Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:56

Jizzax teatri bosh rassomi kaltaklandi. U ishdan haydash uchun “shantaj” qilinganini aytmoqda


 Sanjar Xoliqov
Sanjar Xoliqov

29 - iyun kuni Jizzax viloyat musiqali drama teatrining bosh rassomi Sanjar Xoliqov kasalxonaga yotqizildi.

Xoliqovning da’vosicha, u ishdan bo‘shamagani uchun uyushtirilgan “shantaj” natijasida teatrning bir necha xodimi tomonidan kaltaklangan, kaltaklaganlar orasida rahbar lavozimli xodimlar ham bo‘lgan.

Teatr direktori Mamlakat Bo‘ronova bosh rassomning kaltaklanganini inkor qildi.

Ozodlikka bog‘langan teatr xodimlariga ko‘ra, 6 oydan beri turli bosimlar bilan 50dan ziyod odam ishdan haydalgan.

Jizzax viloyat musiqali drama teatrining bosh rassomi Sanjar Xoliqovning Ozodlikka aytishicha, voqea 29 - iyun kuni soat 13:15larda sodir bo‘lgan:

“Aktrisa Ra’no Sharipova direktordan ruxsat olgach, ikkalamiz Qo‘g‘irchoq teatriga borib, dramatrug Nasrullo Qobil uchun teatr tarixiga oid ma’lumotlarni olib keldik. Yarim soatda qaytib kelsak, bizni kadrlar bo‘limi boshlig‘i xonasiga chaqirishdi. “Ish payti beruxsat ketgansizlar”, deb tushuntirish xati yozishni talab qilishdi. Direktor bizga ruxsat berganini tan olmadi. O‘zi u meni bo‘shatmoqchi bo‘lib 6 oydan beri urinib yurgandi. Xato topolmagach, shantaj yo‘liga o‘tibdi. U meni shu yo‘l bilan bo‘shatmoqchi bo‘ldi. Men tushuntirish xati yozishdan bosh tortdim. Chunki bu xat ishdan ketishimga asos bo‘lishi mumkin. Olti oydan beri ko‘pchilik shu kabi xatlar sabab ishdan haydaldi”.

Voqea joyidan yozib olinib, Ozodlikka jo‘natilgan audioda ayol kishining "direktor, sizdan ruxsat olib ketgandimku. Nega inkor qilyapsiz?", degan ovozi eshitiladi.

35 yashar Xoliqovga ko‘ra, u tushuntirish xati yozishdan bosh tortgach, uni teatr rahbarlari kaltaklagan:

“Kadrlar bo‘limi boshlig‘i janjal chiqarib, yoqamga osildi. Shu payt yana uchta odam kelib qo‘shildi. Xo‘jalik ishlari mudiri, direktorning eri va yangi ishga kirgan pojarniy yigit meni kaltaklashdi. Pojarniy orqamdan kelib, meni qattiq bo‘g‘di. Men yiqilib tushdim. To‘rt kishi bo‘lib meni tepkilashdi”.

Voqea joyidan olingani aytilayotgan audioda janjal payti bir necha odam bo‘lgani anglashiladi. Audioyozuvda Sanjar Xoliqovnikiga o‘xshash ovoz egasining "Nega meni urasan" degan gapi bir necha marta eshitiladi. Xoliqovning aytishicha, bu ovoz unikidir.

Sanjar Xoliqovga ko‘ra, u ikki kundan beri Jizzax viloyat kasalxonasida davolanyapti.

Ozodlikka yo‘llangan suratlarda Sanjar Xoliqovni kiyimlari yirtilgan va ust-boshi hamda yuzi qonga belangan holda ko‘rish mumkin.

Sanjar Xoliqovning onasi Mehri Jumanazarova Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga videomurojaat qilib, o‘g‘lining kaltaklanishi holatini nazoratga olishni so‘radi:

“O‘g‘limni urib, “ishdan bo‘shaysan”, deb qo‘ymayapti. 3-4 ta bo‘lib, o‘g‘limni urib, ko‘kartirib tashlabdi. Menga yordam bering. Hech kim yordam bermayapti”.

Санжар Холиқовнинг онаси мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:47 0:00

Sanjar Xoliqovga ko‘ra, uning otasi va rafiqasi viloyat prokuraturasiga borib, kaltaklanish voqeasi bo‘yicha ariza topshirgan.

Jizzax viloyat prokuraturasidan ushbu ariza taqdirini o‘rganish imkoni bo‘lmadi.

Sanjar Xoliqov
Sanjar Xoliqov

Oliy ma’lumotli rassom Sanjar Xoliqov, Ozodlikka aytishicha, Toshkentdagi Milliy rassomlik va dizayn institutini tugatgan. Jizzax musiqali drama teatriga 2017 - yil 1 - noyabrda ishga kirgan. Uch yilcha Toshkent Musiqali komediya (Operetta) teatrida ham ishlagan.

Sanjar Holiqovga ko‘ra, teatrga joriy yil yanvar oyida Mamlakat Bo‘ronova direktor lavozimiga kelgach, olti oy davomida juda ko‘plab xodimlar turli yo‘llar bilan ishdan haydalgan:

“Bunaqangi voqealar ko‘p bo‘ldi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Soli Normatov ham bosim orqali ishdan ketdi. Rahim Dikanboyev boshqarmadan “bez soderjaniya” olib qochib qutuldi. Uni gavdasi katta bo‘lgani uchun ura olmagan, lekin harakat qilgan”.

Ozodlik O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Soli Normatov bilan bog‘langanida u o‘zining bosim orqali ishdan ketganini tasdiqladi. Biroq tafsilotlariga to‘xtalmadi:

“Men teatrda 45 yil ishladim. Bunaqa nohaqlik bilan ishdan ketaman deb o‘ylamagandim”.

Jizzax teatri
Jizzax teatri

Ozodlik Jizzax teatridan keyingi 6 oy davomida ishdan haydalgan bir necha xodim bilan suhbatlashdi. Ular anonim qolish istagini bildirib, o‘zlarining turli bahona va bosimlar orqali ishdan bo‘shatilganliklarini iddao qilishdi.

Ozodlik 30 - iyun kechqurun Jizzax viloyati musiqali drama teatrining direktori Mamlakat Bo‘ronova bilan telefon orqali bog‘landi.

Bo‘ronova bosh rassomning kaltaklanganini inkor qildi:

“Uning o‘zi shantaj qilgan. Uni hech kim urmagan. O‘zi boshqalarni uraman deganida yiqilib tushgan”.

Bo‘ronova bosim bilan ishdan haydash borasidagi teatr xodimlari iddaolarini ham rad qildi:

“Ular 50ta odam ishdan bo‘shaganini aytyapti. Teatrdagi ijodiy xodimlar soni atigi 20ta. Qayerdan shuncha odamni bo‘shataman”.

Ozodlikka mazkur teatr xodimlari tomonidan jo‘natilgan hujjatda ushbu maskanda jami 81 kishi ishlashi qayd qilingan.

Keyingi bir necha oydan buyon Mamlakat Bo‘ronova faoliyati haqida ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy postlar ko‘paygan.

Bo‘ronova buni ishdan haydalganlar uyushtirgan bo‘htonlar deya izohlaydi:

“Men Feysbukda mashhur bo‘lib ketdim. Ishdan bo‘shaganlar har xil gaplarni yozib yotibdi. Men kelguncha teatrda qonunbuzilishlar bo‘lgan. Men shularni oshkor qilganim ko‘pchilikka yoqmayapti. Lekin meni mutasaddi idoralar tekshirib, biror kamchilik topa olmadi”.

Jizzax viloyati musiqali drama teatri joriy haftada o‘zining 99-mavsumini yopdi.

XS
SM
MD
LG