Ispaniya janubiy-sharqidagi Valensiya viloyatida yuzaga kelgan toshqin natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 95 kishi halok bo‘lgan. Toshqinga 29-oktyabr kuni tinimsiz quygan jala sabab bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda mintaqa turg‘unlari suv oqimidan qochib, daraxtlarga chiqib jon saqlashga urinayotgani aks etgan videolar hamda o‘t o‘chiruvchilar suv ostida qolgan avtomobillardan odamlarni chiqarib olishga urinayotgan kadrlar paydo bo‘lgan.
Valensiya viloyati rahbari Karlos Mason matbuot anjumanida suv bosgan ayrim hududlarga hali yetib borishga muvaffaq bo‘linmaganini bildirgan. O‘nlab odam bedarak ketgani aytilmoqda.
Qutqaruv ishlariga favqulodda vaziyatlar bo‘yicha harbiy bo‘linma jalb etilgan. Toshqindan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlarda maktablar va asosiy xizmatlar faoliyati to‘xtatilgan, shuningdek, Madrid bilan Barselona o‘rtasidagi poyezd qatnovi bekor qilingan.
Valensiyada so‘nggi yirik toshqin 2023-yil sentyabrida sodir bo‘lgan edi: o‘shanda Ispaniyada tabiiy ofat natijasida kamida uch kishi halok bo‘lgan.
Olimlarga ko‘ra, mintaqada ekstremal ob-havo hodisalarining tez-tez sodir bo‘lishiga iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lgan. Meteorologlar fikricha, O‘rtayer dengizida haroratning ko‘tarilishi suvning tez bug‘lanishiga olib kelmoqda, bu esa yog‘ingarchilik intensivligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti, deb yozgan Reuters agentligi.