Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:21

Juma namoz: Soqolsiz imomlardan Yangi yilu 8 mart tabrigi


Juma namozlarida diniy ma‘ryzalardan ko‘ra "Prezidentimizning boshi omon bo‘lsin!", "Navo‘zingiz muborak!" kabi tilaklarni ko‘proq eshitish mumkin, deydi toshkentlik namozxonlar.
Juma namozlarida diniy ma‘ryzalardan ko‘ra "Prezidentimizning boshi omon bo‘lsin!", "Navo‘zingiz muborak!" kabi tilaklarni ko‘proq eshitish mumkin, deydi toshkentlik namozxonlar.
Qurganimiz suhbatlardan ma‘lum bo‘lishicha, Juma namozida imomlar "yuqoridan tasdiqlangan" bir mavzudagi ma‘ruzalarni o‘qish bilan birga musulmonlarni Yangi yil, 8 mart, Navro‘z bilan ham qutlaydilar.

O‘zbekistonda davlat tashkilotlari xodimlariga ish vaqtida, tashkilot binosida namoz o‘qish va ish vaqtida juma namoziga borishga cheklov joriy etilgani haqida bir necha marta xabar bergan edik.

Shu kunga qadar O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasiga vaziyatga oydinlik kiritishni so‘rab qilgan murojaatlarimiz javobsiz qolmoqda.

Biz rasmiylardan izoh olishga urinishda davom etar ekanmiz, shu kunlarda Toshkent shahridagi masjidlarda Juma namozi qanday o‘qilmoqda, ma‘ruzada nima gap, degan savol bilan Ozodlikka bog‘lanib turadigan ayrim namozxonlarni suhbatga tortdik.

Quyida ana shu suhbatlardan uchtasini e‘tiboringizga havola qilmoqchimiz.


Birinchi suhbat Toshkentning Eski shahar qismidagi masjidlardan biriga qatnaydigan nafaqaxo‘r Ne‘mat aka bilan. U kishi juma namozini kanda qilmaydigan namozxonlardan.


Juma namozda musulmonlar ilm emas, duo so‘rashadi

Ne‘mat aka poytaxtning o‘zi qatnaydigan masjidlarida o‘qilayotgan Juma namozi va u yerdagi ma‘ruzlarda tilga olinayotgan mavzulardan ko‘ngli to‘lishini aytadi.

Ozodlik: Juma namozini qanday o‘qiyapsizlar hozir? Bemalolmi, odam ko‘p kelayaptimi shu kunlarda?

- Odam juda ko‘p lekin. Odam ko‘p. Odatdagiday qanaqa o‘qilsa, shunaqa. Ortiqcha narsa yo‘q.

Ozodlik: Namozxonlarning ko‘pchiligi yoshlarmi, yoshi kattalarmi?

- Yoshi kattalar ham bor, o‘rta yasharlar ham bor, yoshroqlar bor. Har xil toifadan bor.

Ozodlik: Qaysidir qismi ko‘proq deb aytish mumkinmi?

- 40 yoshdan yuqorilari juda ko‘p. 30 yoshdan yuqorilari juda ko‘p.

Ozodlik: Maktab o‘quvchilari kelayaptimi?

- Yo‘q, maktab o‘quvchilari yo‘q. Maktabda o‘qish bor, dars bor.

Ozodlik: Musulmon kishi sifatida siz nima deb o‘ylaysiz, to‘g‘rimi darsni tashlab chiqmasliklari? Ilm olish kerakmi yoki farz namozga kelishi kerakmi?

- Endi namoz o‘qish keragu, lekin, nima deydi, darsni ham tashlab keta olmaydida. Mana misol uchun bir soatning ichida qancha darsdan qolib ketishi mumkin.

Ozodlik: Demak, sizningcha ilm olgani ma‘qul?

- Endi ilm olmasa, bo‘lmaydida baribir.

Ozodlik: Lekin ishchilar kelib bemalol o‘qib ketishayapti-a namozlarini?

- Ha. Pensionerlar, ishi yo‘qlar hammasi kelib o‘qishayapti.

Ozodlik: Ishlilarchi? Tashkilotlarda ishlaydigan amaldorlar?

- Endi amaldorlar kela olmaydiyu. Ishlaydiganlar keladi. Endi juda ko‘pchilik keladida namozga. yon-atrofimda asosan pensionerlar. Yig‘ilib olganmizda. Kim qayerda ishlaydi, nima qiladi men ajrata olmay qolamanda.

Ozodlik: Bolalar darslarini tashlab jumaga kelsa, ularni qaytarganlariga, darsga boringlar deganlariga guvoh bo‘lganmisiz?

- Unaqa holatni ko‘rmaganman. Nimagaki bizlar sal vaqtliroq chiqib ichkarida o‘tiramiz. Shu bilan endi, to‘g‘ri kirasiz masjidga, o‘tirasiz. Tashqarida nima bo‘layotganini bila olmay qolasiz.

Ozodlik: Ma‘ruzalarda nima gaplar bo‘layapti?

- Bahorda bo‘lsa, obodonlashtirishga o‘xshagan gaplar bo‘ladi. Endi asosan diniy tomondan ham ma‘ruza bo‘ladi. O‘shaning ichida obodonlashtirish, shunga o‘xshagan holatlar gapiriladi.

Ozodlik: Diniy masalalar haqida gap ketganda qanaqa gaplar bo‘ladi?

- Axloq, odob.

Ozodlik: Siyosat haqida ham gap bo‘ladimi? Mamlakatdagi siyosat haqida?

- Yo‘q, yo‘q.

Ozodlik: Odamlarning haq-huquqlari?

- Yo‘q, endi bu nima deydi din siyosatdan alohidayu.

Ozodlik: Qanaqa savollar bo‘ladi? Oddiy savollar bo‘ladimi?

- Savol asosan duo qilish to‘g‘risida xat yozishadi. “Oyim kasal. O‘shanga jamoadan duo olib bering” yoki “Ishim yurishmayapti. Jamoadan duo olib bering” yoki bo‘lmasa “Chet elga operatsiyaga ketayotgan edim. Xudo shifo bersin. Shunga duo olib bering” degan savol-xatlar bo‘ladi.

Ozodlik: Biror-bir fatvo so‘rashmaydimi? Bir marta qiziq narsa eshitgan edim. Bittasi shimini boshiga qo‘yib yotgan ekanda. Imomga “Men bilmasdan boshimga shimimni qo‘yib yotdim. Nima bo‘ladi endi?” deb savol bergan ekan. Imom “Shimini boshiga qo‘yib yotgan bo‘ladida, nima bo‘lardi?! Shunaqa ham savol berasizlarmi? Ilm olsanglar bo‘lmaydimi ozgina” degan ekan. Shunaqa qiziq savollar ham bo‘ladimi?

- Yo‘q, bunaqa savollar bo‘lmaydi.

Ozodlik: Faqta duo olib bering deydimi?

- Asosan duo so‘rashadida.

Ozodlik: Ilm olmoqchi bo‘lsa, namoz haqida imomdan so‘raladimi, axir?

- Bunaqa savollar hech bo‘lgan emas.

Ozodlik: Odamlarda bunaqa savollar yo‘qmi yoki bo‘lsa, qayerdan javob oladi ular?

- Bilmadim endi.

Ozodlik: Jumada prezidentni duo qilasizlarmi?

- Albatta. Ha.

Ozodlik: Prezidentni har jumada duo qilasizlarmi?

- Duo qilinadida davlatimiz rahbarlari, prezidentimiz, olib borayotgan siyosatlari, xullas shu to‘g‘risida duo qilinadi.

Ozodlik: Demak, hammasi yaxshi. Juma Namoziga borib-kelib, emin-erkin o‘qib yuribsizlar?

- Ha, juda yaxshi o‘qilayapti, deydi toshkentlik namozxon Ne‘mat aka.

Ne‘mat akaning so‘zlaridan eshitdingizki, bugun poytaxtda namozga ko‘proq yoshi kattalar bormoqda va ular ma‘ruzalarda ko‘p tilga olinadigan ahloq-odob, obodonlashtirish kabi mavzulardan qoniqish his qiladilar.

Soqolsiz imomlardan Yangi yilu 8 mart tabrigi

Ikkinchi suhbatdoshimiz - Toshkent shahridagi Firdavs va bir vaqtlar hozir muhojiratda bo‘lgan Obid qori Nazarov imomlik qilgan To‘xtaboyvachcha masjidlarida juma namozini ado etadigan toshkentlik Abdulloh har juma kuni bo‘ladigan ma‘ruzalarda tilga olinadigan mavzulardan umuman qoniqish his qilmasligini aytdi.

U, ayniqsa, 1000-2000 musulmon yig‘ilgan juma namozida imomlarning namozxonlarni Yangi yil, 8 mart, Navro‘z kabi bayramlar bilan tabriklashlarida mutlaqo mantiq ko‘rmasligini aytdi.

- Bizlar Firdavs masjidiga, Chaqichmondagi To‘xtaboyvachcha masjidlariga, Ko‘kaldosh masjidlariga boramiz.

Ozodlik: Qanday bo‘layapti endi juma namozlar?

- Endi hozirgi paytda yengil-yelpi nimalar bo‘layaptiyu, o‘ta jiddiy temalar yo‘q baribir. Masalan G‘unchadagi Firdavs masjidiga borib turaman, bular ham juda rahbarlarni duolar qilib, shunaqa ma‘ruzalar qiladilar.

Ozodlik: Oldin qanaqa edi? Oldin qanaqa savollar berishardi?

- Endi oldin hamma o‘zining gapini gapirardida. Hozirgi paytda bir xil ma‘ruzalar. Misol uchun Navro‘z kelsa, Navro‘z to‘g‘risida, 8-mart kelsa, 8-mart to‘g‘risida, daje 31-dekabrlarda Yangi yil bilan tabriklashayapti hozirgi paytlarda.

Ozodlik: Kim tabriklayapti?

- Butun diniy boshqarmadan keladi qog‘oz fatvo. Bu yoqdan domlalar hammasi “Yangi yilinglar bilan” deb tabriklab ketayapti juma kunlarida. Bu odatiy hol bo‘lib qoldiyu. 8-mart, Navro‘z, Yangi yil, yo‘l harakati qoidalari, Ollohning hukmlari u yoqda turib bilmaymiz nimalarni gapirishayapti, hayron qolasiz.

Ozodlik: O‘tgan jumada nima haqda gap bo‘ldi misol uchun?

- O‘tgan emas, undan oldingi jumalarga borgan eim. Unda mahalla-ko‘y, ko‘chalarni obod qilishlik, Navro‘zga tayyorgarlik bo‘yicha bo‘ldida. Lekin Chaqichmondagi To‘xtaboyvachcha masjidiga sobiq muftiyning o‘g‘illari kelib ma‘ruza qildilar. Asr surasi bilan Ixlos surasida ikkita tajvid xatolari bo‘ldi. Hayron qolasizda. Bunaqa imom qanaqa qilib ma‘ruza qilayapti, biz ham hayron qoldik o‘sha kuni. Chunki u yerda butun jamoat namoz o‘qiyapti. Juma namozidagi jamoatga javob beradi imomlikka o‘tgan odam.

Ozodlik: Qanchacha odam bor edi orqasida?

- 2000 odam chiqib qoladi u yerda.

Ozodlik: Ma‘ruzada nima haqida gap bo‘ldi?

- Ma‘ruzada asosan diniy boshqarmadan qo‘llarida qog‘oz bor ekan. O‘shanga qarab turib Navro‘z umumiy kun bo‘lgani uchun hammanglarni umumhasharga chaqiramiz, ko‘chalarning tozaligi ularni tashvishga solib qo‘ygan ekan. “Ko‘chalarni tozalash musulmonlarning vazifasi” deb gapirib o‘tdilar endi. Bayram o‘tgandan keyin hech kimning ishi yo‘q o‘zi u narsa bilan.

Ozodlik: Duo bo‘ldimi oxirida? Duo qanday bo‘ldi?

- Duolar asosan dehqonchilik haqida, rahbarlarni duo qilib qo‘yishadi ozgina. Boshqa yana nima bo‘lishi mumkin?

Sizga hozir bitta narsa aytib beraman. Doimiy ko‘p masjidlarda bo‘layotgan narsa. Har xil balolardan, samoviy, aroziy balolardan saqlasin Ollohning o‘zi, prezidentimiz omon bo‘lsinlar, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin – har doim mana shunaqa duo. Duolarni ham yodlab olishgan bir xilda. Qanaqa duo qilishlarigacha yozib berishgan menimcha. Chunki hammasi bir xil duo qiladi. Hech kim aytmaydi “Ey qattiq turinglar, mustahkam turinglar. Ollohning sinovi keladi haqiqiy mo‘minga” deb hech qaysi olim gapirayotgani yo‘q.

Hattoki hozir imomlarning orasida soqol qo‘ygan imomni topish amrimahol. Soqolli imomni topishning o‘zi juda mushkul. Barmoq bilan sanarli. Hozir ko‘zga ko‘ringanlaridan, Anvar qorining o‘rniga o‘tirishi mumkin deyilgan imom bor, prezident bilan juda yaxshi deyishayapti, Odilxon qori. Daje bu odamning ham soqoli yo‘q hozirgi paytda.

Ozodlik: Soqolli namozxonlarchi?

- Ular sanoqli. Ular davlat nazoratida turishadi. Milliy xavfsizlik ro‘yxatida turishadi.

Ozodlik: Bular nima tazyiq bo‘lishidan qat‘iy nazar soqolini qo‘yib yuravyeradigan dindorlarmi?

- Ular yuravyeradi. Hech kim bosh og‘rig‘i ham qilmaydi baribir. Chunki shusiz ham ular ro‘yxatda turadi.

Ozodlik: O‘zi jumada odam ko‘pmi?

- Hozirgi paytda odamlar dinga mahkam bo‘lishga qo‘rqib qolgan. Chunki sunnatni tiriltirib soqol qo‘yish hozir juda qiyin masala bo‘lib qoldi. Kaftda cho‘g‘ ushlab turish bilan barobar bo‘lib qoldi. Ayollar ham hijobni yechib ketayapti misol uchun tirikchilik qilmoqchi bo‘lsa.

Hozir misol uchun hijobli ayolga na o‘qishda, na ishda hech qanday imkon yo‘q. Mana misol uchun ishga kirmoqchi bo‘lsa bitta odam, “Men namoz o‘qiyman. Shunga qanaqa sharoit bor?” desa, hech kim olmaydi uni ishga, ayolni ham, erkakni ham.

Ozodlik: Ishxonada namoz o‘qigani uchun jarimaga tortilganlarga guvoh bo‘ldingizmi?

- Jarimaga tortish qonuni chiqqan. Lekin ko‘pchilikning jarimaga tortilgan joyi yo‘q. Albatta bilib qolsa tortadi jarimaga.

Ozodlik: Jarimaga tortilsin degan qonun qachon chiqqan?

- Eshitganim bo‘yicha 6-7 oycha bo‘lib qolgan.

Ozodlik: Ish vaqtida jumaga bormasin degan qonun, deyapsiz. Sizdan oldin ham bir-ikki kishi bilan gaplashdim. Ular ham qonun, deb gapirdida. Aniq bilasizmi shunday qonun borligini?

- Odamlarning tilida yuribdi. Mana shu narsa bor ekanda.

Ozodlik: Qonun deyishayaptimi shuni?

- Ha. Chunki ko‘p ishxonalar ogohlantirilgan ekan bu narsa bo‘yicha. Ogohlantirish bo‘lgan, deb biz unaqa nima qilib o‘tira olmaymiz deb ishsiz o‘tiribdi bechora namozga qattiq turgan odamlar.

Ozodlik: Ishlaydiganlar jumaga bora olayaptimi yoki bora olmayaptimi?

- Jumaga borishadiku amallab. Endi besh mahal namozni ado etish qiyin bo‘lib qoldi hozirgi paytda ishlaydigan odamga. Bilasizmi bu nimaga o‘xshaydi? Bu yahudlarning uslubi, taktikasiga o‘xshaydi. Chunki yoshlar islomdan chiqarilsa, islomning kelajagi bo‘lmaydi kelajakda. Din bo‘lmaydi bu yurtda.

Mana hozirgi paytda bizlarda ham xuddi shu ahvolda. yoshlar uchun din, shariat yo‘llari to‘silgan. Kelajakda, vallohu a‘lam, nima bo‘ladi bu ketishda, deydi Toshkent shahridagi Firdavs va To‘xtaboyvachcha masjidlarida juma namozini ado etadigan toshkentlik namozxonlardan biri.

Jumaga borsang, konspiratsiya qoidalariga amal qil

Uchinchi suhbatdoshimiz esa toshkentlik namozxon, sobiq mahbus Nozim aka.

U kishi juma namozlarida jamoatning katta ekanidan quvonishini, ammo, bu jamoatning ehtiyojiga yarasha ibodat bo‘lmayapti, deb hisoblashini aytdi.

Nozim aka suhbatni o‘zi bir gal 6 yoshli jiyani bilan Juma namoziga borganida ularni masjidga kiritishmaganidan gap boshladi.

- Yaqinda jumaga chiqdim. Jiyanim bilan borgan edim. Kirgazishmadi.

Ozodlik: Qaysi masjidga?

- Shayxontohurdagi Kamolon masjidiga. Mumkin emas ekan kirgizish. “Nimaga? Qayerda yozilgan? Ollohning uyiku bu” desam, “Bu yerda kameraga olinayapti. Hozir mumkin emas bolalarni olib kirish bu yoqqa” deb aytdi.

Ozodlik: Jiyaningiz necha yosh?

- Hali maktabga chiqmagan, endi chiqadida. Sentabrda birinchi sinfga chiqadi.

Ozodlik: O‘zi xohlab borgan edimi u?

- Ha. Shunaqa narsalarga qiziqadida.

Ozodlik: Demak, uni kirgizishmadi?

- Ha. Men ham qaytib ketdim keyin.

Ozodlik: Undan oldingi jumaga chiqqanmidingiz?

- Ha. Ko‘kchaga boraman, Chorsudagi masjidga.

Ozodlik: Nimaga bitta masjidga bormaysiz?

- Bitta masjidga borishni xohlamayman. Nimaga deganda u yerda kim chiqayapti, kim kelayapti hammasini mahalla komiteti chiqib yozib, hammasining hisobini IIVgami, SNBgami berisharkan. Shunaqa deb eshitganman.

Ozodlik: Sizni tanimaydigan joylarga borasizda? Sizdan oldin bitta bola aytib berdi: "Biz boshqa rayonlarga namoz o‘qigani boramiz. Chunki hamma rayonning o‘zida o‘zining mahallasining odamlari turadi. Ular bir-birini taniydi" deb.

- Shunaqa, to‘g‘ri. Mahalla raisi chiqib, unga ham chiqish yuklatilgan. O‘sha yerda bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa bo‘lmaydi. O‘zi chiqib kim kelayotganining hammasini otchyot berib turadi.

Ozodlik: Otchyot qiladiganlarning o‘zlari ham namoz o‘qiydimi keyin?

- O‘qiydigani ham bor, o‘qimaydigani ham bor. Eshikning tagida turadi.

Ozodlik: O‘zi jumaga kimlar chiqayapti hozir? Odam ko‘p bo‘ladimi jumada?

- Jumada juda ko‘p bo‘ladi. Maktab o‘quvchilarini ham bir ko‘rib qolaman. Bir xil paytlarda ko‘chalargacha chiqib ketib qoladi joynamozlarni qo‘yib.

Ozodlik: Mana bolalar kirmasin, boshqa desa ham nimaga odam ko‘p jumada?

- Chunki insonning shunaqa xususiyati bor deymanda. Bir marta insonni qaytarsa, o‘sha narsaga intilavyeradi inson. Fizika qonuni bor deyishadida. O‘shanga men shunaqa deb tushunaman. Qilma, desa, odamlar qiziqib, qiziqishi yanada osharkan.

Ozodlik: Balki bu aksinchadir Nozim aka? Balki erkinlik berilgani uchun odam ko‘p bo‘lar?

- Yo‘q, yo‘q. Bu yerda erkinlik berilmagan. Chunki u yerda gapirilayotgan narsa hech kimni qiziqtirmaydi. Masalan men uxlab qolay deyman u yerda gapirilayotgan narsalardan.

Ozodlik: Masalan siz bo‘lgan oxirgi jumada nima gaplar bo‘ldi?

- Salom to‘g‘risida gapirildi. Salom odobi haqida gapirildi.

Ozodlik: Salomlashish haqidami?

- Ha.

Ozodlik: Qancha jamoat bor edi o‘sha yerda?

- U yerda ko‘p edi. Aniq bilmaymanku.

Ozodlik: 1000 kishi bormidi?

- Ha, 1000 kishi bor edi. Hamma joyda programma bir xil. Boshqa joydagilardan so‘rasam, xuddi o‘sha to‘g‘risida gapirilgan deydi. Asosan bir xil tema beriladi. Bir amallab vaqtni o‘tkazish uchun cho‘ziladigan savollar.

Ozodlik: Jamoatdan savollar ham tushdimi imomga?

- Yo‘q, unaqa savol-javob bo‘lmaydi.

Ozodlik: Salomlashish odobi haqida ham savol bo‘lmadimi?

- Yo‘q, bo‘lmadi.

Ozodlik: Necha minut ma‘ruza qildi imom?

- Yarim soatga boradi. 12:30da boshlasa, birgacha gapiriladi.

Ozodlik: Duosi qanaqa bo‘ldi?

- Duosi endi shu davlatimiz tinch bo‘lsin, prezidentimiz omon bo‘lsin, shunaqa narsalar. Shu tinchlik, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.

Ozodlik: Demak, har bir duoda prezident, davlatimiz mustaqilligi, tinchligimiz degan so‘zlar bor?

- Shunaqa. Yaxshi bo‘layapti hamma yoq, gullayapti, yashnayapti.

Ozodlik: O‘zi umuman olganda buning hech yomon joyi yo‘qku-a? Bitta davlat birlashib yurtboshisiga duo qilsa. Sizga ma‘qulmi shu?

- Agar bu narsalar qalbdan chiqib gapirilganda, rostdan ham, haqiqatan ham o‘xshar edi deymanda. Bular hammasi nomiga nima bo‘lib ketadigan narsalar.

Ozodlik: Imomlar yuragidan chiqarib aytmaydimi shu duolarni?

- Yo‘q, men o‘ylayman bularning hammasi ko‘rinish xolos.

Ozodlik: O‘zlari shu siyosatni yurakdan ma‘qullaydimi yoki majburlikdanmi?

- Menimcha yo‘q. Men o‘zim jazoni ijro etish muassasasida bo‘lganimda, o‘sha yerda domla bilan o‘tirganman. Samarqandning imomi bilan. Narkotik bilan qamalgan.

Ozodlik: O‘zi rostdan ham aralashganmi narkotikka?

- Narkotikka aralashganligini bo‘yniga olgan. “Nimaga deganda bu narsani hamma imomlar qiladi bizlarda Samarqandda” degan.

Ozodlik: Siz gaplashgan imom sal lofchiroq emasmidi mabodo?

- Yo‘q, soppa-sog‘ edi. Chunki qamoqxonada odam ichidagi hamma bor narsani gapiradi, bo‘lgan narsani. Men shunaqa deb o‘ylayman. Chunki yashiradigan narsasi yo‘q. Keladigan joyiga keldi. “Nimaga unaqa qilgansiz?” desam, “Ha, shayton yo‘ldan urdi” deb qo‘yadi o‘ziga o‘zi.

Ozodlik: Siz borib orqasida turib juma namozi o‘qiyotgan imomlar yaxshimi?

- Hozirgi imomlarning hammasi ministrga tobe imomlar. Aytganini qiladi, o‘shalarga borib nima qiladi. 100 foiz deb ayta olmayman. O‘shani baribir xohlamaganda ham qiladida.

Ozodlik: Mana siz uning riyokorligini, jinoyatchiligini, ba‘zi aytayotgan narsalaringiz jinoyatda endi, yoki firibgarligini bilaman, deyapsiz. Baribir ham iqtido qilib namoz o‘qiyvyerasizmi?

- Ha, o‘qiyvyeramiz. Bir-ikkita nimalardan so‘raganimda “o‘qilmaydi” deyilganda. “O‘qilavyeradi” deganini ham eshitganman, “o‘qilmaydi” deganini ham eshitganman. Nima qilamiz endi? Biz ilmsiz oddiy bir banda bo‘lsak. Masjidga borib gunohlarimni kechirsin deb Ollohga ibodat qilamiz, imomga ergashib iqtido qilamizda endi, nima qilaylik, deydi toshkentlik namozxon, sobiq mahbus Nozim aka.

-------------------------------------------
Toshkentdagi yirik masjidlarda o‘qilayotgan juma namozida kuzatilayotgan bu holatlar mushtariylarimiz uchun qiziqarli va yangilik bo‘ldi, degan umiddamiz.

Ammo, bu atiga uch namozxondan eshitganimiz.

Agar tinglovchilarimiz orasida ham bu haqda fikr-mulohazalarini bildirish istagida bo‘lganlar bo‘lsa, marhamat, bizga bog‘lanishingiz mumkin.

Telefonlarimiz: +420 602 61 27 13 yoki ++420 773 26 72 30

E-mail manzilimiz: uzbekweb@rferl.org
XS
SM
MD
LG