Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 08:48

Isroil HAMAS lideri o‘limi uchun mas’ul ekanini tan oldi


Israel Kas
Israel Kas

Isroil mudofaa vaziri Israel Kas 23-dekabr kuni Eronda shu yil iyul oyida HAMAS lideri Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi isroillik harbiylar ishi ekanini ilk bor ochiqchasiga tan oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar qildi.

Agentlik qaydicha, bu bayonot Isroilning G‘azodagi urushi va Livandagi mojaro tufayli notinch bo‘lgan mintaqada Eron va uning asosiy dushmani bo‘lgan Isroil o‘rtasida taranglik kuchayib ketishiga olib kelishi mumkin.

O‘z chiqishida Isroil mudofaa vaziri Kas: “Husiylarning terror tashkiloti Isroilga raketalar bilan o‘qqa tutayotgan shu kunlarda men ularga aniq-tiniq murojaat yo‘llamoqchiman: Biz HAMASni yengdik, biz “Hizbulloh”ni yengdik, biz Eron mudofaa tizimini ko‘r qildik va ishlab chiqarish quvvatlariga shikast yetkazdik, biz Suriyadagi Asad rejimini ag‘dardik, biz yovuzlik o‘zagiga jiddiy zarba berdik. Biz qarshilikning so‘nggi o‘chog‘i bo‘lib qolayotgan Yamandagi husiy terrorchilariga ham og‘ir zarba beramiz”, deya urg‘ulagan.

Isroil ularning strategik infratuzilmasini ishdan chiqaradi, biz Tehronda, G‘azoda va Livanda Haniya, Sinvar va Nasrullohni yo‘q qilganimiz kabi ularning qo‘mondonligini boshsiz qoldiramiz. Biz Xudayda va Sanada ham shu ishni qilamiz”, degan Kas Mudofaa vazirligi harbiylari uchun uyushtirilgan kechada chiqish qilarkan.

Eron tomonidan dastaklanayotgan Yamandagi husiylar guruhi ikki yildan buyon Isroilning dengiz tarafdan qamalini kuchaytirish uchun Qizil dengizdagi savdo kemalariga hujum qilib kelmoqda. Ular bu ishlarni Isroilning G‘azodagi urushida falastinliklar bilan birdam ekanlarini ko‘rsatish uchun amalga oshirayotganlarini aytishmoqda.

Iyul oyi oxirida Falastinning HAMAS guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) siyosiy lideri Ismoil Haniya Tehronda amalga oshirilgan hujum natijasida o‘ldirilgan. Eron rasmiylar hujum uchun mas’uliyatni Isroilga yuklagan. Ayni paytda, Reuters qaydicha, isroilliklar shu paytgacha Haniyaning o‘limi uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olgan emasdi.

Haniyaning doimiy istiqomat joyi Qatar bo‘lib, u yerda HAMAS lideri o‘zini Falastin diplomatiyasini tamsil etgan shaxs sifatida ko‘rsatib kelgan. Haniya G‘azo sektoridagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bilvosita muzokaralar tashkil etilishi bo‘yicha xalqaro urinishlarning ham ishtirokchisi bo‘lgan, deb yozgan Reuters.

XS
SM
MD
LG