Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:41

“Krokus”dagi teraktda ayblanganlarning hibs muddati uzaytirildi


Teraktda ayblanganlardan biri Muhammadsobir Fayzov sud zalida, 2024-yil, 16-may
Teraktda ayblanganlardan biri Muhammadsobir Fayzov sud zalida, 2024-yil, 16-may

Moskvaning Basmanniy tuman sudi 16-may kuni tergov iltimosnomasiga ko‘ra “Krokus Siti Xoll” konsert zalidagi terror xurujiga oid jinoyat ishi bo‘yicha to‘rt ayblanuvchining hibs muddatini uzaytirdi, deya xabar qildi Ozodlikning rus xizmati. Bu to‘rtovlonni tergov jinoyat ijrochisi, deb hisoblaydi.

Sudya qaroriga muvofiq, Muhammadsobir Fayzov, Dalerjon Mirzoyeva, Murodali Rajabalizoda va Shamsidin Fariduniyning hibs muddati 22-avgustgacha uzaytirilgan. Tojikiston fuqarolari bo‘lgan bu kishilar sudga mahkum kiyimida va qo‘l-oyoqlariga kishan urilgan holda olib kelingan.

“Interfaks” qaydicha, sud majlislarining to‘rtovi ham tergov iltimosnomasiga ko‘ra yopiq eshiklar ortidan o‘tkazilgan, bu esa tergov sirini saqlash va jarayon ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan bog‘langan.

Shu kunning o‘zida sud yana to‘rt ayblanuvchi — Nazrimad Lutfulloi, Jumaxon Qurbonov, Yoqubjon Yusufzoda va Muhammad Sharipzodaning ham hibs muddatini uzaytirish haqida qaror chiqargan.

“Krokus”dagi terror xuruji 2024-yilning 22-mart kuni sodir bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa chog‘ida kamida 144 kishi qurbon bo‘lgan. Odamlarning bir qismini hujumchilar otib tashlagan, ko‘pchilik esa yong‘in chog‘ida halok bo‘lgan.

Hujum uchun mas’uliyatni terror guruhi o‘laroq tan olingan “Islom davlati” o‘z zimmasiga olgan. Terakt aynan shu guruh vakillari tomonidan tashkil etilganiga AQSH va G‘arbdagi boshqa mamlakatlar ham amin. Rossiya tomoni terakt ijrochilari ortidan Ukraina turgan bo‘lishi mumkinligini iddao qilmoqda. Kiyev barcha ayblovlarni qat’iyan rad etib keladi.

Teraktning muhtamal ijrochilari qo‘lga olish va so‘roq paytida katta ehtimol bilan qiynoqqa duchor etilgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG