Janubiy Koreyadagi oltita muxolifat partiyasi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlashgan. Bu haqda Yonhap agentligi xabar qildi.
Hujjat 5-dekabr kuni parlamentga kiritilishi va keyingi ikki kun ichida u bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilishi rejalangan. Qonun loyihasi qabul qilinishi uchun kamida 200 nafar deputatning ovozi (jami deputatlarning uchdan ikki qismi) kerak bo‘ladi. Parlamentda yettita partiya bilan tamsil etilgan muxolifatda faqat 192 ta mandat bor.
Avvalroq muxolifat partiyalari Yun Sok Yolni davlatga xiyonatda ham ayblash niyatida ekani haqida xabar qilingandi. Ular fikricha, harbiy holat joriy etilishi va o‘sha paytda harbiylarning parlamentni egallab olishga harakat qilishi isyonga teng va prezidentning daxlsizligi doirasidan tashqariga chiqadi.
Prezident Yun “KXDRning tarafdorlariga qarshi kurash uchun” harbiy holat joriy etilgani haqida 3-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:25 da e’lon qilgan edi. Olti soat davomida amalda bo‘lgan farmon siyosiy partiyalar faoliyati, norozilik chiqishlari, ish tashlashlarga taqiq qo‘yib, unda senzurani hamda o‘lim jazosi chiqarish huquqiga ega bo‘lgan harbiy-dala tribunallarini joriy qilish ko‘zda tutilgandi.
Buning ortidan parlament binosi oldiga, muxolifat hisob-kitobiga ko‘ra, besh mingdan ziyod norozi yig‘ilgan. Shturm chog‘ida parlament binosiga kirib olgan deputatlar prezident qarorining bekor qilinishi uchun ovoz berishgan. Shundan so‘ng prezident qonunga muvofiq ravishda farmonni bekor qilishga majbur bo‘lgan.