Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:34

"Jara": Qozog‘istondan quvilgan Putinning pop-yulduzlari Toshkentga kelmoqda


"Jara" musiqa festivali 23-may kuni poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lishi rejalangan.
"Jara" musiqa festivali 23-may kuni poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lishi rejalangan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini va G‘arb sanksiyalari sabab rus san’atkorlari uchun maydon toraymoqda.

Urushni ochiq qo‘llab-quvvatlagan rossiyalik yulduzlar Yevropa va ba’zi sobiq sovet o‘lkalarida taqiqqa uchradi.

Ammo Toshkent rossiyalik "putinparast” san’atkorlarga bag‘rini ochmoqda.

“Z batalyoni” yoki “putinparastlar to‘dasi” deya tanqid qilinib, Ozarbayjon va Qozog‘istonda taqiqqa uchragan Rossiyaning “Jara” musiqa festivali bu yil Toshkentda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

O‘ttizga yaqin rossiyalik san’atkorlar ishtirokidagi musiqa festivali 23-may kuni poytaxtdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lishi rejalangan.

“Jara” festivalining Toshkentda o‘tkazilishi bir hafta oldin e’lon qilindi. Tashkilotchilar bayonotida bunday deyiladi:

“Rusofob kayfiyati tashkilotchilarni joyni o‘zgartirishga majbur qilmoqda: Olmaotada 9-12-mart kunlari bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan ochiq osmon ostidagi “Jara” festivali Toshkentga ko‘chirilmoqda. Buning sababi Qozog‘iston ijtimoiy tarmoqlaridagi faol rusofobiyadir”.

Tashkilotchilari va qatnashchilari orasida Ukrainadagi urushni qo‘llagani uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan san’atkorlar bo‘lgan “Jara” festivaliga O‘zbekiston hukumati nima asosda ruhsat berdi?

Ozodlik bu haqda O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligiga savollar yo‘llagan va javob kumoqda.

Madaniyat va turizm sohasiga yaqin mulozim Ozodlikka festival ishtirokchilari tarkibi ko‘rib chiqilayotgani va mamlakatning neytral pozitsiyasidan kelib chiqib, muvozanat topishga harakat qilinayotganini aytdi.

"Jara" festivali, Boku.
"Jara" festivali, Boku.

Urushni qo‘llagan yulduzlar

O‘zbekiston Madaniyat va turzim vaziri Ozodbek Nazarbekov uch oy avval Ozodlik bilan suhbatda Ukrainadagi urushni ochiq qo‘llagan rossiyalik estrada yulduzlarining Toshkentda konsertlari uyushtirilayotgani haqida bunday degandi:

“Bu holatlarga O‘zbekistonni pozitsiyasi ma’lum. Har ikkala tarafni xohish istaklarini na qo‘llash va na qoralashdan tiyilamiz. Rossiyadan faqat bu yil kelgani yo‘q, har yili keladi, ularni O‘zbekistonda muxlislari borligini e’tirof etamiz. Lekin siyosiy pozitsiyalarini ifodalashlariga yo‘l qo‘ymaymiz.”

Dastlab Toshkentda bo‘lajak “Jara” festivali afishasida Ukrainadagi urushni qo‘llagani uchun Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan rossiyalik xonanda Grigoriy Leps ham bor edi.

Keyin tashkilotchilar afishadan urushni qo‘llab-quvvatlovchi ba’zi san’atkorlarni, jumladan Grigoriy Lepsni olib tashlashdi.

Grigoriy Leps bilan birga Dima Bilan va Lolita ham afishadan g‘oyib bo‘ldi.

Ularning barchasi, u yoki bu tarzda, Ukrainaning bir qismini Rossiya tomonidan bosib olinishini qo‘llab-quvvatlagan.

Afishada Qrim anneksiyasini qo‘llab chiqish qilgani va yarim orolda konsert bergani uchun Ukrainaga kirishi taqiqlangan san’atkorlar hamon bor.

Olga Buzova Donetskka borgan, Ukrainaning Rossiya okkupatsiyasi ostidagi bu viloyatiga o‘zi bilan yordam ham olib borgan.

Garchi Grigoriy Leps afishadan olib tashlangan esa-da, u festival tashkilotchilaridan biri hisoblanadi.

Grigoriy Leps "Jara" festivali tashkilotchilaridan biri hisoblanadi.
Grigoriy Leps "Jara" festivali tashkilotchilaridan biri hisoblanadi.

Leps Putin va urushni qo‘llovchi Z-konsertlarda qatnashgan, Donetskda jang qilayotgan ayirmachilar bilan videoga tushgan. O‘zi urushni ochiqdan-quvvatlagan.

“Toshkentda “Jara” festivalining o‘tkazilishi sharmandalik va jirkanch. Ishtirokchilar orasida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan san’atkorlar bor. Bas, shunday ekan festivaldan tushgan daromad Ukrainada tinch aholini qirg‘in qilish uchun sarflanadi, deya olamiz. O‘zbekiston fuqarolari esa chipta sotib olib, Rossiya boshlagan jinoyatning beixtiyor ishtirokchisiga aylanishi mumkin”, - deydi o‘zbekistonlik san’atshunos Sergey Ignatyev.

Ukrainaga Rossiya bosqini boshlanganidan keyin urushni yoqlab chiqqan ko‘plab rossiyalik xonandalar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida istalmas shaxsga aylandi.

Germaniyada urushni qo‘llab-quvvatlovchi rossiyalik qo‘shiqchi Filipp Kirkorovning 6- fevral kuniga belgilangan gastroli bekor qilindi.

Ammo, Kirkorovning Toshkentdagi konsertiga monelik qilinmadi.

Rossiyalik ashulachi Filipp Kirkorov.
Rossiyalik ashulachi Filipp Kirkorov.

Urushni qoralagan ashulachilar esa Rossiyada quvg‘inga uchradi. Alla Pugachyova, Andrey Makarevich, Svetlana Loboda kabi yulduzlar badarg‘a bo‘ldi.

O‘zbekistonlik ashulachi Nargiz Zokirovaga urushni qoralagani uchun Rossiyaga kirishga ellik yilga taqiq qo‘yildi.

San’atshunoslar fikricha, madaniyat SSSRda targ‘ibot quroli bo‘lgani kabi bugungi kunda Rossiyada u shundayligicha qolmoqda.

Avtoritar, totalitar mamlakatda madaniyat faqat hokimiyatga xizmat qiladi va xalqaro miqyosda tashviqot vositasi sifatida foydalaniladi.

Qozog‘iston va Ozarbayjondan quvilgan "Jara"

Rossiyaning festivalni Ozarbayjonda, Qozog‘istonda yoki O‘zbekistonda o‘tkazishga urinishi esa tashqi targ‘ibot va shu davlatlarda ta’sirni kuchaytirish, deyishadi tahlilchilar.

Ammo, Rossiyaning festivalni Qozog‘istonda o‘tkazish rejasi mahalliy qozoq faollari noroziligi sabab amalga oshmadi.

9-12-mart kunlari Olmaotada o‘tkazilishi kerak bo‘lgan “Jara” musiqa festivali qozog‘istonliklarning Ukraina mojarosiga munosabati tufayli bekor qilindi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarning Qozog‘iston segmentida ushbu festivalga qarshi keng ko‘lamli virtual norozilik aksiyasi boshlangan edi.

Aksariyat foydalanuvchilarning fikricha, urushni yoqlagan rossiyalik san’atkorlar konsertiga ruhsat berilishi “Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlovni” anglatadi.

Olga Buzova.
Olga Buzova.

O‘tgan yili aynan shu vaj bilan Ozarbayjon bu festivalga mezbonlikdan voz kechgandi.

Shu bois shou tashkilotchilari “Jara” musiqa festivalini O‘zbekiston poytaxtiga o‘zgartirishga majbur bo‘lishdi.

“Shaxsan men O‘zbekiston vatandoshi sifatida urushni qoralagan rus san’atkorlarining Toshkentga kelib konsert berishida muammo ko‘rmayman. Hush kelibsiz deymiz ularga. Lekin, Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushni yoqlab chiqqan ashulachilarni bu yerda ko‘rishni xohlamayman. Masalan barcha Zchilar bilan urushni qo‘llab-quvvatlagan Grigoriy Lepsni umuman ko‘rgim yo‘q. “Jara” nega Qog‘oziston yoki Ozarbayjonda qabul qilinmadiyu, O‘zbekistonda ruhsat berildi. O‘zbekiston bag‘rikeng, mehmondo‘stlik qilyapti, degan fikr aytilyapti. Men bunga qo‘shilmayman. Menimcha biz ham Boku va Olmaota singari urushni qo‘llab chiqqanlarga maydon bermasligimiz kerak”, - deydi o‘zbekistonlik bloger Nikita Makarenko.

O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, festivalning Toshkentda o‘tkazilishiga prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva rozilik bergan.

Yangi O‘zbekiston bog‘ida bo‘ladigan festival xomiylaridan biri esa Orient Finance Bankdir.

Ushbu xususiy bank o‘tmishda Saida Mirziyoyeva targ‘ib qilgan "Mendirman Jaloliddin" filmiga ham homiylik qilgani ma’lum.

To‘rt yil avval O‘zbekiston prezidentining kuyovi "putinparast ashulachi" Polina Gagarina konsertiga homiylik qilgani haqda Ozodlik xabar bergandi.

“Jara” musiqa festivalining Toshkentda o‘tkazilishi ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

"Bizga nima keragi bor buni"?

Ba’zilar tadbirni bekor qilishni talab qilib chiqdi.

“Nega o‘zini Rossiyasida o‘tkazmaydi? Bizga nima keragi bor buni"? deb yozdi ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar.

“Putinparast” san’atkorlarga o‘zbek sahnalarining to‘ri birinchi marta berilayotgani yo‘q.

O‘tgan yil sentabr oyida o‘z badaniga prezident Putinning uchta suratini va svastikaga o‘xshagan ramzni tatuirovka qildirgan Sergey Poluninning rus soldati kiyimida Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi opera va balet Katta teatri sahnasidagi chiqishi janjalga sabab bo‘lgandi.

Sergey Polunin.
Sergey Polunin.

Tashkilotchilarga ko‘ra, rus raqqosining harbiy kiyimda chiqishi zalda o‘tirgan tomoshabinlarning e’tiroziga uchragan.

Tanaffus paytida, orasida ukrainlar ham bo‘lgan tomoshabinlar “O‘zbekistondan buni kutmagan edik” degan so‘zlar bilan zalni tark etishgandi.

Poluninning O‘zbekistonga gastroli ortidan uni tashkillashtirgan O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish fondining kamida ikki xodimi ishdan bo‘shatilgan.

Ammo, kim “putinparast” raqqosni Toshkentga taklif etdi degan savol hanuz javobsiz qolmoqda.

San’atshunoslar fikricha, O‘zbekistonning o‘zida ba’zi san’atkorlar tashqi ko‘rinishi yoki siyosiy qarashlari uchun ta‘qiqqa uchragan bir paytda, urushni yoqlovchi rus ashulachilariga maydon berilishi taajublanarli.

“Katta ehtimol bilan O‘zbekiston matbuotida bu haqda hech qanday muhokama bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda “O‘zbekkonsert”ning pozitsiyasi kulgili ko‘rinadi. “O‘zbekkonsert” qo‘shiq matni va san’atkorlarning sahnadagi o‘zini tutishini ma’qullaydimi, bu men uchun qiziq bo‘lardi. Agar Rossiyadan kelgan san’atkorlar urushni targ‘ib qilsa, rasmiylar bunga qanday munosabatda bo‘lishadi? Buzova badani rangidagi shimda saxnaga chiqsa taqiqlanadimi? “Jara” Putin siyosatining ochiq targ‘ibotidir. Ushbu festivalni Toshkentda o‘tkazishga ruxsat berish Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushini qo‘llab-quvvatlashni anglatadi”, - deydi san’atshunos Sergey Ignatyev.

Bundan oldin Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan rossiyalik “putinparast” aktyorlar Vladimir Mashkov va Sergey Bezrukovlarning Toshkent kinofestivaliga taklif etilgani, ba’zilarining mamlakat Olimpiya qo‘mitasi mulozimi ham bo‘lgan ziddiyatli tadbirkor Salim Abduvaliyev xonadonida mehmon bo‘lgani tarmoqlarda muhokama qilingan.

Rossiyalik qo‘shiqchilarning o‘zbek zodagonlari to‘ylarida ko‘rinish berishi odatiy hol.

Kreml propagandachisi va Qrim anneksiyasining ashaddiy tarafdori bo‘lgan rossiyalik rejissyor Nikita Mixalkov o‘tgan yili Toshkent festivalining xos mehmoni bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG