Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:06

Kosonlik o‘qituvchilar uyma-uy yurib, yoshlar va ayollar ahvolini o‘rganishga majburlanmoqda


Koson tumanidagi qishloq ko‘chasi- 2020 - yil, 7 - dekabr
Koson tumanidagi qishloq ko‘chasi- 2020 - yil, 7 - dekabr

Qashqadaryoning Koson tumanidagi maktablar o‘qituvchilarining bir qismi qariyb bir oydan buyon “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”ni to‘ldirish ishiga majburan jalb etilmoqda.

Tuman rasmiylari “daftarlar”ni to‘ldirishga o‘qituvchilar jalb etilayotganini inkor etishga urindi.

O‘qituvchilar hamda tibbiyot xodimlari majburlanayotgan ishlar mamlakat prezidentining 2020 - yil, 18 - fevraldagi farmoniga binoan fuqarolar yig‘inlari raislariga tayinlangan o‘rinbosarlarning bevosita xizmat vazifasidir.

Kosonda maktab o‘qituvchilari va boshqa texnik xodimlar “aholi xatloviga” jalb etilgani to‘g‘risidagi dastlabki xabar tumandagi maktablardan birida laborant bo‘lib ishlaydigan ayoldan keldi.

Ishdan haydalishidan ko‘ra, turmush o‘rtog‘idan gap eshitib qolishidan ko‘proq qo‘rqayotgani uchun ismi aytilmasligini so‘ragan ayolning 7 - dekabr kuni Ozodlikka aytishicha, u maktabda laborant lavozimida 0,3 stavkada ishlaydi va 180 ming so‘m (taqriban $18) oylik oladi.

“24 kundan beri ko‘chama-ko‘cha yuribman. Xonadonlarga kiramiz. Birimiz pasport ma’lumotlarni yozamiz. Yana birimiz yoshlar bilan gaplashadi. Ishlimi, ishsizmi, so‘raydi. Boshqasi ayollar bilan gaplashadi. Ularning bo‘yini, vaznini, ko‘kragini, qornini hamshira o‘lchaydi. Tadbirkorlik qilmaysizmi, ishlamaysizmi, deb so‘raymiz. "Ishlayman, ish topib bering", deyishadi. Nima deyishimizni bilmay mulzam bo‘lamiz...”

Kosonlik o‘qituvchilar uyma-uy yurib, to‘ldirayotgan so‘rovnoma.
Kosonlik o‘qituvchilar uyma-uy yurib, to‘ldirayotgan so‘rovnoma.

Laborant ayolning aytishicha, turli soha vakillaridan iborat guruh xonadonlarda so‘rovnoma ham to‘ldiradi. Bu ishlar dam olish kunlari ham to‘xtamayapti.

“Xatlovga, asosan, menga o‘xshagan laborantlar, Yoshlar ittifoqi yetakchilari, ma’naviyat va chaqiruvgacha yoshlarni tayyorlash o‘qituvchilari, hatto ba’zi maktablar direktorlari ham qatnashyapti”, -dedi laborant.

Ozodlik laborant aytgan direktorlardan biri - 52- maktab rahbari Halima Sattorova bilan 7 - dekabrda gaplashdi. Aytishicha, u ayni paytda tuman kengashi deputati hamdir.

Kosonlik o‘qituvchilar uyma-uy yurib, xonadon egalariga shu ro‘yxatdagi kasb-hunarlardan birini tanlab shug‘ullanishni taklif qilishi kerak.
Kosonlik o‘qituvchilar uyma-uy yurib, xonadon egalariga shu ro‘yxatdagi kasb-hunarlardan birini tanlab shug‘ullanishni taklif qilishi kerak.

“11 kun bo‘ldi xonadonma-xonadon yurganimga. Har kuni ertalab maktabga birrov borib, imzolashim, muhr bosishim kerak bo‘lgan ishlarni bajarib, keyin kelaman bu ishga. Ayni shu soatda maktabdaman. Birozdan keyin ketaman xatlovga. Kecha, 6 - dekabr, yakshanba kuni 39 ta xonadonga kirdik”, - dedi maktab direktori. Uning aytishicha, guruh tarkibidagi rahbar xodimlarning har kun kechqurun soat 7 dan 11 gacha, ba’zida esa 12 gacha vaqti hokimiyatda majlisda o‘tadi:

“Yig‘ilish o‘zi 1, 1,5 soatgina bo‘ladi. Lekin biz majlis boshlanishini kutib o‘tirishga majburmiz”.

Kosonlik o‘qituvchilar uyma-uy yurib, to‘ldirayotgan so‘rovnomaning bir beti.
Kosonlik o‘qituvchilar uyma-uy yurib, to‘ldirayotgan so‘rovnomaning bir beti.

Direktorning aytishicha, ba’zida hokimning o‘zi, ko‘pincha hokim muovini Ubaydullo Ochilov o‘tkazadigan yig‘ilishlarda faqat bir masala – o‘tkazilayotgan xatlov bo‘yicha hisobot eshitiladi:

“Har kuni bir gap: masalalaring bahorgacha hal bo‘ladi, deb aytinglar xalqqa, hokimlikka arz qilib kelmasinlar, deyishadi”.

Koson tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov 7 - dekabrda Ozodlik savollariga javob berarkan, u yoshlar xatloviga, Xotin-qizlar bo‘limi esa, ayollar xatloviga mas’ul ekanligini aytdi. Muovinning aytishicha, xatlovni MFY raislarining tadbirkorlik bo‘yicha o‘rinbosarlari, sektorlar shtablari a’zolari o‘tkazyapti. "O‘qituvchilar ham jalb etilganmi bu ishga", degan savolga hokim muovini bunday javob berdi:

“Yo‘q, yo‘q, bunga o‘qituvchilarni aralashtirmaymiz, ular o‘z ishlarini qilaversin”.

Hokim muovinining aytishicha, yoshi 30 gacha bo‘lgan erkaklar va 0 yoshdan 100 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar o‘rganilmoqda. Muovin gap orasida xatlovga tibbiyot xodimlari ham jalb etilganini tan oldi.

Tumandagi yana bir maktabda texnik xodim bo‘lib ishlaydigan, pedagogik ma’lumoti o‘rta-maxsus bo‘lgani sababli dars o‘tishga haqsiz, ish haqiga biroz qo‘shilsin uchun 5- sinfga rahbarlik qilayotgan ayol 7 - dekabrda Ozodlikka Ubaydullo Ochilov uning direktoriga o‘qituvchilarni xatlovga chiqarishni telefon orqali buyurganini shaxsan eshitganini, o‘zi 11 - noyabrdan buyon xatlovda yurganini bildirdi. Bu o‘qituvchining aytishicha, u ishlaydigan maktabda 70 ga yaqin o‘qituvchi, 20 ga yaqin texnik xodim ishlaydi. U xatlovga chiqqan va shu kunda chiqayotgan 10 dan o‘qituvchining ism-familiyalarini aytib berdi.

Koson tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Soib Davidov o‘qituvchilarning xatlovga jalb etilayotganiga oid savolni oxirigacha eshitmayoq “bizda bunday holat yo‘q!” deb kesdi. Boshqa savollarga “xat bilan murojaat qiling, xat bilan javob beraman”, dedi.

Xo‘sh, bu ishni kim qilishi kerak?

Ozodlikning “Sizlar qatnashayotgan xatlov, balki chindan ham muhim ishdir. Biroq bu ishni qilsangiz, o‘z ishingiz qolib ketadi. Xatlov o‘tkazish bilan kim shug‘ullanishi kerak, deb o‘ylaysiz”, degan savoliga kosonlik o‘qituvchilar javob berolmadi.

Savol javobi O‘zbekiston prezidentining 2020 - yil, 18 - fevraldagi farmonida mavjud. Farmonga binoan, fuqarolar yig‘ini raisining:

  • oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari;
  • obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
  • oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis lavozimlari joriy etilgan.

Farmonga 3-ilovada bu o‘rinbosarlar va mutaxassisga 2020 - yil, 1 - martdan boshlab davlat byudjeti hisobidan qancha ish haqi to‘lanishi belgilab qo‘yilgan.

Maqola yozilayotgan paytda 52-maktab direktori Halima Sattorova Ozodlik bilan aloqaga chiqdi. Aytishicha, u bugun kun bo‘yi xatlovda yurib, yana hokimlikka yig‘ilishga borgan.

“Borsam, yig‘ilish boshlanib qolgan, majlisni yana Ubaydullo Ochilov o‘tkazayotgan ekan. O‘rinbosarning aytishicha, xatlov yangi yilgacha davom etar emish. Charchadik”, - dedi maktab direktori.

Maktab ostonasidan boshlanadigan... O‘zbekiston

“Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda", deyiladi prezident Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan mamlakat xalqiga 7 - dekabrda yo‘llagan tabrigida.

Bundan avval Ozodlikka Namangan, Andijon va Samarqand viloyatidagi o‘qituvchilardan ayni mazmundagi shikoyatlar kelib tushgan. Xususan, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida o‘qituvchilarning uyma-uy yurib, aholini ro‘yxatga olishga majburlanayotganliklari haqidagi murojaatlari ortidan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maxsus bayonot bilan chiqqan edi. Vazir paxtachilik o‘qituvchilarning Ozodlikka shikoyati ilova qilingan bayonotida ayrim hokimlarni "prezident siyosatiga xiyonat"da ayblagandi.

"Bunday holatlarni, nafaqat Prezident siyosatiga xiyonat, balki ataylab Davlat Rahbarini imidjini diskreditatsiya qilishga harakat deb baholash kerak va har bir bunday holat bo‘yicha joylardagi mutasaddilarni kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortishgacha olib borish zarur deb hisoblaymiz.

Hurmatli hokimlar va sektor rahbarlaridan xalq ta’limi tizimi xodimlarini faqat ta’lim sifati bo‘yicha ishlashlariga sharoit yaratishda yordam berishingizni so‘raymiz! Yordam berishga imkoniyatingiz bo‘lmasa, iltimos, juda bo‘lmasa xalaqit qilmang!", deb yozgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 5 - noyabr kuni o‘zining Feysbukdagi rasmiy sahifasida.

XS
SM
MD
LG