha, “ko‘ngilli ravishda yer ijara shartnomasidan voz kechdi”.

Ozodlik suhbatlashgan qashqadaryolik va sirdaryoliklar fikricha, aksincha – Indorama Agro MChJ faoliyati bois ikki viloyatda paxtachilik¸ g‘allachilik va chorvadorlik bilan shug‘ullanib kelgan fermer va dehqonlar yagona daromad manbaidan ajramoqda.

Ularning iddaosicha, Indorama Agro MChJ rahbarlari orqasida shaxsan prezident va hukumat turganini ta’kidlab, O‘zbekiston mehnat qonunlarini buzmoqda, o‘ziga berilgan yerlarda ishlab kelgan fermer va dehqonlarni jazirama issiq va qattiq sovuqda “quldek ishlatmoqda”.

Faqat mavsumiy ishchi sifatida rasmiylashtirilgan yuzlab suvchi va xodimning ish haqini asossiz ravishda kesib, ularni turli bahona bilan ko‘chaga – xorijdan ish izlashga mahkum ishsizlar safiga haydamoqda.

Indorama Agro MChJning Sirdarë filiali tijoriy direktori bo‘lgan Kuldeep Kumar, Sirdaryo filiali boshqaruvchisi Jasur Husanxodjaevlar Ozodlik telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi. Ayni mulozimlar Ozodlikning 2020 - dekabr va 2021 - yanvar oylaridagi surishtiruvlari chog‘ida qilingan murojaatlarni ham javobsiz qoldirgandi.

XS
SM
MD
LG