Линклар

Шошилинч хабар
21 июн 2021, Тошкент вақти: 10:58

Koronavirus pandemiyasi chekinyaptimi?


Rossiyada virusologlar COVID-19 ning hindiy mutatsiyasini aniqlaganlaricha yo‘q. Mazkur shtamm Ulyanovsk universitetining kasallangan hind talabalarida ham qayd etilmadi. Shunga qaramay so‘nggi haftada Moskva hamda Sankt-Peterburgda “koronavirus” tashxisi bilan ishfoxonaga yotqizilganlar soni ortishi kuzatilmoqdaki, bu may ta’tilidan so‘ng mamlakatda epidemilogik vaziyat yomonlashganini bildiradi.

Hindiy mutatsiya nafaqat tez tarqalishi, balki asoratlari og‘irligi bilan ham xavflidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) ko‘ra, B.1.617 mutatsiyasi dunyoning 49 mamlakatida aniqlangan va qolganlariga ham yoyilishi mumkin.

JSST o‘tgan haftada, pandemiya global ko‘lamda tobora barqarorlashayotganini, ya’ni kasallanishlar soni uzoq vaqt davomida bir xilda saqlanadigan pallaga kirganini qayd etdi. Odatda pandemiya chekina boshlashi oldidan shunday bo‘ladi. Yangi kasallanish va o‘lim holatlari statistikasi ham shundan darak bermoqda. Biroq pirovardida shunday bo‘ladimi yo‘qmi – mutaxassislar va vaksinalar yetishmasligi, yangi mutatsiyalar yoyilishi xavfini nazarda tutgan holda, hozircha aniq ayta olishmayapti.

Bugungi kunda, COVID-19 bilan kasallanish oqibatida 270 mingdan ziyod odam o‘lib, so‘nggi bir oy davomida kuniga 300 mingdan ortiq yangi holat qayd etilayotgan Hindistondan tashqari ikki mintaqada – Yevropa hamda Amerikada koronavirus epidemiyasi zabtiga olmoqda.

Shu bilan birga, JSST rahbari Tedros Gebreisusga ko‘ra, butun jahonda “yuqori plato” – kunlik yangi kasallanish holatlari (haftasiga 5 milliondan ortiq) hamda o‘lim holatlari (o‘tgan haftada – 90 ming nafar) barqarorligi kuzatilmoqda. Biroq ushbu raqamlar, garchi o‘sish bo‘lmasa-da, “yo‘l qo‘yib bo‘lmas darajada katta”, deya ta’kidlagan JSST rahbari.

Ramazon hayiti bayramida pokistonlik ayollar duo qilmoqda
Ramazon hayiti bayramida pokistonlik ayollar duo qilmoqda

COVID-19 bemorlarining umumiy adadi may oyi o‘rtalariga kelib 160 million nafardan oshib ketdi, o‘limlar soni esa pandemiya boshlanganidan beri 3.5 million kishiga etayozgan.

Yangi mutatsiya

Yaqindagina, qish o‘rtalarida koronavirusning britancha va Janubiy Afrika shtammlari eng ko‘p xavf tug‘dirar edi.

Hindiy shtamm haqida mutaxassislar hali juda oz narsa biladi. Ularning aksariyati emlash insonlarni zarur darajada himoyalaydi, deb o‘ylayapti, biroq kasallanganlarda o‘zgacha holat ko‘rinmoqda. Hindiy mutatsiya nafaqat nafas olish a’zolarini, balki me’da-ichak yo‘llari va buyrakni ham shikastlaydi. Bemorlarda og‘ir intoksikatsiya kuzatilmoqda, ayrim hollarda bemorlarning ko‘rish qobiliyatidan ayrilishi xavfi mavjud.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftada dunyoda ro‘yxatga olingan barcha yangi kasallanish holatlarining qariyb yarmida, COVID-19 sababli o‘limlarning 30 foizida aynan hindiy shtamm aybdor.

Virusning yangi turini kasallikni boshidan kechirganlar ham, vaksina bilan emlanganlar ham yuqtirishi mumkin. Ikkinchi holatda vaksina harqalay asoratlardan saqlaydi.

Hindiy shtamm oqibatlari manzarasi

Ayni paytda Hindiston o‘tgan yilning bahorida Italiyada kuzatilgan vaziyatni kechirmoqda: shifoxonalar, o‘likxonalar, krematoriylar bemor va murdalarga to‘la. Dunyo bo‘yicha koronavirusdan o‘layotganlarning har uchinchisi hindistonlikdir. Kasallik yuqtirish avjiga chiqqan pallada kuniga 400 mingdan ortiq, so‘nggi kunlarda esa 300 mingdan ziyod yangi holat xatga olingan edi.

Virus jo‘g‘rofiyasining kengayayotgani xavotirlarni orttiradi: shu paytga qadar yangi holatlar asosan bemorlarni davolash uchun yaxshiroq shart-sharoitga ega katta shaharlarga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozirda virus sog‘liqni saqlash tizimi inqirozga yomon tayyorlangan hududlarga – qishloqlarga ham yoyildi.

Hindistondagi rasmiy statistikaga boqsangiz, bir qarashda vahimaga sabab yo‘qdek tuyulishi mumkin. Chunki yangi holatlar sonining ming nafar aholiga nisbati Yevroittifoq hududida kasallanish darajasi eng yuqori bo‘lgan Chexiyaniki bilan deyarli bir xil. Biroq rasmiy raqamlar sog‘liqni saqlash tizimidagi chinakam ahvolni aks ettirmaydi.

Hindistonda o‘lim ko‘pligi ming nafar aholiga atigi 0.5 ta kasalxona koykasi to‘g‘ri kelishi bilan izohlanadi. Qiyoslash uchun, Rossiyada bu raqam 13 karra yuqori. Ammo COVID-19 tufayli yuz berayotgan o‘limlar soni Hindiston bilan Rossiyada taxminan bir xil: mos ravishda 270 ming va 250 mingdan ortiq (aprel oyi oxirlaridagi ma’lumot).

JSST Hindiston kasalxonalari uchun testlar, kislorod apparatlari va boshqa zarur jihozlar sotib olish uchun pul to‘plash kampaniyasi boshlanganini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG