Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:17

“Konstitutsiyaviy islohotlar noto‘g‘ri talqin qilingan". O‘zbekiston IIV Nukusdagi namoyishlar bo‘yicha bayonot berdi


1-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda katta sondagi odam shahar markazida to‘planganini ko‘rish mumkin.
1-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda katta sondagi odam shahar markazida to‘planganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 1-iyul kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida yuz bergan namoyishlar “konstitutsiyaviy islohotlarning noto‘g‘ri talqin qilinishi” oqibatida sodir bo‘lgani haqida bayonot bilan chiqdi.

Vazirlikka ko‘ra, “Nukusning markaziy bozorida” o‘tgan “noqonuniy namoyishlar” ortidan jamoat tartibini saqlash maqsadida “huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etilgan”.

O‘zbekiston rasmiylari namoyishlarda “ayrim fuqarolar”ni ayblamoqda.

“Hozirda jamoat tartibi tiklanib, fuqarolarning qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari va barcha murojaatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi IIV bayonotida.

Bayonotda namoyishchilarning qanday talablarni ilgari surgani haqida hech narsa deyilmaydi.

Bu O‘zbekiston hukumatining Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar borasida so‘nggi kunlarda tarmoqlarda bo‘y ko‘rsatgan noroziliklar yuzasidan ilk rasmiy bayonotidir.

Noroziliklarga Konstitutsiyaning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangi tahririda Qoraqalpog‘iston respublikasining “suvereniteti” iborasi hamda respublika xalqining “umumiy referendum asosida ajralib chiqish huquqi” jumlasi olib tashlangani sabab bo‘lgani aytiladi.

1-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda katta sondagi odam shahar markazida to‘planganini ko‘rish mumkin. Videoda namoyishchilarning qanday talablarni ilgari surayotgani anglashilmaydi.

Namoyishlar 1-iyul kuni mahalliy yurist Davlatmurat Tajimuratov huquq-tartibot idoralari tomonidan olib ketilganidan so‘ng boshlangani aytilmoqda.

Qoraqalpog‘istonlik huquq faoli Azimboy Otaniyozovning Ozodlikka aytishicha, Tajimuratov 5-iyul kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar yuzasidan miting o‘tkazishga ruxsat berilishini so‘rab, rasmiy idoralarga murojaat qilgan.

27-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklar ortidan Nukus shahrida mobil internet cheklangani haqida xabarlar olingandi.

Amaldagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 70-moddasi:

“Suveren Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining suvereniteti O‘zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi”, deya o‘qiladi.

26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangi tahrir loyihasida esa bu moddani quyidagicha o‘zgartirish nazarda tutilmoqda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunchiligida nazarda tutilgan barcha huquq va erkinliklar kafolatlanadi”.

Shuningdek, Konstitutsiyasining 74-moddasida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega”, deyilgan.

Yangi tahrirdagi loyihada bu moddani quyidagicha ta’riflash taklif qilingan:

"Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘z hududida qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiq amalga oshiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliy mansabdor shaxsidir".

O‘zbekiston rasmiylari hozirga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi suvereniteti atrofidagi vaziyat borasida biron munosabat bildirgani yo‘q.

26-iyun kuni Gazeta.uz nashridan “Konstitutsiyada Qoraqalpog‘istonning maqomini o‘zgartirish taklif etilmoqda” nomli maqola olib tashlangan.

Qoraqalpog‘iston Avtonom Sovet Sotsialistik respublikasi 1936-yilda O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritilgan.

1992-yilning 9-yanvarida Qoraqalpog‘iston ASSR Qoraqalpog‘iston Respublikasiga aylantirilib, O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga qo‘shilgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi so‘nggi videolardan namoyishlar kun qorayganidan so‘ng ham davom etganini ko‘rish mumkin.

Tarmoqlarda prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yo‘l olgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, ammo bu xabarlar hozircha rasman tasdiqlanmagan.

XS
SM
MD
LG