Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:40

“Jinoyatning o‘zi yo‘q”. Sud namanganlik tadbirkor ishini qayta tergovga yubordi


Tadbirkor Dilshod Tillaxo‘jayev tergovda qattiq qiynoqqa solingani aytiladi.
Tadbirkor Dilshod Tillaxo‘jayev tergovda qattiq qiynoqqa solingani aytiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi 14-dekabr kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 164-moddasida (bosqinchilik) ayblanib sudlanayotgan namanganlik tadbirkor, Rossiya Federatsiyasi fuqarosi Dilshod To‘raxo‘jayevning jinoyat ishini qayta tergovga yubordi.

O‘zining hisobidan Pop tumanining Chodak qishlog‘idagi adirlikda 1500 kishiga mo‘ljallangan “Kosmos” mehmonxonasi va dam olish maskani qurgan Dilshod To‘raxo‘jayev 2023-yilning 12-aprelida Pop tumani IIB tomonidan hibsga olingan va Toshkent shahar IIBB tergov izolyatoriga olib ketilgan edi.

14-dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida Dilshod To‘raxo‘jayev ustidan hukm o‘qilishi kutilayotgandi.

Prokuror Dilshod To‘raxo‘jayevga 16 yillik qamoq jazosi so‘ragan edi.

Advokat Nurilla To‘laganovning aytishicha, sud tergov davomida bosqinchilik holati bo‘yicha protsessual xatti-harakatlar to‘liq bajarilmagani sababli ishni qayta tergovga jo‘natgan:

“Sud tergov jarayonida yangi ochilgan holatlar bo‘yicha deb aytdi. Prokuror e’tiroz bildirgan edi, sud o‘z qarorida qoldi va bir oyga sudni to‘xtatib qo‘ydi. Men bitta holat bo‘yicha o‘z fikrimni aytishim mumkin. O‘zi u yerda bosqinchilik holatining o‘zi yo‘q. Sud keltirilgan zarar miqdori aniqlanmagan dedi. Vaholanki arizachi fuqaro ham unga hech qanday moddiy zarar ham, jismoniy, ruhiy zarar ham yetkazilmaganini sud tergovi davomida aytib ketdi. Aslida bosqinchilik deb aytilayotgan holatda Dilshod To‘raxo‘jayev ham, boshqa sudlanayotgan to‘qqiz kishi ham bo‘lmagan. Bosqinchilik holatining o‘zi yuz bermagan. Bosqinchilikning o‘zi bo‘lmagani uchun biz e’tiroz bildirib kelayotgan edik. Chunki jinoyatning o‘zi yo‘q”.

Advokatning aytishicha, jinoyat ishi Bektemir tumani prokuraturasi orqali Toshkent shahar IIBBning tergov boshqarmasiga yuboriladi.

Bundan avval advokat Nurilla To‘laganov uning mijozi Dilshod To‘raxo‘jayev tergov davomida shafqatsiz qiynoqlarga solingani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar bergan edi.

Dilshod To‘raxo‘jayev tuhmat bilan qamoqqa olingani va Toshkent IIBBda qiynoqqa solingani haqida tergov izolyatoridan prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat ham chiqargan edi:

“Og‘zim va burnimni skotch bilan mahkam bog‘lab, boshimga polietilen paket kiydirib, oyog‘imning tovon, son qismiga, old qismiga, ko‘krak qafasimga, boshimga rezinkali dubinka va maxsus plastik qo‘lqoplar bilan yuzlarimga, hamm joyimga olti soat tinmay urishdi. Bir necha marta hushimni yo‘qotdim, Elektroshokerni tanamga tekkizib uyg‘otishar va yana urishar edi”.

Dilshod To‘raxo‘jayevning yozishicha, undan Namangan viloyati Pop tumanida o‘zi bunyod etgan “Kosmos” dam olish maskanidan voz kechishni talab qilishgan:

“Prezidenting o‘ldi, men sening prezidentingman, men sening advokatingman, “Kosmos”ni o‘tkazib berasan, bo‘lmasa seni “bosqinchilik” epizodiga qo‘shib kamida 15 yilga qamataman deb qo‘rqitib, qandaydir hujjatga qo‘l qo‘yishimni so‘radi. Men esa prezidentim o‘lmagan, hammang qonun oldida javob berasan deganimdan keyin, xodimlar meni bir yarim metrga ko‘tarib polga otishdi”.

Joriy yilning 6-may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirilgan edi.

Tashrif davomida Dilshod To‘raxo‘jayev bilan ham suhbat o‘tkazilgan va u o‘zining qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni tasdiqlagan edi.

“Xususan, Dilshod To‘raxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan Namangan viloyati Pop tumani Ichki ishlar bo‘limida va keyinchalik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilgan. Qiynoqlar natijasida aybiga iqror bo‘lgan va olgan tan jarohatlarini ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilganligi bo‘yicha ko‘rsatma bermagan. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy qiynoqqa solinganligini tasdiqlovchi asosli dalillari mavjudligini ma’lum qildi”, deyiladi Ombudsman xabarida.

Ombudsman monitoring tashrifi yakunlariga ko‘ra , Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritgan edi. Ammo bu nazorat xatining natijalari ma’lum qilinmagan.

Ozodlik ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, To‘raxo‘jaev Dilshod Abduvahobovich, 1984-yilda tug‘ilgan. Rossiya Federatsiyasi vatandoshi, 20 yil mobaynida Rossiya Federatsiyasida yashagan.

2019-yildan Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlog‘ida "APART HOTEL COSMOS" MCHJ ni tashkil etgan.

Mehmonxona va dam olish maskanlaridan iborat majmua 1500 kishiga mo‘ljallangan.

Tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. Mirziyoyevning 2020- yildagi Namanganga tashrifida uning nazariga tushgan. Prezident Chodak qishlog‘i cho‘qqisida qurilgan majmuani olqishlagan edi.

To‘raxo‘jayev 2022-yilning 28-avgustida "Turizm fidoiysi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2022-yil 8-dekabrda “Konstitutsiyaning 30 yilligi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG