Линклар

Шошилинч хабар
11 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:37

Japarov “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov (arxiv surati)
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov (arxiv surati)

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan. Bu haqda u 2-aprel kuni Facebook tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qilgan.

Japarovga ko‘ra, bu qonun imzolanguniga qadar Qirg‘izistonda faoliyat yuritayotgan nohukumat tashkilotlari hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmay, o‘z faoliyati haqida hisob bermay yurishgan.

Ular faqat bank hisobraqamlarini ochib, xorijlik donorlardan mablag‘ olib, bu pullarni o‘zlari xohlaganlaricha, jumladan shaxsiy maqsadlari uchun ishlatib yurishgan. Bundan buyon ular el qatori Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tishadi. Bank hisobraqamlarini ochishadi. Endi ular ochiq-oydin ishlay boshlashadi. Bungacha xalqimizda “eshek jayloo” (so‘zma-so‘z “eshak yaylov” deya tarjima qilinadigan bu ibora “boshboshdoqlik” ma’nosini beradi - tahr.) deganga o‘xshash narsa bundan buyon bo‘lmaydi”, deb yozgan Sadir Japarov.

Qirg‘iziston prezidenti fikricha, mamlakatda faoliyat yuritayotgan nohukumat tashkilotlari vakillari xalqaro donorlarni aldab kelishgan, shuning uchun ham ular “xorijiy vakillari to‘g‘risida”gi qonun imzolanishiga qarshi chiqishgan. Japarov bu qonun yordamida mamlakat rasmiylari “barcha bir xil sharoitda ishlashi uchun hamma narsani ochiq ko‘rsatish”ni istayotganini qo‘shimcha qilgan.

Mart oyi oxirida 100 dan ziyod nohukumat tashkiloti va faollar qonun loyihasini imzolamaslik chaqirig‘i bilan prezidentga murojaat qilishgandi. Murojaatnomaning ochiqlikka oid qismida mualliflar loyiha tashabbuskorlarining NHT moliyalashtirish manbalari va xarajatlar yo‘nalishi to‘g‘risida hisobot topshirmasligi haqidagi iddaolari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini eslatishgan.

Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq, NHT yuridik shaxslarning barchasi uchun, shu jumladan tijorat tashkilotlari uchun belgilanganidek hisobotlar topshirib kelishadi, buning ustiga, 2021-yili NHT uchun topshirilajak qo‘shimcha hisobotlar belgilanganki, bunday hisobotlar tijorat tashkilotlaridan talab qilinmaydi”, deya qayd etishgan murojaatnoma mualliflari.

Japarov tomonidan imzolangan qonun e’lon qilingani ortidan 10 kundan so‘ng kuchga kiradi.

Qirg‘iziston parlamenti “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonunni 14-mart kuni uchinchi o‘qishda qabul qilgan edi. Qonun Jo‘g‘urqu Kenesh tarafidan qabul qilinguniga qadar xalqaro huquqbonlik tashkilotlari va Qirg‘iziston nohukumat tashkilotlari deputatlarni bir necha bor qonun loyihasini qabul qilmaslikka chaqirishgan. Ularga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi jamoat tashkilotlari uchun jiddiy xatar tug‘diradi va fuqaroviy jamiyat faoliyatining asossiz ravishda cheklanishiga olib borishi mumkin.

Qonunga veto qo‘yishga Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti bosh kotibi Anes Kallamar ham chaqirgan. Hujjat qabul qilinishi yuzasidan BMTning Qirg‘izistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Ante Grave xavotir bildirgan. O‘z bayonotida u qabul qilingan qonun fuqarolik jamiyati faoliyatini asossiz cheklashga olib kelishi mumkinligini urg‘ulagan.

Tahlilchi va huquqshunoslar Qirg‘izistonning “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonuni qariyb to‘laligicha Rossiyaning “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunidan ko‘chirib olinganini qayd etishgan.

XS
SM
MD
LG