Линклар

Шошилинч хабар
28 май 2024, Тошкент вақти: 19:12

"Krokus"dan so‘ng: Moskvada Hayit namozi kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tdi


Moskvaning markaziy jome’ masjidida Ramazon Hayiti namozi. 10-aprel, 2024-yil.
Moskvaning markaziy jome’ masjidida Ramazon Hayiti namozi. 10-aprel, 2024-yil.

Rossiyada musulmonlar "Krokus Siti Xoll" konsert zaliga uyushtirilgan hujumdan buyon ilk bor yirik jamoat namozini ado etishdi. Moskvadagi Hayit namozi kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tdi.

“Hozir teraktdan keyin qo‘rquv bo‘ladi. Lekin bu yerga kelish - dinimiz buyurgan narsa. Allohga tavakkal qilib keldik”, deydi Moskvadagi markaziy jome’ masjidiga Hayit namozini ado etish uchun kelgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri.

"Allohning uyi bu. O‘zi saqlayman, desa saqlaydi. Ko‘pchilik xavotir oldi, masjidga bormanglar deyishdi. Lekin baribir keldik", deydi boshqa bir migrant.

Tong sahardan Moskvadagi jome masjidiga odamlar hayit namozini o‘qish uchun oqib kela boshladi.

Migrantlarga qarshi kayfiyat va xavfsizlik choralariga qaramasdan minglab markaziy osiyolik muhojirlari Hayiti namozini masjidlarda ado etishdi. Moskva, 10-aprel, 2024-yil.
Migrantlarga qarshi kayfiyat va xavfsizlik choralariga qaramasdan minglab markaziy osiyolik muhojirlari Hayiti namozini masjidlarda ado etishdi. Moskva, 10-aprel, 2024-yil.

Ramazon Hayiti arafasida Telegram kanallarida go‘yoki hukumat qarori ekani aytilgan hujjat tarqaldi, unda Moskvadagi musulmonlarga Hayit namozini uyda o‘qish, xutbani esa onlayn tomosha qilish tavsiya qilingan edi. Biroq keyinchalik bu inkor qilinib, Hayit namozini masjidlarda o‘qishga taqiq yo‘qligi ma’lum qilindi.

"Xudoga shukur, kelib namoz o‘qidik. Hech kim hech narsa demadi. Hammasi joyida", deydi o‘zini Bahodir deb tanishtirgan namozxon.

Moskvadagi har bir masjidda namozxonlar metall izlovchi qurilmalar orqali o‘tkazildi. O‘tgan yillarga nisbatan bu yil masjidlar oldidagi politsiya xodimlari sezilarli tarzda ko‘p bo‘ldi.

“Nazorat kuchaytirilishini aytishdi, lekin biz qo‘rqmadik. Biz faqat Allohdan qo‘rqamiz. Bu eng asosiysi”, deydi Hayit namozini ado etgan yana bir mehnat muhojiri.

Rossiya tergov idoralari "Krokus"dagi teraktdan so‘ng dastlab to‘rt nafar tojikistonlikka nisbatan ayblov e’lon qildi,keyin esa yana yetti nafar shaxs sheriklikda gumonlanib hibsga olindi.

Hujum Rossiya bo‘ylab muhojirlarga qarshi kayfiyatni kuchaytirdi. Rus qonunchilari tomonidan migratsiyani cheklashga doir qator takliflar yangradi. Rossiya iqtisodiyoti muhojirlarga qattiq bog‘langan. Ularning aksariyatini Markaziy Osiyoliklar jumladan Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston fuqarolari tashkil qiladi.

Rossiya OAVlari qonli hujumdan keyin hukumat muhojirlar ustidan nazoratni kuchaytirgani haqida yozmoqda.

"Bir-ikki kishini deb hamma jabr ko‘rishi to‘g‘ri emas. Hammamizga iymon va insof bersin. Hammamiz o‘zimizga ehtiyot bo‘laylik. Pul topish uchun kelganmiz. To‘g‘ri yo‘lda yurib, ishlab ketish hammamizga nasib qilsin", deydi Mahmud ismli mehnat muhojiri.

Rossiya Muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynutdin.
Rossiya Muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynutdin.

Rossiya Muftiylar kengashi raisi Ravil Gaynutdin “Krokus”da sodir etilgan teraktga to‘xtalib, musulmonlar va Rossiya bir-biriga qarama-qarshi bo‘lmasligini aytdi.

«Mamlakatimiz prezidenti Vladimir Vladimirovich Putin ta’kidlaganidek, terrorizmning millati ham, dini ham yo‘q. Biz barchani tahdidga qarshi, Islom olami bilan do‘stligimizni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan qora kuchlarga qarshi birlashishga chaqiramiz”, dedi Ravil Gaynutdin.

Bastrikinning g‘alati bayonoti

Rossiyada markaziy osiyolik muhojirlar bosim ostida qolayotgan bir paytda Rossiya Tergov qo‘mitasi go‘yoki mehnat migrantlarining rossiyaliklarga hujum qilishi holatlari tobora ortayotgani, Markaziy Osiyodan migrantlarni olib kelishga iqtisodiy ehtiyoj yo‘qligini urg‘uladi.

Qo‘mita raisi Aleksandr Bastrikinga ko‘ra, Rossiya Markaziy Osiyodan keluvchi migrantlarni ommaviy qabul qilayotgani O‘zbekiston prokuraturasidagi hamkasblarini "ajablantirgan". Bu haqda u Peterburgda bo‘lib o‘tgan XI Xalqaro yuridik forumda gapirgan.

“Migratsiyaga oid ayrim masalalarni muhokama qilib, rasmiy hujjatlar imzolash uchun borganimizda O‘zbekiston prokuraturasidagi hamkasblarimiz bizning bu sohadagi siyosatimizdan taajjubda ekanini bildik. “Ularni [migrantlarni] nima qilasizlar? Shu yerda ham hech kimga keraksiz odamlar-ku! Sizlar esa ularni qabul qilib, fuqarolik beryapsiz!”, deb aytishdi", dedi Bastrikin.

O‘zbekiston rasmiylari Bastrikining bayonotini sharhlagani yo‘q.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin.

Ramazon Hayiti arafasida Rossiya Tergov qo‘mitasi Krokusdagi teraktni tayyorlashda Ukraina razvedkasi ishtirok etganini ko‘rsatuvchi muhim dalillar borligini iddao qildi.

22-mart kuni Crocus City Hall konsert zalida sodir etilgan otishma va undan keyingi yong‘in natijasida 144 kishi halok bo‘lgan va yana 551 kishi yaralangan edi.

Tergov qo‘mitasi qurbonlarning shaxsini aniqlashda davom etmoqda, deyiladi rasmiy bayonotda.

Hujum uchun javobgarlikni “Islom davlati” terrorchi guruhi o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa-da, Rossiya hukumati ushbu voqealarda “Ukrainaning qo‘li” borligini iddao qilib kelmoqda.

Avvalroq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati 11 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgani, ulardan to‘rt nafari hujumni bevosita amalga oshirganini ma’lum qilgan.

Крокусдан сўнг: Россиядаги ўзбек мигрантлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:37 0:00

To‘rt ayblanuvchining barchasi qo‘lga olish chog‘ida va undan keyin jismoniy zo‘ravonlikka va, katta ehtimol bilan, qiynoqlarga duchor bo‘lgan. Xususan, bir mahbusning qulog‘ining bir bo‘lagi kesib olingan, yana biri esa, Rossiya hukumatparast Telegram-kanallar tarqatgan fotosuratlarga qaraganda, elektr toki bilan qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkin.

“Krokus”dagi qonli terror hujumidan so‘ng ko‘plab davlatlarda aksilterror reydlari o‘tkazildi. 9-aprel kuni Italiyada “Islom davlati” radikal guruhiga a’zolik gumoni bilan 32 yoshli Tojikiston fuqarosi Ilhom Sayrahmonzoda qo‘lga olingan.

XS
SM
MD
LG