Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:00

Italiyada IDga aloqador ko‘rilgan tojikistonlik qo‘lga olindi


Italiyalik politsiyachilar (illyustrativ surat)
Italiyalik politsiyachilar (illyustrativ surat)

Italiyada “Islom davlati” guruhiga (dunyodagi ko‘plab davlatlarda terror tashkiloti o‘laroq tan olingan) a’zolik gumoni bilan Tojikistonning 32 yoshli fuqarosi Ilhom Sayrahmonzoda qo‘lga olingan. Bu haqda ANSA agentligi xabar qildi.

Sayrahmonzoda boshqa kishi nomiga olingan hujjat bilan Hollandiyaning Eyndxoven shahridan uchib kelganidan keyin Fyumichino aeroportida ushlangan. Politsiya xodimlari uning barmoq izlarini olishganida ular, xabarlarga ko‘ra, Tojikiston so‘rovi bo‘yicha Interpol qidirayotgan erkakka oid ma’lumot bilan bir xil chiqqan.

Agentlik qaydicha, politsiya xodimlari Sayrahmonzodani birov kutib-kutmayotganini aniqlash uchun uning orqasidan kuzatib borishgan. Biroq uni hech kim kutmayotgan edi, u Rimga ketadigan poyezdga o‘tirishni rejalayotgan bo‘lgan. Tojikistonlikning yonida boshqa chipta bo‘lmagani uchun jurnalistlar Rim uning borar manzili, degan qarorga kelishgan.

Politsiya xodimlari uning yonidagi mobil telefoni va ikki mingga yaqin yevro miqdorida naqd pulini olib qo‘yishgan.

Italiya politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Sayrahmonzoda 2014-yili Suriyaga borib, “Islom davlati”ga qo‘shilib, guruhning faol a’zosiga aylangan. O‘sha paytdan beri u qidiruvda bo‘lgan, biroq uning yonida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ukraina fuqarosi soxta pasporti bo‘lgani uchun uni hech kim qo‘lga olgan emas.

OAV yozishicha, Ilhom Sayrahmonzoda avvalroq Ukrainada noqonuniy qurol-aslaha aylanmasida ayblanib sudlangan, 2023-yilning iyul oyida esa u Belgiyada qo‘lga olingan, biroq keyin qo‘yib yuborilgan.

“Islom davlati” guruhi avvalroq Futbol bo‘yicha chempionlar ligasi o‘yinlarida teraktlar uyushtirish bilan tahdid qilgan edi. ID vakillari yoyinlagan suratda “Ularning hammasini o‘ldirish kerak” degan yozuvni hamda chorak final o‘yinlari bo‘lib o‘tadigan to‘rtta o‘yingoh (“Emireyts”, “Park de Prens", "Metropolitano" va "Santyago Bernabeu stadionlari) nomlarini ko‘rish mumkin. Marca gazetasi xavfsizlik xizmatlari bu borada tegishli ma’lumotga ega ekanlari haqida yozgan.

XS
SM
MD
LG