Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:28

“Krokus” ishi bo‘yicha yana bir gumonlanuvchi qo‘lga olindi


Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva yaqinidagi “Krokus Siti xoll” konsert zaliga hujumga oid ish bo‘yicha yana bir gumonlanuvchi qo‘lga olingani haqida ma’lumot tarqatdi. Qo‘mita qo‘lga olingan shaxs hujumning muhtamal ijrochilarini moliyalashtirish sxemasida ishtirok etganini bildirgan.

Tergov qo‘mitasi yangi gumonlanuvchining hibsga olinishi haqida sudga iltimosnoma kiritishini ma’lum qilgan. Bunga oid boshqa hech qanaqa tafsilot keltirilmagan.

Shu bilan birgalikda, Rossiya Tergov qo‘mitasi “Krokus Siti xoll”ga hujum uyushtirganlar ukrain millatchilari bilan aloqada bo‘lganiga oid dalillarni qo‘lga kiritganini iddao qilgan.

“Tergov tasarrufida terakt ijrochilariga Ukrainadan sezilarli miqdorda pul mablag‘lari va kriptovalyuta kelgani, ular jinoyatga tayyorgarlik ko‘rishda ishlatilgani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar bor”, deya iddao qilingan qo‘mita xabarnomasida.

Qayd etilishicha, mazkur dalillarga qo‘lga olinganlardan musodara etilgan texnik vositalarni o‘rganish jarayonida va ularning moliyaviy operatsiyalarni tahlil qilish orqali erishilgan. Tergov qo‘mitasi bunga doir hech qanday qo‘shimcha ma’lumot taqdim etmagan.

Avvalroq “Krokus Siti xoll”ga hujumga aloqadorligi aytilayotgan 12 kishi ushlangani, ulardan sakkiz nafari hibsga olingani haqida xabar qilingan edi.

Konsert zaliga 22-mart oqshomida uyushtirilgan qurolli hujum natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 143 kishi halok bo‘lgan. Hujum uchun mas’uliyatni “Islom davlati” terror tashkilotining Afg‘onistondagi qanoti o‘z zimmasiga olgan. U hujumchilardan biri ustida bo‘lgan kamera vositasida tasvirga olingan hujum videosini yoyinlagan.

Mazkur hujumga Ukrainaning aloqasi borligi haqida avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin bayonot tarqatgan edi. Unga ko‘ra, tergovda bu taxminni tasdiqlovchi dalil yo‘q edi. Bloomberg agentligi o‘z manbalari so‘zlariga tayangan holda, mazkur taxminga prezident atrofidagi odamlar ham ishonmayotgani haqida yozib chiqqan. Kiyev “Krokus Siti xoll”ga hujumga hech qanaqa aloqasi yo‘qligini aytmoqda.

22-mart voqealari ortidan Rossiyada terrorchilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Tergov qo‘mitasining hujumda Ukrainaning qo‘li borligiga oid bayonotidan keyin AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi bunga izoh berib, qo‘mita bayonotini “safsata va propaganda” deb atadi.

“Islom davlati” o‘tgan hafta Moskvada sodir etilgan mudhish hujum uchun yakka o‘zi javobgarligi mutlaqo ayon”, degan amerikalik mulozim.

XS
SM
MD
LG