Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:32

Kitob bozorida “reyd” o‘tkazgan dindorlar Da Vinchi va Rembrandtni xalqqa yot deb topdi


 Kitob do‘konidagi "reyd" jarayoni. Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi.
Kitob do‘konidagi "reyd" jarayoni. Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi.

Joriy yilning 28 - iyun kuni O‘zbekiston Islom akademiyasi rektori¸ Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi rais o‘rinbosari Muzaffar Komilov¸ Islom sivilizatsiya markazi xodimi Abror Abduazimov va Farg‘ona viloyat, Toshloq tuman masjidining sobiq imom-xatibi Shukrillo Egamberdiyevlar boshchiligidagi dindorlar guruhi Toshkent markazidagi kitob do‘konlarini, ularda sotilayotgan kitoblar islomiy mafkuraga to‘g‘ri kelish-kelmasligi yuzasidan, “taftish” qildi.

“Taftishchilar guruhi”ning Navoiy ko‘chasida, Chorsu guzariga yaqin joylashgan bir necha do‘konlarga kirib kitoblarni ko‘zdan kechirgani bir soatdan oshiq davom etadigan videoda aks etgan.

“Taftish” davomida bu tadbir ishtirokchilari "Rossiya kitoblari" degan peshtaxta osilgan do‘konga kirishadi.

Videoda kitob do‘koni sotuvchisining qo‘rqinch to‘la¸ reyd o‘tkazayotgan “komissiya” a’zolarining esa qahrli qiyofalari ko‘rinadi.

Din ishlari qo‘mitasi rahbar o‘rinbosari Muzaffar Komilov
Din ishlari qo‘mitasi rahbar o‘rinbosari Muzaffar Komilov

Videoda Din ishlari qo‘mitasi rais o‘rinbosari Muzaffar Komilov do‘kondagi kitoblarning zararini uqtirgani eshitiladi:

“Bizning e’tiqodimizga zid bo‘lib qolgan joylari bor. Sharqshunoslarning nuqtai nazaridan yozilgan hollari bor. Bu kitoblar jamiyatdagi mavjud e’tiqodiy masalalarni buzib qo‘yadi. Kitoblar birinchi galda e’tiqodimizga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi? Keyin ahloqimiz¸ bizdagi urf- ‘odat¸ yurish-turish¸ qadriyat masalalari bor”.

Shundan keyin so‘z olgan Islom sivilizatsiya markazi xodimi Abror Abduazimov bu do‘kondagi barcha kitoblarda “muammo bor” deya ta’kidlaydi:

“O‘zi aslida kitobni tashqaridan kiritayotib bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda qattiq nazorat qilish kerak. Bu degani kitobga to‘sqinlik emas¸ balki noto‘g‘ri tushunchalarga to‘sqinlik degani. O‘zi bu kitob masalasida muammo bor. Kitobni nazorat qilish tizimi cho‘tkiy ishlayotgani yo‘q. Ochiq aytish kerak. Mana kitoblarni bitta-bitta ochib ko‘rdim. Hammasida muammo bor. Yalang‘och odamning rasmini qo‘yib qo‘ygan. Da Vinchini anavi eski anaqalari. Rembrandning asarlari. Bularni kimdir san’at deydida. Lekin bu millatning asliga salbiy ta’sir qiladigan narsalardir. Bu faoliyatni chegaralashimiz kerak. Ideolog sifatida.”

Bu gapni aytgan Abror Abduazimov Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi bo‘lgani uchun u "ideologiya" deganda islom ideologiyasini nazarda tutayapti, deb tushunish mumkin.

Shundan so‘ng Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Isroil yozuvchisi Yuval Noy Xararining o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Sapiens. Insoniyatning qisqacha tarixi” degan kitobini zararli, erkak muallifini esa, “bir erkakning xotini” deb kesatadi.

Uchrashuv devomida dindorlardan tarkib topgan komissiya “Bermud uchburchagi"ni “fitna”, Larisa Burakovaning kitobini esa mavjud tuzumni ag‘darishga chorlov o‘laroq o‘zbek o‘quvchisi o‘qimasligi kerak adabiyot, deb topishdi.

Ozodlik muxbiri Din ishlari qo‘mitasidan mazkur “reyd” borasida izoh ola olmadi. Islom siviliazatsiyasi markazi matbuot xizmati esa o‘z xodimi Abror Abduazimovning shaxsiy fikrlari markaz nuqtai nazarini anglatmasligini bildirish bilan kifoyalandi.

Dindorlarning kitob do‘konlridagi reydi aks etgan video ostidagi aksar izohlar tanqidiy ruhda.

Tarmoq yuzeri Lola Aziz bu komissiya reydini “bolalar bog‘chasi” deb ataydi.

“O‘zlaridan tsenzor yasab olishgan. Bularni o‘zi umrida bir marta diniy kitobdan boshqa biror adabiyot o‘qishmagan. Aqliy darajasi plintusdan pastda. Pozorishche. Bular kim, ularga kim vakolat berdi butun O‘zbekiston aholisiga tavsiyalar berib tekshiruvlar olib borishga. Ularni nima haqqi bor. O‘zlaricha katta inspeksiya. Detskiy sad".

Toshkentlik jurnalist Farida Sharif Ozodlik bilan suhbatda bu komissiya kim tomonidan vakil qilingan, degan savolni o‘rtaga tashlar ekan, bunday dedi:

“Bu reyd meni hayratga soldi. Chunki kim tomonidan vakil qilingani noma’lum kishilar kitob magazinlarini obxod qilib nimani o‘qish mumkinu nimani o‘qish mumkin emasligini ko‘rsatib yurishibdi. Keyin tushunib yetsam, bular O‘zbekiston hukumati uchun qora ishni qilib bermoqda. Ularda hukumat bergan kart-blansh borligi aniq. Ayni paytda hukumat qo‘zichoqday beozor mavqeda qolmoqda. Buning fonida senzura¸ qo‘rqitish va aholini diniy afyun bilan vos- vos qilish tez sur’atda davom etmoqda".

Reydga munosabat bildirgan tarmoq faoli Abror Xayrullayev o‘zbeklar nima o‘qishini nahotki shular belgilasa, deb hayratlanadi:

“Nima sababdan bu o‘zboshimchalar to‘dasi o‘zbek xalqini butun dunyoda tan olingan va vaqt sinovidan o‘tgan san’at asarlari bilan tanishish huquqidan mahrum qilishi lozimligi xaqida gapirmoqda. Haqiqiy o‘zbek yozuvchilari Kodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar bunday "domlalarni" ko‘rib qo‘rqib ketishgan bo‘lardi. O‘zbekistonda ilm rivojlanishi uchun arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitoblarni emas¸ balki chet el ilmiy kitoblarini o‘qitish lozim. Lekin bu har bir o‘zbekning o‘z tanlovi bo‘lishi lozim. Har -xil Abror va maxallayu¸ komitetlar kim nima o‘kishini hal qilishga xakki yo‘q”.

Tolibon shamoli?

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov bu reyd mazmunida toliboncha ruh mavjudligini aytadi:

“Reyd o‘tkazgan mullalarning nigohi va ritorikasi tolibonnikidan farq qilmaydi. Tolibon O‘zbekiston chegaralariga yaqinlashgan sari o‘zbeklar zehniyatida toliboncha tafakkurni parvarishlash uchun kuchlar safarbar qilinganday tuyuldi. Maqsad o‘zbek yoshlari miyasida toliboncha tafakkur yaratish. Reyddan ikki xulosa chiqadi. Fakticheski o‘zbek mullalari tolibon ritorikasini takrorlamoqda. Demak¸ tolibon va uning ideologiyasi allaqachon O‘zbekisto aholisi miyasida tomir otgan".

O‘tgan hafta Internetning o‘zbek segmentidagi konservativ qatlam bosimi ortidan “Aqlvoy” telekanalida “uyat rasm qo‘ygan” xodim jazolangani haqida telekanal ma’muriyati habar bergan edi.

Ma’lumotda aytilishicha¸ “Aqlvoy” telekanalida namoyish etilgan “Shahrizoda. Aytilmagan hikoyalar” va “Art-Odissey” multseriallaridagi ochiq sahnalarni efirga uzatganligi bilan bog‘liq xato bo‘yicha butun kanal ijodkorlari kerakli tanbehni olgan”.

Voqea Italiya uyg‘onish davri san’atining buyuk namoyandasi, rassom Sandro Botichelli ( 1445 —1510) mo‘yqalamiga mansub “Veneraning tug‘ilishi” asarining “Aqlvoy” kanalida namoyish qilingani bilan bog‘liqdir.

Bundan tashqari "Aqlvoy" kanalida namoyish qilingan yana bir multfilmda Alovuddin bilan malikaning o‘pishish sahnasi ham tomoshabinlarning bir qismi e’tiroziga sabab bo‘lgan.

Toshkentdagi “HAMAR” san’at markazi xodimi¸ rassom Shirin Tosheva “Bu jamiyat radikallar nazoratiga o‘tayotgani borasida» o‘z havotirini izxor qilgan edi.

XS
SM
MD
LG