Линклар

Шошилинч хабар
29 ноябр 2021, Тошкент вақти: 18:59

JSST xodimi: Koronavirus kelib chiqishini aniqlash uchun Xitoydagi ko‘rshapalak g‘orlari o‘rganilishi kerak


JSST xodimi koronavirusning kelib chiqishin aniqlash uchun ko‘rshapalak g‘orlarini o‘rganishni taklif qilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti - JSSTning Uxan shahrida COVID-19 virusi kelib chiqishini o‘rganayotgan ilmiy guruhi a’zosi virusning genetik elementlarini aniqlash uchun Xitoydagi ko‘rshapalak g‘orlarini o‘rganish kerakligi haqida bayonot berdi.

Reuters agentligining yozishicha, zoolog va hayvon kasalliklari bo‘yicha mutaxassis Piter Dasak Xitoyning Uxan shahrida tadqiqot o‘tkazayotgan guruh ilk bor 2019 - yil oxirida aynan shu shaharda aniqlangan virus qay yo‘sinda global miqyosda pandemiya keltirib chiqarganini o‘rganayotganini aytgan.

Dasak, avval iddao qilinganiday, virus laboratoriyadan tarqalganini ko‘rsatuvchi dalil yo‘qligini bildirdi.

Bir necha davlat, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoyni yuqumli kasallik tarqala boshlaganidan keyin ko‘rilgan ilk choralar haqida to‘liq ma’lumot bermaslikda ayblab keladi. Rasmiy Pekin esa virus boshqa joyda paydo bo‘lgan, degan fikrda.

Dasak 2002-2003 - yillarda og‘ir o‘tkir nafas olish sindromi koronavirusi (SARS) kelib chiqishini o‘rganishga qaratilgan tadqiqotda qatnashgan. O‘shanda virusning kelib chiqishi Yunnan viloyati g‘arbidagi g‘orda yashovchi ko‘rshapalakka borib taqalishi to‘g‘risida xulosa berilgan edi.

«Agar virusning tabiatdagi asl o‘chog‘ini aniqlashni xohlaydigan bo‘lsak, shunga o‘xshash tadqiqot o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi», - dedi olim.

«Virusning manbasi bo‘lgan ehtimoliy ko‘rshapalakni topishga qaratilgan bunday tadqiqot juda muhim, chunki bu kabi xavfli viruslarning manbalarini topsak, ularni tarqatuvchi jonzotlar bilan aloqani kamaytira olamiz», - dedi Dasak Reuters agentligiga bergan intervyusida.

Ayni damda Xitoy rasmiylari mamlakatdagi ko‘p sonli ko‘rshapalak g‘orlaridan namuna olayotgani yoki olmayotgani aniq emas. COVID-19 infeksiyasini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 virusiga o‘xshash viruslar bunda oldin Yunnan viloyatida aniqlangan edi.

Dasakka ko‘ra, Uxandagi ilmiy guruh virus qanday qilib pandemiya keltirib chiqargani to‘g‘risida yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Jamoa tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilayotgan versiyalarning biriga qaraganda, virus Uxan shahrida ilk marotaba aniqlanishidan ancha oldin paydo bo‘lgan.
Olimlar kasalxona, ilmiy-tadqiqot muassasalari va virus ilk marotaba aniqlangan dengiz mahsulotlari bozoriga tashrif buyurishdi.

Ammo ular Uxan shahri bo‘ylab faqat Xitoy rasmiylari qurshovida harakatlana oladilar.

Avvalroq JSST o‘z ekspertlarining harakat doirasi cheklanganini, Xitoy rasmiylari jamoatchilik salomatchiligi muhofazasini bahona qilib, ularning mahalliy aholi vakillari bilan erkin muloqot qilishiga imkon bermayotganini ta’kidlagan edi.

Shunday bo‘lsa-da, Dasak Xitoy rasmiylari ilmiy jamoaning tegishli inshootlarga tashrif buyurish yoki muhim shaxslar bilan uchrashish iltimoslarini umuman olganda rad etmayotganini aytdi.

XS
SM
MD
LG