AQSH prezidenti Jo Bayden 15-yanvar kuni mamlakat prezidenti sifatida amerikaliklarga so‘nggi murojaati bilan yuzlandi.
Baydenga ko‘ra, Amerika demokratiyasiga cheksiz ta’sir va hokimiyatga ega bo‘lib borayotgan o‘ta boy kishilar oligarxiyasi tahdid solmoqda.
“Men mamlakatni o‘zimda katta xavotir uyg‘otayotgan ayrim narsalardan ogohlantirishni istardim. Bu hokimiyatning kam sonli o‘ta boy bo‘lgan odamlar qo‘lida xatarli tarzda jamlanishidir”, dedi Bayden amerikaliklarga so‘nggi bor Oq uydagi kabinetidan murojaat qilgan.
Donald Tramp inauguratsiyasiga besh kun qolganda qilgan chiqishida prezident Bayden saylangan prezident ismini tilga olgani yo‘q, biroq, sharhlovchilar qaydicha, uning kimlarga ishora qilayotgani ayon edi. Milliarder Ilon Mask davlat xizmatlari samaradorligi uchun mas’ul bo‘lgan boshqarma boshlig‘i rolida Donald Tramp ma’muriyatiga haddan ziyod katta ta’sirga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Bayden o‘z salaflaridan biri bo‘lmish, xayrlashuv nutqida harbiy-sanoat majmuasi xataridan ogohlantirgan prezident Duayt Eyzenxauer an’anasini davom ettirgan holda o‘z so‘zida “texno-sanoat majmuasi” atamasini ishlatdi. Bayden fikricha, texno-sanoat majmuasi amerikaliklar boshiga “hokimiyat suiiste’moli uchun sharoit yaratgan dezinformatsiya uyumi”ni yog‘dirayotgan ijtimoiy tarmoqlarni o‘z nazorati ostida tutib turibdi. Ayni paytda “erkin matbuot barbod bo‘lyapti, tahrir yo‘qolyapti, ijtimoiy tarmoqlar faktlarni tekshirishdan bosh tortmoqda”, deya noligan prezident Bayden.
Shu bilan birga, prezident Amerika demokratik institutlari mamlakat farovonligini ta’minlashga qodir ekaniga amin ekanini aytgan.
“Bizning hokimiyatni taqsimlash, tiyib turish va muvozanat tizimimiz bekam-ko‘st bo‘lmasligi mumkin. Biroq u 250 yil davomida demokratiyamizni ta’minladi, bu esa bu qadar dadil eksperiment o‘tkazgan har qanday mamlakatdagidan ko‘ra ko‘proqdir”, degan Jo Bayden.