Isroil Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashidan chiqmoqchi – avvalroq AQSHda shu kabi qaror qabul qilingan. Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning bildirishicha, Tel-Aviv AQSH prezidenti Donald Trampning Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashi faoliyatida ishtirok etmaslikka oid qarorini olqishlaydi.
“Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashi odatan inson huquqlarini buzadiganlarni himoya qiladi va buning o‘rniga Yaqin Sharqdagi yagona demokratiya bo‘lgan Isroilni shaytonlashtiradi”, deya bildirgan Saar.
U Isroil “100 dan ziyod qoralovchi rezolyutsiya” hadafi bo‘lgani, bu esa kengash tomonidan qabul qilingan butun rezolyutsiyalarning 20 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etishini qo‘shimcha qilgan.
“Bu Eron, Kuba, Shimoliy Koreya va Venesuelaga nisbatan qabul qilingan rezolyutsiyalarning jamidan ham ko‘p”, degan Isroil TIV rahbari.
AQSH prezidenti Donald Tramp 4-fevral kuni Qo‘shma Shtatlar Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashi doxil Birlashgan Millatlar tashkilotining qator organlaridan chiqishiga oid farmonni imzolagan edi. Tramp izohiga ko‘ra, bunga asosan AQSH bilan boshqa mamlakatlar o‘rtasida bu tashkilotlarga berilayotgan mablag‘larda sezilarli darajada farq borligi sabab bo‘lgan. Hujjatda, shuningdek, AQSH BMTning falastinliklarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) bilan ham hamkorlikni to‘xtatishi aytilgan.