Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:46

Kaspiy dengizi qanday qilib urush maydoniga aylanib qoldi?


Dog‘iston, Kaspiysk.
Dog‘iston, Kaspiysk.

Kaspiy dengizi va uning atrofidagi rus harbiy kuchlari Ukrainaga hujum qilmoqda, bu atrof-muhitga o‘lim va vayronagarchilik keltirmoqda.

2022-yilda Moskva keng ko‘lamli bosqinining dastlabki kunlarida Ukraina rasmiylari Rossiya uchoqlari dengizdan raketa otganini ma’lum qilishgandi va o‘shandan beri buni bir necha bor takrorlashdi.

Kaspiy dengizi yaqinida yashovchi aholi ham raketa uchirilgani haqida xabar berishdi. "Kalibr" qanotli raketasi uchirilgani tasvirlangan video ham tarqatildi.

Ba’zi mahalliy aholi vakillari harbiy harakatlar atrof-muhit ifloslanishga sabab bo‘layotganini aytishgan, ayrim jurnalistlar esa raketalar uchirilishi va Kaspiy tyulenlarining ommaviy o‘limi o‘rtasida bog‘liqlik borligini taxmin qilishgan.

Rossiya Kaspiy dengizidan Ukrainaga hujum qilish uchun foydalanganini tasdiqlamadi, ammo ilgari bunday ma’lumotlarni yashirmasdi. 2015-yil oktyabr oyida rasmiy OAV o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Kaspiy dengizi floti Suriyadagi nishonlarga Kalibr raketalari yordamida zarba berganini aytganini xabar bergandi. Keyingi yili ham shunday xabar e’lon qilindi.

2022-yildan beri xabar qilingan hujumlar asosan Kaspiy dengizi ustida parvoz qilayotgan bombardimonchi samolyotlardan X-55 qanotli raketalari orqali amalga oshirilgan.

Kaspiy floti “Kalibr” raketalarini uchirgan bo‘lishi mumkin, ammo Ukraina qurolli kuchlari bunga aniq dalil yo‘qligini aytdi.

Iyun oyida mahalliy baliqchilar tarqatgan videoda ikkita raketa ko‘rsatilgan. Raketa qoldirgan iz havoda uchirilgan qanotli raketadan ko‘ra ko‘proq Kalibrga o‘xshaydi.

Biroq, Rossiya Kaspiy flotining atrof-muhitga ta’siri haqidagi mahalliy xavotirlar keng ko‘lamli bosqindan oldin ham bor edi. Moskva allaqachon Dog‘istonning Kaspiysk shahrida flot uchun yangi baza qurayotgan edi va 2020-yil iyun oyida u yerda harbiy-dengiz paradini o‘tkazdi.

Mahalliy turg‘unning "Ozodlik" radiosiga aytishicha, o‘shandan beri har yili o‘tkaziladigan tadbir dengizni neft bilan ifloslantiradi va undan so‘ng qirg‘oqda o‘lik baliqlar to‘planib qoladi.

"Taxminan 30 yil oldin dengiz hayotga to‘la edi. Hozir unday emas. Yozda kemalar oldiga suzib bordim va nima bo‘layotganini ko‘rdim. Buning sabablaridan biri Kaspiy floti," deydi u.

"Dahshatli vaziyat"

"Ozodlik" radiosi Moskva tomonidan "nomaqbul tashkilot" deb e’lon qilingani sababli, bu erkakning ismini oshkor qila olmaydi.

Mahalliy ayolning aytishicha, u mintaqa markazi Mahachqal’adan Kaspiyskka to‘qqiz yil oldin ko‘chib o‘tgan, suv toza bo‘ladi degan umidda.

U vaziyat shu vaqt davomida "anchagina o‘zgarganini" va yillik harbiy-dengiz paradlarining ta’sirini tasvirlab berdi.

"Kemalar portda emas, qirg‘oqda langar tashlagan. Ular kun-u tun yoqilg‘i yoqishadi, dvigatellar tinimsiz guvillaydi va, albatta, barcha chiqindilar dengizga tushadi," deydi u.

"Keyin kemalar o‘q ota boshlaydi. Atrofda dahshatli vaziyat yuzaga keladi. Kuyish hidi hatto yopiq derazalardan ham kiradi... nafas olib bo‘lmaydi."

Shuningdek, flot har yili sentyabr oyida harbiy mashqlar o‘tkazadi. Joriy yilda 30 dan ortiq kema jalb qilindi.

Mashqlar dengizning chuqur qismida o‘tkaziladi, ammo manbalarimizga ko‘ra, qirg‘oqda yoqilg‘i qoldiqlari va o‘lik baliqlar to‘planadi.

Jurnalistlar harbiy mashqlar va haqiqiy jangovar harakatlar ifloslanish va, ehtimol, tyulenlarning ommaviy o‘limi bilan bog‘lashadi.

Kalibr va X-55 qanotli raketalarida dengizga to‘kilishi mumkin bo‘lgan zaharli raketa yoqilg‘isi ishlatiladi.

Biroq, Rossiya harbiy harakatlarining Kaspiy dengizidagi atrof-muhitga ta’sirini baholash uchun mustaqil ilmiy ma’lumotlar to‘planmagan.

XS
SM
MD
LG