Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:36

Jizzaxdagi uyning qulashi: Qamoqqa olingan hokim o‘rinbosariga yana bir ayblov qo‘yildi


Prezident Shavkat Mirziyoyev va Jizzax hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulov - kollaj
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Jizzax hokimi o‘rinbosari Akram Rahmonqulov - kollaj

19 - yanvar kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimining ikki o‘rinbosari almashtirildi.

Jizzax viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini Qurilish vazirligi Pudrat va maxsus montaj ishlari bozorini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Bahrom Nazarov egallagan.

Bu lavozimda 2018 - yildan to 2021 - yilning 19 - yanvargacha ishlagan Akram Rahmonqulov ustidan jinoyat ishi ochilib, 15 - yanvar kuni qamoq ehtiët chorasi belgilangani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Rastrata¸ poraxo‘rlik va "xiyonat"

Jizzax viloyat prokuraturasi vakiliga ko‘ra, 19 - yanvarga kelib Rahmonqulovga qarshi malakalangan Jinoyat kodeksi moddalari 4 taga yetgan.

Viloyat kengashi deputatlari yangi tayinlovlarni bir ovozdan ma’qullagan
Viloyat kengashi deputatlari yangi tayinlovlarni bir ovozdan ma’qullagan

«Rahmonqulov hibsga olingan 15 - yanvar kuni Jinoyat kodeksining 207-moddasida (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) ko‘zda tutilgan ayblov bor edi. 19 - yanvarga kelib yana uchtasi qo‘shildi. Bular 167-modda. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish¸ 229-modda. Belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan holda binolarni, inshootlarni yoki boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash. Agar aybdor deb topilsa, 20 yilga qamaladigan yana bir modda. Buni aytmay turaman, chunki davlat siri» , - dedi prokuratura vakili.

Mulozimga ko‘ra¸ 19 - yanvar holatiga o‘nga yaqin mulozim jinoyat ishi figurantiga aylangan va Rahmonqulovning o‘ndan ziyod qarindoshi jinoiy qilmishlarga aloqador deya gumonlanib, hibsga olingan.

Bu ma’lumotlarni asli jizzaxlik va hozirda Kanadada istiqomat qilayotgan jurnalist Ulug‘bek Ashur ham o‘z manbalariga tayanib, tasdiqladi.

Jizzaxdagi taftishni bilgichlar olib bormoqda

19 - yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashida qatnashgan va ismi aytilmasligini so‘ragan maxalliy deputatning Ozodlikka aytishicha viloyatga prezident kelib ketganidan keyin qama-qamalar boshlanib ketgan.

“Uy yiqilganidan atigi ikki-uch kun oldin zamhokim Rahmonqulovning qilmishlari haqida blogerlar yozganini eslaysiz. Shavkat Mirziyoyev 11 - yanvar kuni Jizzax viloyatiga kelib, harbiy okrug artilleriya brigadasini borib ko‘rgan kuni qattiq tekshir-tekshir boshlandi. Mening o‘zimdan ham Samarqand hokimi Turdimov nega Jizzaxga kelib ketdi, deb so‘rashdi. Mening umuman xabarim yo‘q bundan, dedim. Rostdan ham xabarim yo‘q. 11 - yanvardan beri viloyat hokimi Soliyev Toshkentda tibbiy ko‘rikda edi. Bugun 19 - yanvarda Toshkentdan kelib, majlis o‘tkazdi. To‘g‘risi, men qo‘rqaman. Bo‘lmasa sessiyaga kelgan prezident sovetnigi Qahramon Quronboyevdan so‘ramoqchi edim. Nega Rahmonqulov? Axir, u kishi kattaning buyrug‘ini bajardi-ku. Doimgiday mashinist qolib, strelkachi qamaladimi?...”

15 - yanvar kuni prezident Mirziyoyev Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari, Yunusobod tumani mahalla raislari hamda yoshlar bilan muloqot chog‘ida Jizzaxda qulagan uy mavzusiga to‘xtalib, «Viloyat hokimi o‘rinbosarining butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak» deya ta’kidlagan edi.

Prezident nima demoqchi bo‘ldi?

15 - yanvar kuni prezident Mirziyoyev Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari, Yunusobod tumani mahalla raislari hamda yoshlar bilan muloqot chog‘ida Jizzaxda qulagan uy mavzusiga to‘xtalib, «Viloyat hokimi o‘rinbosarining butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak» deya ta’kidladi. Shundan so‘ng prezident Bosh prokurorga qarab, vaziyatni nazoratga olish va mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi:

«Butun el bilishi kerak. U poraxo‘rni 9 ta bunaqa uyi bor. Faqat halollik kerak. Xalqqa halol, porasiz xizmat qilsalaring, natijasi bo‘ladi. Barakasi ham bo‘ladi. O‘g‘irlasalaring, baribir yetib boraman». Bu gap aytilganidan so‘ng prezident hokim o‘rinbosariga asosiy ayblovni yukladi.

«Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bizning siyosatimizga xiyonat qilgan. Buni hamma bilishi lozim. Uning butun to‘dasiga qonuniy jazo ko‘rish kerak. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, baribir eski zamonni qo‘msagan noinsoflar ham bor. Ular erkinlik, ochiqlik siyosatini tushunmaydi».

Siyosat va xiyonat. Kosa tagida nima bor?

O‘zbekiston boshqaruv tizimidagi jarayonlar yopiqligi bois qurilishdagi texnik halokatga bilvosita sabab bo‘lgan mulozim nega prezident tarafidan “siyosatga xiyonat qilgan” va “eski zamonni qo‘msagan noinsof” deya tamg‘alangani tushunarsiz qoldi.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari universitetining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov 18 - yanvar kuni o‘zining Facebookdagi sahifasida “Kreml O‘zbekiston prezidentini hurkitdimi?” degan savolga javob izladi. Bundan oldin tarmoqlarda “globuslar (Rustam Inoyatov va Alisher Usmonov nazarda tutilgan-tahr.) davlat rahbarini almashtirmoqchi”, degan gap aylangan edi.

“Kreml o‘zbek prezidentini qo‘rqita oladimi, degan savol yuzaga chiqdi. Buni ehtimoldan soqit qila olmaymiz. O‘zbekiston davlatida hukm surayotgan boshboshdoqlik¸ korrupsiya ko‘lami oshgani fonida bu mumkin. Korrupsiyalashgan rahbariyat mamlakat suverenitetini himoya qilishga qodir emas”, deb yozdi Alisher Ilhomov.

Unga ko‘ra¸ muammo uyi buzilganlarda emas, balki "birinchi rahbarning axilles tovoni (nozik joyi-tahr.) bo‘lgan kuyovlarning kundan-kun ko‘proq korrupsiyaga ruju qo‘yganidadir".

Jizzaxlik mahalliy deputat ham Ozodlik bilan suhbatda ayni jihatga urg‘u berdi:

“Qulagan uy bo‘yicha Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tekshiruv olib bormoqda. A sudyi kto?... Bu odamning o‘zi taftishga loyiq emasmi? Sardoba nega yorilgani haqida savolga hanuz javob topilmadi-ku? Qurilish vaziri Zokirov prezident gapidan keyin botirlanib “o‘g‘ri” deb gapirib o‘tiribdi. Shu qurilish vaziri jim tursa bo‘larmidi. Bilamizku, vazirlikdagi korrupsiya ko‘lamini. Bugun o‘sha qurilish vazirligida ishlab, master-klass o‘tgan Bahrom Nazarovni chapak chalib, zamhokimlikka tasdiqladik. Ikki yil oldin Rahmonqulovni ham shunaqa chapak chalib tasdiqlagandik. Xoteli kak luchshe, a poluchilos kak vsegda. Shu gap muxbir uka. O‘zgarmaydi hech narsa...”

10 - yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilgan olti qavatli uyning bir qismi qulab tushgani ortidan viloyatda tekshiruv va kadrlar o‘zgarishlari boshlanib ketgan edi.

O‘tgan yili Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi ortidan prezident Mirziyoyev "qurilishlarda korrupsiya hollari ko‘p" ekanini aytgandi.

Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Akram Rahmonqulov Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon qurilish bilan bog‘liq jinoyat ishi figurantiga aylangan eng yuqori martabali mulozimdir.

XS
SM
MD
LG