Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2021, Тошкент вақти: 10:39

Koronavirus: Kasallanish ko‘paymoqda, rasmiy statistikaga doir savollar ham


Andijonda kovid-test uchun navbatda turganlar.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist va blogerlar, shuningdek, Ozodlik suhbatlashgan koronavirus qurbonlarining yaqinlari mamlakatda davom etayotgan pandemiyaning navbatdagi to‘lqini manzarasida kasallanish va qurbonlar soniga doir rasmiy statistikani yana savol ostiga olishmoqda.

Sog‘liqni saqlash rasmiylari esa, pnevmoniya va o‘pka yallig‘lanishi kabi kasalliklar bois hayotdan ko‘z yumayotgan kishilarni koronavirus qurbonlari qatoriga qo‘shmaslik kerakligini ta’kidlashadi.

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida koronavirus yuqtirib olgan bemorlarni davolash uchun ochilgan markazda Dilbar ismli 62 yoshli ayolning jasadi 17 - avgust kuni qarindoshlariga berildi.

Yangiariq tumanidan asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan marhum yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, ayol kuchli isitma bilan 11 - avgust kuni Urganchdagi Olimpiya zaxiralari kolleji bazasida ochilgan kovid-markazga yotqizilgan, olti kun o‘tib, bemor ayni markazda vafot etgan.

“Uyda isitmasi ko‘tarilavergach kovid-markazga yotqizishgandi. 17 - avgust kuni o‘ldi, deb aytishdi. Oxirgi kunlari nafas ololmay qiynaldi. Pnevmoniya deb tashxis qo‘ydi, lekin hamma belgilari koronavirusniki edi. O‘lim varag‘iga ham pnevmoniya deb yozib berishdi”, - deydi marhumaning qarindoshi.

ЭКСКЛЮЗИВ - Қабристон сукунати: Ковид қурбонлари ошмоқда, расмийлар сукутда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Bu Xorazm viloyatidagi koronavirus gumoni bilan bog‘liq so‘nggi kunlardagi yagona o‘lim xolati emas.

Shu hafta boshida birgina Urganch tumani Qorovul qishlog‘idagi kamida ikki xonadondan o‘lik chiqarildi.

Bundan oldin shu qishloqdagi bir oilada bobo va nabirasining bir kunda koronavirusdan vafot etgani ovoza bo‘lgan edi.

“So‘nggi uch haftada bizning qishloqda to‘rtta o‘lik chiqdi. Zargar Boltaboy akani xonadonida bobo va nevara kovid bilan kasallanib, bir kunda hayotdan ko‘z yumdi. Ikki kun oldin ikki qo‘shnimizning uyida janoza bo‘ldi. Oldingiday kovid-markazdan selofan qopga o‘rab, bir-ikki odam ishtirokida to‘g‘ri qabristonga olib borib ko‘mishayotgani yo‘q. Xonadonlarda janoza marosimlari qilinyapti, janoza va ma’rakalar koronavirusdan oldin qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday bo‘lyapti”, - deydi Urganch tumanida yashovchi Jumanazar aka.

Urganchdagi Olimpiya zaxiralari kollejidagi kovid-markaz oldida turgan bemorlardan birining qarindoshi Ozodlikka 16 - avgust kuni markazdan ikki jasad chiqarilgani guvohi bo‘lganini aytdi.

“Ikki kun oldin ikkita o‘likni berishdi. Qarindoshlari qon yig‘lab olib ketdi”, - dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan urganchliklardan biri.

Rasmiy raqamlarga qaralsa, Xorazm viloyatida 17 - avgustga kelib, koronavirusdan o‘lganlar soni 1 nafar ekanini ko‘rish mumkin.

“Pnevmoniyadan o‘lganlarni koronavirus qurbonlari qatoriga qo‘shmaslik kerak”

Xorazm viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi Ozodlikka vaziyatni qo‘yidagicha izohladi:

“Kovid-markazlarda yotgan va hayotdan ko‘z yumgan bemorlarning hammasida ham koronavirus aniqlanib turgani yo‘q. Ko‘pchiligida pnevmoniya, o‘pka yallig‘lanishi. Agar koronavirus bo‘lsa yoki shu kasallikdan o‘lgan bo‘lsa, jasad qarindoshlariga shundayligicha berilmaydi-ku, maxsus yelim qopga o‘ralib beriladi. Siz aytayotgan o‘lim holatlari koronavirus bilan bog‘liq emas, bizda yil boshidan bitta koronavirus o‘limi qayd etildi, buni yashirishning hojati yo‘q”, - deydi Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 17 - avgust kuni 851 kishida koronavirus aniqlangani, bemorlardan 7 nafari vafot etganini bildirgan.

Vazirlikka ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan buyon 145615 kishi shu kasallikni yuqtirgan, 994 kishi vafot etgan.

“O‘lim holatlari to‘g‘risida bor haqiqatni oshkor etish kerak!”

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda koronavirusga chalinish va o‘lim holatlari bilan bog‘liq oid rasmiy statistikani savol ostiga olayotganlar ko‘p.

Samarqandlik jurnalist va bloger Toshpo‘lat Rahmatullayev 26 - iyul kuni o‘zining Feysbuk sahifasida deyarli har kuni kovid tufayli vafot etayotgan hamshaharlarining janozasida qatnashayotgani haqida yozdi.

“Mamlakat bo‘yicha o‘lim 5-7 kishini tashkil etayotganligi haqidagi xabarga qanday munosabat bildirishni ham bilmaysan kishi. Ikki kun avval Bog‘imaydon mahallamizda 61 yoshli erkak, bugun Qir mahallasining Toshloq guzarida 59 yoshli va Xoja Doniyor mahallasida 58 yoshli erkakning janozasi o‘qildi”.

O‘z postida bloger, Kovid oqibatlari haqida, o‘lim holatlari to‘g‘risida bor haqiqatni oshkor etsak, kasallar qanchalik azob chekayotganligini ochiq ko‘rsatsak, balki shular odamlarimizga ta’sir etib, karantin talablariga rioya etadigan bo‘lishar?

Hozir odamlarga koronavirusdan saqlanish muhimligi haqida gapirsangiz, “qo‘ying-e, yo‘llarimizda kuniga o‘rtacha besh kishi o‘lmoqda, bu kasallik uncha dahshatli emas” degan javobni olasiz. Shu sababli kovid bilan bog‘liq bor statistika oshkor bo‘lmog‘i lozim”, deya qo‘shimcha qiladi samarqandlik mustaqil jurnalist.

O‘zbekistonlik yana bir bloger Lobar Tursunqulova ham koronavirus bo‘yicha berilayotgan rasmiy raqamlar haqiqiy voqe’likni aks ettirishini savol ostiga oladi: “Koronavirus bo‘yicha davlat statistikasiga ishonish kerakmi yoki har kuni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rayotgan reallikkami?, - deydi bloger.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 - yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatda ja’mi 79,7 mingta o‘lim qayd etilgan.

Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 7 foizga ko‘proq.

Lekin qo‘mita hisobotida o‘lim holatlarining qanchasi koronavirus bilan bog‘liqligi haqida aytilmagan.

XS
SM
MD
LG