Линклар

Шошилинч хабар
17 феврал 2025, Тошкент вақти: 08:53

Janubiy Koreya razvedkasi: Kursk viloyatida KXDRdan bo‘lgan 300 nafar askar o‘lgan


Iddaolarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Kursk viloyatida asir olingan shimoliy koreyalik harbiylardan biri
Iddaolarga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Kursk viloyatida asir olingan shimoliy koreyalik harbiylardan biri

Rossiyaning Kursk viloyatida Shimoliy Koreyadan bo‘lgan 300 dan ziyod harbiy halok bo‘lgan. Bu haqda Yonhap agentligi Janubiy Koreya razvedkasidan olingan ma’lumotlarga tayangan holda xabar qildi.

Maxsus xizmat hisob-kitobiga ko‘ra, KXDRdan kelgan guruh ichida qurbon bo‘lganlar soni 300 nafarga, yaralangan soni 2700 nafarga yetgan. Dekabr oyida Janubiy Koreya razvedkasi Kursk viloyatida KXDRdan bo‘lgan 100 askar halok bo‘lgani, mingga yaqin kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilgan edi.

Muassasa shimoliy koreyalik ikki harbiyning asir olinganini ham tasdiqlagan. Ular haqida avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qilgan edi. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, bu ikki harbiy KXDRning Razvedka bosh boshqarmasida xizmat qilgan.

Kuni kecha Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy UQK tomonidan Kursk viloyatida asir olingan shimoliy koreyalik ikki askar so‘roq qilingani aks etmish kadrlarni yoyinlagan edi. Asirlardan birining yonidan Tivada yashagan Aranchin Antonin nomiga berilgan harbiy bilet topilgan. Avvalroq OAVda Rossiya Kurskdagi janglarda shimoliy koreyalik askarlar ishtirok etayotganini yashirayotgani va ularga soxta shaxsiy guvohnomalar berayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Zelenskiy 12-yanvar kungi murojaatida, agar KXDR lideri Kim Chen In shimoliy koreyaliklarni Rossiyada tutqunlikda saqlanayotgan ukrainaliklarga almashtirilishini tashkil etolsa, unga asirlarni topshirishga tayyorligini bildirgan.

Ukraina prezidenti yoyinlagan videoda asirlardan biri o‘zining Ukrainaga qarshi jang qilish uchun yuborilganini bilmagani, komandirlar ularga buning faqat harbiy mashq ekanini aytishganini ma’lum qilgan. Shimoliy koreyalik asirlarning yana biri oilasi borligi, biroq yaqinlari uning qayerda ekanini bilmasligini aytgan. “KXDRga qaytishni istaysizmi?” degan savolga ulardan biri “ha” deb javob bergan, yana biri Ukrainada yashashni istashini aytgan.

G‘arb razvedkalari iddaosiga ko‘ra, urushda ishtirok etish uchun Rossiyaga KXDRdan 10 ming chog‘li harbiy kelgan bo‘lishi mumkin. Ular orasida qurbonlar soni yuzlab va hatto minglab ekani aytilgan, biroq bu raqamlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan emas. Zelenskiy iddaosicha, “Ukrainaga qarshi urushda shimoliy koreyaliklar ishtirok etayotganiga isbot-dalil bo‘lmasligi uchun rossiyalik va KXDRdan bo‘lgan boshqa askarlar ko‘pincha yaradorlarni o‘ldirib ketishadi”.

Moskva va Pxenyan Ukrainaga qarshi janglarda KXDRdan bo‘lgan harbiylar ishtirok etayotganini tasdiqlamagan, biroq buni to‘g‘ridan to‘g‘ri inkor ham qilgan emas.

XS
SM
MD
LG