Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2024, Тошкент вақти: 11:49

Islom Karimov va Tohir Yo‘ldoshning tarixiy videosi ekstremistik material deb topildi


Namanganda hokimiyat binosini bosib olgan "Islom lashkarlari" rahbari Tohir Yo‘ldosh va uning yonida cho‘kkalab o‘tirgan prezident Islom Karimov. Dekabr, 1991. Video skrinshoti
Namanganda hokimiyat binosini bosib olgan "Islom lashkarlari" rahbari Tohir Yo‘ldosh va uning yonida cho‘kkalab o‘tirgan prezident Islom Karimov. Dekabr, 1991. Video skrinshoti

18-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Chirchiq shahar sudi O‘zbekiston JKning 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish) bilan ayblanayotgan Sevara Shaydullayevaga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi.

Bu haqda Ozodlikka “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Jinoyat ishi materiallariga ko‘ra, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi fuqaro S. Shaydullayeva 2023-yilning sentabr oyida otasining telefon apparatiga 1991-yilda Namanganda prezident Islom Karimovning mahalliy hokimiyat binosini bosib olgan islomchilar rahbari Tohir Yo‘ldosh bilan tarixiy muloqoti aks etgan video havolasini yuborgan.

Bundan 10 yil avval tarmoqqa joylashtirilgan “Legendarnaya syomka. Taxir Yuldash i Islam Karimov v Namangane v 1991 godu” deb ataluvchi mazkur video hozir ham ochiq. Uni shu paytga qadar qariyb 7 million tomoshobin ko‘rgan.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani prokurori A. G‘aniyev tomonidan tasdiqlangan ayblov xulosasida (nusxasi Ozodlikda mavjud-tahr.) aytilishicha, mazkur video sudga oid dinshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, ekstremistik, ta’qiqlangan va konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilishni ifodalaydi.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Oliy sudining 2016-yil 26-sentabrdagi qaroriga asosan ekstremist deb tan olinganlar ro‘yxatida AQSHning Afg‘onistondagi aksilterror kuchlari tomonidan yo‘q qilingan "O‘zbekiston islomiy harakati" yetakchisi Tohir Yo‘ldosh ham bor va uning har qanday chiqishi yoki tasvirlari tuzumga tajovuzdir.

Ислом, Каримов ва Тоҳир Йўлдош. Наманган воқеаларига 30 йил тўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:25 0:00

Ijtimoiy tarmoqdagi mazkur ochiq videoda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning norozilik namoyishi o‘tkazayotgan olomon va ularning yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldosh bilan muloqoti aks etgan.

Miting davomida Tohir Yo‘ldosh va uning tarafdorlari musulmonlarning siyosiy hayotda ishtirok etishiga ruxsat berish, juma kunini dam olish kuni etib belgilash va O‘zbekistonni islomiy davlat deb e’lon qilish masalasini parlament muhokamasiga qo‘yish singari talablarni ilgari surishadi.

Prezidentlikka nomzod Islom Karimov oldinroq hokimiyat binosiga yig‘ilgan saylovchilar bilan uchrashmagani uchun ulardan kechirim so‘raydi va musulmonlarning talablarini tegishli ravishda ko‘rib chiqish, jumladan, O‘zbekistonni islomiy davlat deb e’lon qilish masalasini deputatlar bilan muhokama qilishga va’da beradi.

Videolavhalarda o‘sha paytdagi hukumat a’zolari, jumladan, Islom Karimovning maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov ham aks etgan.

Mahkama jarayonini yaqindan kuzatayotgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, "munosib xulq-atvorda bo‘lish sharti bilan" ochiqda, sud majlislarida ishtirok etayotgan chirchiqlik 31 yashar Sevara Shaydullayevaga qo‘yilayotgan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish aybi "absurddan boshqa narsa emas".

“Modomiki, mazkur videoni ko‘rish va tarqatish o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishni keltirib chiqararkan, birinchidan, odamlarni bu haqda ogohlantirish kerak. Ikkinchidan, Oliy sudning taqiqlangan ekstremistlar ro‘yxatida Tohir Yo‘ldosh bor, ammo uning har qanday surati yoki tasviri ekstremizm ekani belgilanishi kerak”, deydi Tashanov.

Huquq faoliga ko‘ra, qonuniy ta’qiblar amaliyotidagi bunday yondashuv "jamiyatning totalitarlashuvi va huquqiy nigilizmga olib keladi".

XS
SM
MD
LG