Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:20

Janubiy Koreyada ikki o‘zbek paralimpiadachi "jinsiy tegajog‘lik"da ayblanmoqda


Osiyo-Okeaniya ochiq chempionati Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun reyting ochkolari beruvchi muhim xalqaro musobaqa edi.
Osiyo-Okeaniya ochiq chempionati Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun reyting ochkolari beruvchi muhim xalqaro musobaqa edi.

Janubiy Koreyada para pauerlifting bo‘yicha O‘zbekiston jamoasining ikki a’zosi jinsiy tegajog‘lik aybi bilan mahkamaga tortilmoqda.

O‘zbek sportchilari bilan bog‘liq jinoyat ishi tafsilotlari ayblanuvchilar - A.B va N.D (Ozodlik aybsizlik prezumpsiyasi vajidan ularning to‘liq ism-shariflarini e’lon qilmayapti-tahr.) lar hibsga olinganidan ikki oy o‘tib o‘rtaga chiqmoqda.

Hozirga qadar O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasi bu borada hech qanday rasmiy ma’lumot bermagan. Ozodlik manbalari qo‘mita hodisani yashirishga urinib kelganini iddao qilmoqda.

Ozodlikning bu borada rasmiylardan izoh olish urinishi hozircha natija bermadi.

Ikki oydan buyon hibsda

Hodisa Janubiy Koreyaning Pxyontxek shahrida para pauerlifting bo‘yicha 14-20-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Osiyo-Okeaniya ochiq chempionati paytida sodir bo‘lgan.

Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolari beruvchi musobaqaning oxirgi kuni para pauerlifting bo‘yicha Avstraliya terma jamoasining ikki a’zosi o‘zbek sportchilari o‘zlariga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilganlikda ayblab, mahalliy politsiyaga shikoyat qilgan.

Politsiya o‘zbek terma jamoasining besh nafar sportchisini hibsga olgan, keyinchalik ulardan uch nafari qo‘yib yuborilgan.

Ikki nafar sportchi - A.B va N.D ikki oydan ko‘proq vaqtdan buyon Janubiy Koreyaning Pxyontxek shahri prokuraturasi hibsxonasida qolmoqda.

Jinoyat ishi tafsilotlari bilan tanish Ozodlik manbasiga ko‘ra, jinsiy tegajog‘lik qurboni bo‘lgani taxmin qilinayotgan ikki avstraliyalik paraatlet ayollar o‘zbek sportchilari ularning xohishiga zid tarzda “sonini ushlagani”ni iddao qilgan.

O‘zbek sportchilari esa, bu ularning roziligi bilan bo‘lganini aytib, ayblarni rad etishmoqda.

“Bu haqda yozmang!”

Pxyontxek shahri prokuraturasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, o‘zbek sportchilari ustidan ilk mahkama jarayoni 24-avgust kuni bo‘lib o‘tgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, Suvon mintaqasi sudining Pxyontxek shahar bo‘limida mahkamaning ayblanuvchilar ishtirokida o‘tgan ilk majlisi qisqa bo‘lgan va unda hech qanday ajrim chiqarilmagan.

Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turilgan sportchilardan birining qarindoshi Ozodlik bilan suhbatda o‘zbekistonlik sportchilar ikki oydan buyon o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, murabbiylar hodisani jamoatchilikdan mutlaqo sir saqlab kelayotganini iddao qildi.

O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasi rasmiylari esa o‘zbek sportchilarining Janubiy Koreyada hibsga olinishi va ularga qarshi ayblovlar borasida sukut saqlamoqda.

Paralimpiya qo‘mitasi matbuot kotibi Malika Murodova Ozodlik bilan suhbatda hodisa haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.

Ozodlik bog‘langan Para pauerlifting bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylaridan biri esa hodisani yoritmaslikni tavsiya qildi.

“Sportchilarimizga tuhmat bo‘lyapti. Ikki oydan beri Koreyadaman, shularni ishi bilan shug‘ullanyapman. Ularni qamoqdan tez kunda chiqaramiz, sizdan iltimos, bu ishga aralashmang”, - dedi o‘zbek terma jamoasining ismini aytmagan murabbiysi.

Keyinroq qamalgan o‘zbek sportchilaridan birining otasi ham Ozodlikka telefon qilib, hech narsa yozmay turishni iltimos qildi.

“Men viza oldim, o‘zim Koreyaga ketyapman, o‘g‘lim gunohsiz, yaqinda chiqadi. Iltimos qilaman, bu haqda yozmang”, - dedi sportchining otasi.

Avstraliya Paralimpiya qo‘mitasi vakili Ozodlikka jinsiy tegajog‘likning har qanday ko‘rinishi qabul qilib bo‘lmas hol ekani, lekin Janubiy Koreyadagi hodisa bo‘yicha tergov davom etayotgani sabab hozircha matbuotga biron bayonot bera olmasligini aytdi.

Muhim xalqaro musobaqa

Janubiy Koreyaning Pxyontxek shahrida bo‘lib o‘tgan para pauerlifting bo‘yicha Osiyo-Okeaniya ochiq chempionati Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun reyting ochkolari beruvchi muhim xalqaro musobaqa edi.

Unda qit’aning 26 ta davlatidan 300 ga yaqin sportchi ishtirok etdi.

O‘zbekiston terma jamoasi ushbu musobaqada 2 ta oltin, 10 ta kumush va 10 ta bronza bilan jami 22 ta medalni qo‘lga kiritgan.

Osiyo-Okeaniya ochiq chempionatida O‘zbekiston umumjamoa hisobida Xitoy va Erondan so‘ng 3-o‘rinni egalladi.

Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida esa o‘zbekistonlik sportchilar 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 16-o‘rinni egallashgandi.

Ўзбек паралимпиячи қиз ўз отасини қандай рози қилди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:30 0:00

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Janubiy Koreya qamog‘ida ushlab turilgan sportchilaridan biri chempionatda kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Aybdor deb topilgani taqdirda, sportchi kumush medalidan mahrum etilishi va O‘zbekiston jamoasi tarkibida para pauerlifting bo‘yicha Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida qatnashish imkoniyatidan ham mahrum qilinishi mumkin.

“ O‘tgan hafta Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston jamoasi 51ta oltin medal bilan qaytdi. Avvalroq shaxmatchilarimiz Hindistonda birinchilikni olib qaytishdi. Shunday bir paytda bu ko‘ngilsiz hodisa o‘rtaga chiqib kelsa, ancha odamning “kallasi ketishi” tayin, shuning uchun O‘zbekiston Paralimpiya rasmiylari buni qattiq sir tutishayotgan bo‘lishlari mumkin”, - deydi xalqaro sport tadbirlarini yoritib keladigan o‘zbek jurnalistlaridan biri.

Janubiy Koreya jinoyat qonunchiligida jinsiy tegajog‘lik uchun kamida 10 yillik qamoq jazosi yoki 15 million von (qariyb 11 ming AQSh dollari) miqdorida jarima belgilangan. Lekin amalda jarima bilan qutulish deyarli imkonsiz ekani aytiladi.

XS
SM
MD
LG