O‘zbekistonda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirishi ortidan Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov fuqarolariga murojaatnoma yo‘lladi.
“Uzoq yillar davomida o‘zi yashab kelayotgan uyini rasmiylashtirib olishni niyat qilib yurgan halol insonlar ko‘p ammo, vaziyatdan foydalanib, noqonuniy yo‘llar bilan daromad qilishni reja qilib yurgan “uddaburonlar” ham yo‘q emas. Sizlarni bunday nopok kimsalarning har qanday so‘zlari va va’dalariga ishonmaslikka chaqiraman!” deyilgan mulozim murojaatida.
Kadastr agentligi direktori ta’kidicha, mahallalarda xatlov aniq tasdiqlangan reja-grafik asosida, o‘n beshdan ortiq vazirlik va idora nazoratida o‘tkaziladi va bu jarayonda “tezlashtirib berish”, “ilojini qilib o‘tkazish”, “tanish-bilish” kabi holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kadastrga mas’ul mulozim fuqarolarga firibgarlik, tamagirlik yoki korrupsiya holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishni eslatgan.
“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun O‘zbekistonda joriy yil 8-noyabridan kuchga kirgan.
Mazkur qonunga ko‘ra, fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:
• 2018-yil 1-may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
• 2018-yil 1-may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
• “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
• 2021-yil 8-iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
• bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
• kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
• davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
• hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.