Rossiyaning Kursk viloyati rasmiylari 22-avgust kuni jangovar harakatlar tufayli xavfli tumanlardan 133 mingdan ziyod turg‘un chiqib ketgani haqida ma’lum qilishdi. Viloyat gubernatori Aleksey Smirnovga ko‘ra, yana 19 mingdan ziyod odam o‘z uylarida qolmoqda. Bu yerda gap ko‘chirish va evakuatsiya hududiga tushgan 8 ta tuman turg‘unlari haqida bormoqda.
Ayni paytda, Smirnovning bildirishicha, rasmiylar tomonidan tashkil etilgan vaqtinchalik yashash lagerlarida uylarini tashlab ketganlarning kichik bir qismi – 12 mingdan ziyod kishi istiqomat qilmoqda. Boshqa mintaqalarga esa 3 mingdan ko‘proq turg‘un olib chiqib ketilgan. Rossiya prezidenti huzuridagi majlisda gubernator Smirnov vaqtinchalik yashash lagerlari haqida gapirar ekan, ularning soni hozirda 500 dan oshganini qayd etgan.
Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov Putin huzuridagi yig‘ilishda so‘z olar ekan, "Meduza" nashri qaydicha, boshqa raqamlarni keltirgan. Manturovga ko‘ra, xavfli tumanlardan “115 ming kishi ko‘chirilgan”, ular uchun Rossiya Federatsiyasining 29 ta subyektida vaqtincha yashash va ovqatlanish punktlari tashkil etilgan.
Bi-bi-si rus xizmati mintaqadagi vaziyatga oid 22-avgustdagi sharhida o‘tgan kecha-kunduzda front chizig‘ida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmaganini haqida yozgan. Tomonlar hududga rezervlarni jalb qilish va egallangan pozitsiyalarni mustahkamlashda davom etishgan.
Rossiya telegram-kanallari Ukraina Qurolli kuchlari Korenevo tuman markaziga hujumlarni davom ettirayotgani haqida yozmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi 22-avgust kuni rossiyalik harbiylar Kursk tomonda Ukraina armiyasining Komarovka va Malaya Loknya aholi punktlari yo‘nalishidagi hujumlarini qaytarganini bildirgan.
Ukraina armiyasining Kursk viloyatiga hujumi 6-avgustdan buyon davom etmoqda. Kiyev ayni paytda Rossiyaning ming kvadrat kilometrga yaqin hududi va o‘nlab aholi punkti Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida ekani haqida bayonot tarqatgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqindagi murojaatlaridan birida ukrainalik harbiylarning maqsadlaridan biri Rossiya hududida “bufer zonasi” tashkil qilish ekanini bildirgan.