Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 19:44

Isroil hukumati Livandagi otashkesimga oid kelishuvni ma’qulladi


Isroil aviatsiyasining Bayrutga hujum oqibatlari, 2024-yil 26-noyabri
Isroil aviatsiyasining Bayrutga hujum oqibatlari, 2024-yil 26-noyabri

Isroil Vazirlar mahkamasi Livandagi otashkesimga oid kelishuvni ma’qulladi: kelishuvni 10 kishi yoqlagan, bir kishi esa bunga qarshi ovoz bergan. Reuters agentligining yozishicha, AQSH Livanni mazkur kelishuv 27-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan tonggi soat 4 dan boshlab kuchga kirishi haqida xabardor qilgan.

Isroil AQSHning bu jarayonga qo‘shgan hissasini qadrlaydi va o‘z xavfsizligiga nisbatan har qanday tahdidga qarshi harakat qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi”, deya bildirgan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu.

AQSH prezidenti Jo Bayden o‘z chiqishida Isroil va Livan bosh vazirlari bilan telefon orqali muzokara olib borganini, ularning har biri o‘z hukumatlari bitimni qabul qilganini aytganini ma’lum qildi.

Endilikda HAMAS ham tanlov qilishi kerak. Ular uchun yagona yo‘l – o‘zlari tutib turgan amerikalik fuqarolar doxil garovdagi shaxslarni ozod qilish. Bu jarayon mobaynida jangovar harakatlarga yakun yasalishi zarur, bu esa gumanitar yordam ko‘paytirilishi uchun imkon yaratadi. Yaqin kunlar ichida Qo‘shma Shtatlar Turkiya, Misr, Qatar, Isroil va boshqa mamlakatlar bilan birgalikda G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilishiga erishish uchun yana bir urinishni amalga oshiradi”, degan Bayden.

“Hizbulloh” bilan otashkesim kelishuviga qarshi ovoz bergan yagona vazir Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bo‘lgan. Avvalroq u mazkur kelishuvni “tarixiy xato” deb atab, unga qarshi chiqishini bildirgan edi.

Bu sulh emas. Bu “sukunat evaziga sukunat” konsepsiyasiga qaytishdir va biz buning nimalarga olib kelishini avval ham ko‘rganmiz”, deb yozgan Ben-Gvir X ijtimoiy tarmog‘ida.

Binyamin Netanyaxu o‘zining seshanba kungi chiqishida Livandagi “Hizbulloh” radikal guruhining qayta qurollanish bo‘yicha har qanday urinishi kelishuv shartlarining buzilishi bo‘lib hisoblanishi, shunday bo‘lgan taqdirda Isroil bunga “keskin javob berishi”ni bildirgan. Netanyaxu, agar “Hizbulloh” kelishuvni buzsa, Isroil zarba berishini qo‘shimcha qilgan.

Yaxshi bitim degani rioya etiladigan bitimdir va biz unga rioya qilamiz”, deya iqtibos keltirgan Netanyaxu so‘zlaridan The Times of Israel nashri.

Isroil bosh vaziri “Hizbulloh” bir yil avvalgi guruh emasligini, isroillik harbiylar uni “o‘n yillar orqaga” surib tashlashganini bildirgan. Netanyaxuga ko‘ra, armiya nafas rostlashga muhtoj va u o‘z diqqat-e’tiborini Eron tomonidan kelayotgan tahdidga qarshi kurashga qaratishi lozim.

Sulh rejasida Isroil qo‘shinlarining 60 kun ichida Livandan olib chiqib ketilishi ko‘zda tutilgan. Isroil chegaraoldi hududlari ustidan nazoratni Livandagi hukumat armiyasiga topshirishi, “Hizbulloh” esa o‘zining og‘ir qurollarini Litaniy daryosi shimoliga olib ketishi lozim bo‘ladi. AQSH tinchlik rejasi bajarilishini nazorat qilishi hamda “Hizbulloh” sulh shartlarini buzgan taqdirda, Isroilga dastak kafolati berishi kerak bo‘ladi.

Eron tomonidan dastaklangan va qarorgohi Livanda bo‘lgan “Hizbulloh” guruhi Falastindagi HAMAS guruhining (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) 2023-yil 7-oktyabridagi Isroil janubiga hujumidan keyin Isroilga hujumlarni kuchaytirgan. Bunga javoban Isroil sentyabr oyida Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi harbiy amaliyot boshlagan. 1-oktyabr kuni Isroil armiyasi Livanda quruqlikdagi amaliyotga kirishgan.

“Hizbulloh” AQSH va Isroilda terror tashkiloti deb tan olingan. Yevropa Ittifoqida “Hizbulloh”ning harbiy qanoti terror tashkiloti o‘laroq tan olingan, Livan parlamentida o‘z deputatlariga ega “Hizbulloh” siyosiy partiyasi esa YI nazdida terror tashkiloti emas.

XS
SM
MD
LG