Italiyaning Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi kafolati tashkiloti Xitoyning DeepSeek neyrotarmog‘ini ishlab chiqargan shirkatdan italiyalik mijozlarga tegishli ma’lumotlarni qayta ishlamaslikni talab qildi. Bu esa, agar mamlakatdagi aloqa operatorlari va internet-provayderlarga tegishli topshiriq berilsa, Italiyada mazkur xizmat blokirovga qilinishi mumkinligini anglatadi.
Regulyator xizmat ishlab chiqaruvchilariga Yevropa qonunchiligiga rioya qilish talabnomasi bilan murojaat qilganini bildirdi. Xitoy shirkatlari bunga javoban Yevropada ish olib bormayotganlari va Yevropa qonunlariga bo‘ysunish majburiyati yo‘qligini qayd etishgan. Regulyator bu javobni qoniqarli emas deb topib, ehtimoliy qonun buzilishi yuzasidan tekshiruv boshlagan.
Tashkilot talabnomasi ortidan DeepSeek o‘z ilovasini Italiya onlayn do‘konlaridan o‘chirib tashlagan, biroq sayt orqali ishlashda davom etmoqda, deb yozgan Il Sole 24 Ore gazetasi. O‘chirib tashlanishidan oldin neyrotarmoq mamlakatda eng ko‘p yuklab olinayotgan ilovaga aylangan edi.
Yevropa Ittifoqida amalda bo‘lgan Ma’lumotlarni himoyalash bo‘yicha umumiy reglamentda, agar IT-shirkatlar YI aholisi ma’lumotlarini qabul qilayotgan bo‘lsalar, hujjat yurisdiksiyasi butun dunyodagi shirkatlarga tegishli bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Reglament talablari bajarilmagani uchun shirkatlarga 20 million yevrogacha yoki yillik aylanmasining 4 foizidan boshlagan miqdorda jarima solinishi mumkin.
Xitoyning DeepSeek startapi taqdim etgan so‘nggi sun’iy intellekt modellari haqida Ozodlik avvalroq maqola e’lon qilgandi. Bepul yuklab olinishi mumkin bo‘lgan DeepSeek ilovasi OpenAI mahsuloti bo‘lgan ChatGPTga muqobil bo‘lib, naqafat IT dunyosi, balki jahon moliya bozorida ham talotumga sabab bo‘lgan edi.