Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 21:36

Jonli efirda o‘chgan chiroq. Svet va gaz taqchilligini yashirib bo‘lmayapti


DolinaTV videokanali olib boruvchisi 29 - noyabr kuni YouTube da jonli efirni boshlaganidan 17 daqiqa o‘tgach, chiroq o‘chib qoldi va u o‘z ko‘rsatuvini davom ettirish uchun mashinasiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi.

DolinaTV boshlovchisi o‘zbek blogerlarining yutyubxonlar e’tiboriga tushib qolgan siyosatdan mutlaq uzoq qatlami vakilidir.

Bu qatlam vakillari tomoshabinlari bilan siyosiy masalalarni muhokama qilmaydi. Ular ba’zi yurtdoshlarining ijtimoiy muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanadi: bemorlarni davolash, kambag‘al oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, ularga uy-joylar qurib berish singari aksiyalarni uyushtiradilar.

Biroq ular suratga olayotgan videobloglarda mamlakatdagi energiya taqchilligi beixtiyor ko‘rinib qolmoqda.

DolinaTV kanali olib boruvchisi marg‘ilonlik Xotamjon boshqa bir videosi - 30 - noyabr kuni Yutyubga qo‘ygan ko‘rsatuvini yozyovonlik Xadichaxonning uyidan tayyorlagan.

Besh farzandli Xadichaxonning oilasiga bloger Anvarjon Oxunov yetakchiligidagi guruh (Xotamjon shu guruh a’zosi) 3-4 oydan beri yordam berib kelmoqda: uyini ta’mirdan chiqarib berishdi, oziq-ovqatu kiyim-kechakdan iborat moddiy yordam uyushtirishdi. Hatto uch oy oldin Xadichaxonni tug‘ruqxonaga olib borib, ko‘zi yoriganidan so‘ng, chaqalog‘i bilan kutib ham olishdi.

Qo‘lidan ko‘p ish keladigan, faqat chiroq va gazni yondirolmaydigan blogerlar

Asosan Rossiyada ishlab yurgan yurtdoshlari – tomoshabinlariga tayanayotgan Anvarjon Oxunov jamoasi ko‘pgina xayriya ishlarini amalga oshirmoqda. Masalan, yozda bo‘zlik (hozir Bo‘ston tumani) bir oilaga tomoshabinlardan yig‘ilgan 10 ming dollardan ortiq pulga ikki xonali uy qurib berdi.

Jamoaning boshqa bir a’zosi, namanganlik Mansurxon ham shu kunlarda tomoshabinlardan yig‘ilgan pulga bir oilaga to‘rt xonali uyni bitkazish arafasida turibdi.

Biroq bu blogerlarning qo‘lidan faqat bir ish – o‘zlari yordam berayotgan oilalarga gaz va elektr ta’minotini uzluksiz qilib berish kelmaydi.

Xotamjonning 30 - noyabrdagi videosida xonadon egasi Xadichaxon gaz-svet yo‘qligidan bitta xonada yashayotganliklarini, “svet hozirgina yonganini” aytadi.

Anvarjon Oxunov jamoasi yozyovonlik Qunduz onani ham bir necha oy muqaddam otaliqqa olgan. Guruh a’zosi – Dilmurodjon 22 - noyabrda tayyorlagan videoda ham elektr muammosi tilga olinadi. “Svet ham yonmay o‘ldi-a, ona”, - deydi Dilmurodjon.

Mansurbek uz kanali olib boruvchisi, namanganlik Mansurxonning 4 - dekabrda Ozodlikka aytishicha, shahar atrofidagi u o‘zi yashab turgan hamda muhtoj oilaga uy qurib berayotgan hududlarda keyingi kunlarda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmayapti.

“Bundan 15-20 kun oldin tez-tez o‘chib turgan edi. Shu kunda yaxshi. O‘chmayapti. Gaz ham bor. 1 oy, uzog‘i bilan 40 kunda almashtirib ketishayapti”, - dedi bloger. U suyultirilgan gazni nazarda tutyapti.

Hilollik Otash

Tabiiy gaz mamlakatning boshqa mintaqasi – Qashqadaryoda, shu viloyatlik bloger yashaydigan qishloqda ham yo‘q. Viloyatning Qarshi tumanidagi 9 ming kishilik aholisi bor Hilol qishlog‘ida yashaydigan bloger Otash Alemdarning (Otabek Saimov) 4 - dekabrda Ozodlikka aytishicha, suyultirilgan gaz ta’minoti o‘ta abgor ahvolda.

“Gaz ballonlarni almashtirish uchun ikki oysiz kelishmaydi, ba’zida uch oyga ham cho‘zilib ketadi. Qishloqdoshlarim gaz muammosini ham ko‘taring, deyishadi doim”, - dedi bloger.

Rossiyada ishlayotgan tomoshabinlaridan kelgan pulga bu yil yozda bir muhtoj oilaga ikki xonali uy qurib bergan Otash Alemdar shu kunlarda yana ikki boquvchisiz qolgan oilaga ikkita uy qurmoqda. Uylar shu kunlarda bitish arafasida. Biroq elektrning uzilaverishi ishning beliga tepmoqda.

Bloger 26 - noyabrdagi ko‘rsatuvida uy qurilishida ishlayotgan ustalardan biri (“Dollar bobo”) bilan “svet o‘chishi” to‘g‘risida gurung qiladi. Ishchi chiroqning hatto yo‘llarda yo‘qligini, svetoforlar ishlamayotganini aytadi. Biroq shaharda yashashini pisanda qilgan ishchi ayni paytda “svet uyimizda bor”, deydi. Usta rost aytyaptimi yo kinoya qilyaptmi – tushunish qiyin. Bloger qishloqliklarga elektr berilmayotganini aytar ekan, bunday deydi:

“Svetning pulini beryapmiz, gazni ulasin, uning ham pulini beramiz, biz kattalarku mayli, yosh bolalarimizni o‘ylashimiz kerakku axir!”

Otash Alemdarning aytishicha, elektr tarmoqlari “yil – 12 oy avariya”. Bloger Elektr tarmoqlari korxonasiga telefon qilganini ishchilarga aytar ekan, telefoniga yozib olgani javobni ularga eshittiradi. Ovoz aloqa operatori xodiminiki bo‘lib, u Elektr tarmoqlari korxonasi telefoni xizmat haqi to‘lanmagani uchun o‘chirilganini bildiradi.

Bloger Otash Alemdar 4 - dekabr kuni Ozodlikka elektr har kuni ikki-uch martalab o‘chayotganini bildirarkan, bunday dedi:

“Svetning o‘chirilishida ham qandaydir bir tartib yo‘q. Falon soatda o‘chib, falon soatda yonadi, deyolmaysiz. Ba’zida tunda o‘chirishadi. Ertalab sovqotib uyg‘onganingizdan, uy muzlab ketganidan svet tunda o‘chirilganini bilasiz”.

Energetika vazirligi aholini raqamlar bilan isitmoqda”, reydlar o‘tkazmoqda

Vazirlik matbuot xizmati ham yaqindan buyon “bloger”ga aylandi va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda. Matbuot kotibi Elmira Bekmurodova 3 - dekabr kungi videochiqishida 2 - dekabrda IES va GES 221 million 800 ming kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarganini, shundan iste’molchilarga 213 million 600 ming kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilganini, shu kuni jami 94 million 696 ming metr kub tabiiy gaz yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 101 million 642 ming metr kub tabiiy gaz yetkazib berilganini, shuningdek, respublika iste’molchilariga jami 2 ming 48 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilganini xabar qildi.

Energetika vazirligi energiya taqchilligini tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va uning oldini olish bo‘yicha reydlar o‘tkazish bilan ham hal qilishga urinmoqda. Vazirlikning 1 - dekabrdagi hisobotida ayrim tadbirkorlik subyektlari va korxonalar tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani aytildi.

Vazirlik keltirayotgan rasmiy raqamlardan, o‘tkazilayotgan reydlardan mahalliy blogerlar qahramonlarining uyi isib qolmaydi, albatta.

Ustiga, mamlakat ommaviy axborot vositalarini nazorat qiluvchi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘tgan haftadan buyon jurnalist va blogerlarning gaz va svet mavzusidagi chiqishlarini yaqindan kuzatmoqda.

XS
SM
MD
LG