Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 20:39

Jo Bayden: AQSh o‘zga davlatning fuqarolar urushida ishtirok etmasligi kerak


Prezident Jo Bayden videoaloqa vositasida o‘z harbiy maslahatchilari bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilmoqda. 2021 - yilning 15 - avgusti, Kemp-Devid.
Prezident Jo Bayden videoaloqa vositasida o‘z harbiy maslahatchilari bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilmoqda. 2021 - yilning 15 - avgusti, Kemp-Devid.

AQSh prezidenti Jo Bayden Oq Uyda o‘tgan matbuot anjumanida 15 - avgustda Kobul Tolibon tomonidan egallanganiga munosabat bildirar ekan, Afg‘onistondan Amerika harbiylarini chiqarish to‘g‘risidagi qaroridan afsuslanmasligini bildirdi.

Unga ko‘ra “oradan 20 yil o‘tgach harbiylarni chiqarish uchun bundan qulay fursat bo‘lmasligi ayon bo‘ldi”.

-Men Afg‘onistonda urush olib borishga majbur bo‘lgan AQShning to‘rtinchi prezidentiman. So‘nggi 20 yil davomida ikki respublikachi va ikki demokrat prezident bu urush bilan mashg‘ul bo‘ldi. Men bu og‘ir yukni beshinchi prezidentga meros sifatida tashlab ketmoqchi emasman,-dedi Bayden.

Prezident uning ma’muriyati Tolibon hokimiyatni bu qadar tez bosib olishi mumkinligini kutmaganini tan oldi. Unga ko‘ra, Vashington Afg‘oniston hukumat kuchlari Tolibonga qarshi turish salohiyatiga ega bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solgan.

Baydenga ko‘ra, AQShning Afg‘onistondagi missiyasi uchun 1 trillion dollar sarflangan. Afg‘oniston askarlari qurol, texnika, kiyim-kechak, oylik maosh bilan ta’minlangan.

-Amerika harbiylari afg‘onlar o‘zi uchun jang qilishni istamagan urushda ishtirok etishi va halok bo‘lishi kerak emas,-dedi Bayden.

Bayonot davomida Jo Bayden AQSh milliy manfaatlari doim ustuvor bo‘lganini, “Afg‘onistondagi missiyaning maqsadi afg‘on millatini shakllantirishda ishtirok etish emas, balki AQSh hududiga terror hujumlari uyushtirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lganini” aytdi.

Tolibon tomonidan Kobulning kutilmaganda egallab olinishi ortidan jahonda AQSh siyosati keskin tanqidga uchramoqda.

Tahlilchilar yigirma yil davomida Vashington Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab dollar mablag‘ va katta harbiy kuch sarflaganiga qaramay, bu mamlakatda isyonchilarga qarshi kurasha olish salohiyatiga ega bo‘lgan demokratik hukumatni shakllantira olmaganini tanqid qilmoqda.

Bayden ma’muriyatidagi yetakchi shaxslar esa Afg‘oniston hukumatining bu qadar tez mag‘lub bo‘lishi kutilmagan holat bo‘lganini aytmoqda.

Tolibon bu qadar tez g‘alaba qilishi mumkinligini bir necha oy mobaynida ehtimoldan soqit qilib kelgan prezident Bayden tanqidlarning asosiy nishoniga aylandi.

Baydenni, ayniqsa, Kongressdagi respublikachilar qattiq tanqid qilmoqda. Ularga ko‘ra, Bayden siyosati oqibatida AQShning jahondagi eng kuchli davlat sifatidagi obro‘si keskin tushib ketdi.

XS
SM
MD
LG