Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:19

It bayrami arafasida Turkmaniston ma’murlari qarovsiz itlarni qirmoqda. Ba’zan egasi borlarini ham


Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov alabay kuchugini ushlab turibdi.
Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov alabay kuchugini ushlab turibdi.

Ashxobodliklarining aytishicha, itlarning Alabay zotiga bag‘ishlangan bayram arafasida shahar ma’muriyati qarovsiz it va mushuklarni ayovsiz qirmoqda.

Yaqinda prezident Gurbanguli Berdimuhamedov aprel oyining so‘nggi yakshanbasini Alabay itlari kuni deb e’lon qilgan edi.

Alabay xalqaro miqyosda Markaziy Osiyo cho‘pon itlari, o‘zbeklar orasida esa bo‘ribosar o‘laroq ma’lum bo‘lgan it zoti bo‘lib, yovvosh, serharakat va jasur it o‘laroq shuhrat qozongan.

Turkman alabayi boshqa bo‘ribosarlar kabi cho‘ponlar tomonidan chorvani qo‘riqlashda va hayvonlarni yirtqichlardan himoya qilishda ishlatilgan. Itning bu zoti bo‘yi 70 sm va og‘irligi 80 kilogacha boradi, juni qalin bo‘lgani bois sovuqqa chidamli.

Ashxobodliklar Ozodlikka shahar ma’murlari birinchi navbatda qarovsiz jonivorlarni nishonga olayotgan bo‘lsa-da, ayrim holatlarda egasi bor it va mushuklarni ham olib ketayotganidan shikoyat qildilar.

Ularning aytishicha, Ashxobod markazidan uzoqda joylashgan tumanlarda sanitariya xodimlari tez-tez ko‘p qavatli binolarda reyd uyushtirib, it va mushuklarni olib ketmoqda.

Туркманистон президенти Алабайга олтин ҳайкал ўрнатди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:17 0:00

Mahalliy aholi so‘zlariga ko‘ra, bunday otryadlar tomonidan yo‘q qilingan hayvonlar jasadlari shahar axlatxonalariga tashlanmoqda.

So‘nggi haftalarda Nurmuhammed Andalib ko‘chasi yaqinidagi hududlar qarovsiz itlardan butunlay tozalangan. Ushbu yo‘ldan prezidentning o‘g‘li Serdar Berdimuhammadov ishga qatnaydi. U Xalqaro alabay uyushmasining rahbaridir.

Yil boshida Turkmaniston Oliy nazorat palatasi raisi etib tayinlangan Berdimuhamedov kelajakda otasi o‘rnini egallashi taxmin qilinmoqda.

Keyingi oyga belgilangan bayramni Xalqaro alabay uyushmasi uyushtiradi.

Tanqidchilar bayramga ajratilgan mablag‘lar fuqarolar hayotini yaxshilashga sarflanishi kerakligini aytib keladi. Turkmaniston xalqining aksariyati qashshoqlikda yashaydi.

Amerika itboqarlar klubi bo‘ribosarlarni «bugungi kunda mavjud bo‘lgan eng qadimgi itlar guruhi» deb ta’riflaydi. Klubga ko‘ra, «bugungi zotlarning ko‘pchiligidan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyo cho‘pon itlari inson tomonidan yaratilgan yoki biron muayyan shaxs yoki mamlakat tomonidan yaratilgan emas».

Ashxobodliklar ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka shahar xodimlari mahalliy o‘spirinlarga mushuk va itlarga «zaharlangan ovqat, masalan, non yoki kolbasa tashlash uchun» pul berayotganini so‘zlab berdilar.

Ozodlikka gapirgan ashxobodliklarning biri:

«Ular zaharlangan kolbasa va baliqlarni odamlar itlari bilan sayr qiladigan joylarda qoldiradilar yoki zaharlangan yeguliklarni uy hayvonlari egalari eshigi ostiga tashlaydilar», - dedi.

Turkmaniston rasmiylari Ashxobod va boshqa shaharlarda qarovsiz hayvonlarni shafqatsizlik bilan yo‘q qilib keladi.

Ammo Berdimuhamedov xalqqa o‘zini hayvonlarni sevuvchi rahbar o‘laroq ko‘rsatib keladi.

O‘tgan yilning noyabrida Ashxobodda alabayga ulkan oltin haykal o‘rnatilgan edi.

XS
SM
MD
LG