Isroil hukumati Al Jazeera (Qatar) telekanalining mamlakatdagi byurosini yopib, faoliyatini to‘xtatish uchun ovoz bergan. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Men boshqarayotgan hukumat bir ovozdan qaror qabul qildi: Isroilda Al Jazeera provokatsion kanali yopiladi”, deb yozgan Netanyahu.
Telekanal sayti Isroilda blokirovka qilingan, tahririyat ofisida esa tintuv o‘tkazilib, jurnalistlarning texnikasi musodara etilgan.
Al Jazeera saytida yoyinlangan xabarda Isroil insonning axborot olish huquqini poymol qiluvchi “jinoyatkorona” qaror qabul qilgani aytilgan. Telekanal o‘z huquqlarini himoya qilish uchun yuridik choralar ko‘rilishini bildirgan. Isroil qarori BMTning inson huquqlari oliy komissarligi tomonidan qoralangan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) ham Isroil hukumati qarorini qoralab chiqqan. Qo‘mita qaydicha, bu Isroildagi boshqa xalqaro media faoliyatida aks etishi mumkin bo‘lgan xatarli pretsedent bo‘lib hisoblanadi.
Al Jazeera telekanali tez-tez Isroil hukumatini tanqid qilib, Falastinning G‘azo sektori va boshqa hududlaridagi voqealar haqida reportajlar yoyinlab keladi. Bu reportajlarda Isroil falastinlik tinch aholi vakillari o‘limida ayblanadi.
Shu yilning 1-aprelida Isroil parlamenti, agar OAV mamlakat xavfsizligi uchun tahdid solsa, uni yopishga imkon beruvchi qonunni tasdiqlagan edi. O‘shanda CPJ bu qonun o‘z-o‘zini senzura qilish va matbuotga dushmanona munosabatda bo‘lishga turtki berishini qayd etgandi.